“Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda ularning faoliyat samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, talabgor Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida har 3 yilda 1 marotaba attestatsiyadan o‘tishi shart. Talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun Markaz direktorining buyrug‘i bilan kamida 7 kishidan iborat Attestatsiya komissiyasi tuziladi.
Komissiya attestatsiyadan o‘tish muddati kelgan talabgorlar ro‘yxatini taqdim etish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qiladi. Talabgorlarning anketa ma’lumotlari 10 kun ichida atroflicha o‘rganib chiqilib, attestatsiyadan o‘tadigan talabgorlar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Attestatsiya 2 oy ichida o‘tkazilishi belgilangan. Attestatsiya 5 ta savol hamda amaliy sinovlardan iborat og‘zaki suhbat shaklida o‘tkaziladi. Suhbat natijalari 5 ballik tizimda baholanadi.
Kamida 4 ball olgan talabgor attestatsiyadan o‘tgan deb topiladi va unga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma beriladi.










