Jahon | 15:34 / 04.11.2022
13088
3 daqiqa o‘qiladi

London: Rossiya dezertirlarni otish uchun «to‘siq otryadlari» tuzyapti

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, shaxsiy tarkibning ruhiy holati pastligi va jang qilishni istamasligi sababli, rus armiyasi ehtimol «to‘siq otryadlarini» joylashtirishni boshlagan. 

Foto: Ukrinform

Britaniya Mudofaa vazirligi tomonidan Twitter’da e’lon qilingan kunlik hisobotda aytilishicha, bunday bo‘linmalar o‘zlarining chekinayotgan askarlarini hujumga majburlash uchun otib tashlash bilan tahdid qilyapti va bundan avvalgi mojarolarda Rossiya kuchlari tomonidan foydalanilgan. 

Ma’lumotda gap qaysi mojarolar haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan. 

Razvedka axborotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda rus generallari armiyadagi qo‘mondonlar dezertirlarga qarshi qurol ishlatishlarini, harbiylar esa o‘lgunicha safda turib, himoyalanishini xohlayapti. 

Dezertirlarni otish taktikasi rus qo‘shinlarining sifatsizligi, ruhiy holati pastligi va intizomsizlikdan dalolat berishi mumkin, deyiladi hisobotda. 

3 noyabr kuni Rossiya ommaviy axborot vositalarida Ukrainada jang qilishdan bosh tortgan safarbar qilinganlar haqida bir nechta xabarlar chop etilgandi - barcha holatlarda ular dezertirlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qilingan. 

Gulagu.net loyihasi misol tariqasida Boguchari shahridagi 91711-sonli harbiy qismning 252-motoo‘qchilar polkiga safarbar qilingan fuqarolarning videomurojaatini keltirdi — ulardan 39 nafari bosib olingan hududlardagi jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortgan. 

Ular Rossiya chegarasigacha piyoda borganliklarini va u yerda harbiylardan ularni qismga qaytarishlarini so‘rashganini aytishdi. Biroq buning o‘rniga urushdan bosh tortganlar avtobusga mindirilib, Luhansk viloyatining bosib olingan hududiga qaytarilgan.

Shu bilan birga, ASTRA nashri Tomsk viloyatidan safarbar qilinganlar haqida ma’lumot berdi. Ular, qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin frontni tark etgan va keyin Luhansk viloyati o‘rmonlarida yashiringan. 

Ular oxirgi marta 17 oktyabr kuni aloqaga chiqishgan. Urushdan bosh tortganlar Tomsk viloyatidan Davlat dumasi deputati Tatyana Solomatinadan yordam so‘rashgan, ammo u go‘yoki «ofitserlar dezertirlar bilan ishlashdan bosh tortishini» aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid