O‘zbekiston | 07:56 / 03.11.2022
3033
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy attestatsiya komissiyasi ayrim funksiyalari ilmiy kengashlarga o‘tkaziladi

Prezidentning “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar bilan birgalikda 2023 yil 1 yanvardan boshlab oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlaydi:

  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga talabgorlar hujjatlarini qabul qilish va dissertatsiya himoyasi bilan bog‘lik bo‘lgan barcha hujjatlarni faqat dissertatsiya bajarilgan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar hamda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar o‘rtasida elektron hujjat aylanish tizimi asosida talabgor ishtirokisiz tashkil qilish;
  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar qoshidagi ilmiy seminarlarda va ilmiy kengashlarda dissertatsiyalar muhokamasida izlanuvchi bilan jonli uchrashuvni kamida 90 foizga qisqartirgan holda muhokama jarayonini to‘laligicha raqamlashtirish asosida tashkil qilish;
  • falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida hamda dotsent, katta ilmiy xodim va professor ilmiy unvonlarida tasdiqlangani haqidagi diplom va attestatlarga individual QR-kodlarni joriy qilgan holda ma’lumot beruvchi xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlar portaliga integratsiya qilish;
  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda tasdiqlangan attestatsiya ishlari monitoringi bo‘yicha yagona axborot tizimini amaliyotga joriy qilish;
  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar yagona portali orqali ilmiy kengashlar faoliyati va ilmiy kengashlar a’zolari himoya jarayonidagi faolligi elektron monitoringini yo‘lga qo‘yish.

OAK «O‘zarxiv» agentligi bilan birgalikda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda himoya qilingan dissertatsiyalar hamda oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar kengashlari tomonidan berilgan ilmiy unvonlar attestatsiya ishlari elektron arxivini shakllantiradi hamda o‘rnatilgan tartibda doimiy saqlovga topshirishni tashkil qiladi.

OAKning, jumladan quyidagi funksiyalari 2023 yil 1 yanvardan boshlab tegishliligiga ko‘ra oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar kengashlari hamda tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar vakolatiga o‘tkaziladi:

  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar va ular qoshidagi ilmiy seminarlarni tuzish, ular tarkibini va o‘zgartirishlarni tasdiqlash;
  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar asosida bir martalik ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini tasdiqlash;
  • falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari dissertatsiyalari ilmiy natijalari e’lon qilinadigan milliy va xalqaro ilmiy nashrlarda chop etiladigan maqolalarni qabul qilish (qilmaslik);
  • falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari bo‘yicha tayyorlangan dissertatsiyalarni xorijiy davlatlarda himoya qilinishiga ruxsat berish;
  •  “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy rivojlanishning ilmiy asoslari va amaliy yo‘nalishlari” fanidan maxsus imtihon qabul qilish hamda imtihonni qabul qilish komissiyasi tarkibi va imtihon dasturini tasdiqlash.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid