Jahon | 18:31 / 03.11.2022
24076
3 daqiqa o‘qiladi

Pokiston sobiq bosh vaziri yaralandi, uning korteji o‘qqa tutilgan

Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon to‘piq sohasidan o‘q yedi, mamlakat shimoli-sharqidagi yirik Lahor shahridan 150 km masofada uning avtokarvonini o‘qqa tutishgan. Xon muddatdan oldingi saylovlar o‘tkazish talabi bilan poytaxt Islomobod tomon harakatlangan norozilik marshiga boshchilik qilayotgandi.

Sobiq bosh vazir partiyasi a’zolarining aytishicha, otishma oqibatida yana to‘rt kishi halok bo‘lgan.

AFP agentligi sobiq bosh vazir yordamchisi Rauf Hasanga tayanib xabar berishicha, hujum qilganlardan biri otib o‘ldirilgan. «Yana bir kishi politsiya tomonidan qo‘lga olindi», deya qo‘shimcha qilgan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘q olomon ichidan turib uzilgan.

Partiyaning yana bir faoli Asad Umar Reuters muxbiriga avtomatik quroldan o‘t ochilganini aytgan. Dawn TV ma’lumotiga ko‘ra, Imron Xonning oyog‘iga uch yoki to‘rtta o‘q tekkan.

Mahalliy nashrlariga ko‘ra, 70 yoshli siyosatchi shifoxonaga yotqizilgan, uning holati shifokorlar tomonidan xavotirli deb baholanmayapti.

«Bu unga suiqasd edi, siyosiy qotillik sodir etishga urinish bo‘ldi», degan Rauf Hasan.

Lahordan 375 kilometr masofadagi Islomobodga norozilik yurishi o‘tgan hafta juma kuni boshlangandi (bu yil davomida ikkinchisi). Butun aksiya davomida yuk mashinasi yuk konteynerini (o‘qdan zirh bilan himoyalangan) tortib kelayotgandi va har kuni Xon uning ustiga chiqib, avtokarvon yo‘nalishidagi shahar va qishloqlarda yig‘ilgan aholi uchun nutq so‘zlardi.

Bu surat ham shu kunlarda olingan. Foto: EPA

O‘tmishda taniqli kriket o‘yinchisi bo‘lgan Imron Xon 2018 yilda mamlakat rahbarligiga kelgandi. 2022 yil aprelida esa parlament ishonchsizlik votumi e’lon qilishi ortidan iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Shundan buyon Xon muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi uchun kampaniya o‘tkazib kelmoqda - hozirgi hukumat hokimiyatga saylovlarsiz kelgan va bu hukumat saylov belgilanganidek 2023 yilda o‘tkazilishini ta’kidlamoqda.

Imron Xon Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga intilgan va 24 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganida Moskvaga tashrif bilan borgandi va prezident Vladimir Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilmagandi.

Kremlga moyil bo‘lgan politologlar Pokistonni Rossiya G‘arb bilan qarama-qarshilik sharoitida sherik qidiradigan davlatlar qatoriga kiritgan.

Avgust oyida, bu vaqtga kelib Imron Xon allaqachon iste’foga chiqqandi, Pokiston Ukraina uchun sovetlar davriga mansub 122 millimetrli artilleriya o‘q-dorilari yetkazib berayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Snaryadlar yetkazib berilishida Britaniya harbiy-transport aviatsiyasi ishtirok etgan; OAV ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya betaraf mamlakatlardan Ukraina ehtiyojlari uchun sovetlar davri namunasidagi qurollar va o‘q-dorilarni faol ravishda qidirgan.

2007 yilda Pokistonda siyosiy miting chog‘ida mamlakat sobiq bosh vaziri Benazir Bxutto o‘ldirilgandi.

Mavzuga oid