Jahon | 11:53 / 06.02.2026
2274
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston sudi Rossiyadan qochgan dezertirga boshpana berishni rad etdi

Qozog‘iston hukumat organlari Ukrainada yaralangandan so‘ng Rossiya armiyasidan qochgan Yevgeniy Korobovga qochqin maqomini berishdan bosh tortdi. Ular erkakka RFda ta’qib tahdidi yo‘q, deb hisoblaydi.

Qozog‘istonda sud Rossiya armiyasidan qochgan sobiq harbiy xizmatchi Yevgeniy Korobovga siyosiy boshpana berishni rad etdi. Bu haqda Qozog‘iston Inson huquqlari byurosi yuristi Artur Alxastov payshanba, 5 fevral kuni ma’lum qildi.

Avvalroq Ostona shahar Bandlik va ijtimoiy himoya boshqarmasi Korobovga qochqin maqomini berishdan bosh tortgan edi. Sobiq harbiy bu qarorga sudda qarshi chiqqan, ammo sud Qozog‘iston hukumat organlari tomonini oldi va ularning xulosasiga qo‘shildi: Korobovga o‘z vatanida — Rossiyada siyosiy qarashlari va dezertirlik sababli ta’qib tahdidi yo‘q.

Alxastovning ta’kidlashicha, Korobov ham, dezertirlarni qo‘llab-quvvatlaydigan “Proshchay, orujiye!” birlashmasi ham sud qaroridan norozi va apellyatsiya berish niyatida.

Yevgeniy Korobov — RF Qurolli kuchlarining 15-motoo‘qchilar brigadasi katta leytenanti. U 2022 yil fevraldan maygacha Ukrainada bo‘lgan — Rossiya keng ko‘lamli hujumining dastlabki uch oyida. U janglarda, jumladan Kiyev atrofida ham ishtirok etgan, “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan, keyinroq esa yaralangan.

Yaralangandan keyin u frontga qaytmaslikka qaror qilib, Qozog‘istonga ketgan. Rossiyada Korobovga nisbatan dezertirlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid