Urushning yangi bosqichi boshlandi. Frontdagi vaziyat bo‘yicha asosiy savollar
RFdagi safarbarlik frontdagi vaziyatni o‘zgartira oladimi? Kiyevni bombardimon qilish va Belgorodga zarbalar berilishidan harbiy ma’no bormi? Ukraina qurolli kuchlari hujumi nima uchun to‘xtab qoldi? Quyida urushning asosiy e’tibor raqibni holdan toydirishga qaratiladigan yangi bosqichi haqida.
Urush yangi bosqichga kirdi. Frontdagi qo‘shinlar loygarchilik ichida qolgan bir paytda ikki tomon ham qishdagi qat’iy harakatlar uchun kuch to‘plamoqda. Ammo tayyorgarlik fuqarolarni safarbar qilish, ularga mashg‘ulot o‘tish va yangi bo‘linmalar tuzish bilan cheklanib qolmaydi. Havodagi ustunlik uchun kurashning navbatdagi bosqichi boshlandi (busiz urush hamisha turg‘un holatga o‘tadi). Bunga erishish uchun ukrainlar ham, ayniqsa Rossiya qo‘mondonligi raqib aviatsiyasi va havo hujumidan mudofaa tizimini muntazam ravishda harakatga keltirib, ularni ko‘proq o‘q-dori sarflashga va imkon qadar ko‘proq tashuvchilarni — samolyot va havo hujumidan mudofaa tizimi qurilmalarini yo‘qotishga majbur qilmoqda. Katta ehtimol bilan Moskva aynan shuning uchun Ukrainaning muhim infratuzilmalarini (elektr stansiyalari va elektr nimstansiyalari) bombardimon qilmoqda, chunki Ukraina bunday obektlarni himoya qilish uchun barcha vositalarni ishga solishga majbur. G‘arb bunga javoban havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishni faollashtirmoqda. Qishki va bahorgi kampaniyalar natijasi hozirgi kurashda kim ustun kelishiga bog‘liq.
Rossiyadagi safarbarlik janglar borishiga qanday ta’sir qildi?
Rossiya armiyasi uchun safarbarlik — butunlay yangi bosqich: shu vaqtgacha armiya bosqinga qadar to‘plangan kuchlar va vositalar bilan amallayotgandi. Ochiq manbalarda aniq raqamlar yo‘q, ammo aytish mumkinki, sentabrga qadar frontga kelgan «ko‘ngillilar» Rossiya armiyasidagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldira olmayotgandi. Kuzga kelib urushdan oldingi quruqlik kuchlari butunlay holdan toydi va bu RF qurolli kuchlarining mag‘lubiyatlariga olib keldi: Xarkiv oblasti sharqida og‘ir mag‘lubiyatga uchraldi, Xerson oblastida ham egallab olingan katta hududlar boy berildi. Shu tufayli Kreml safarbarlik e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Ammo Ukrainadagi Rossiya guruhini shunchaki son jihatdan oshirish (rasmiy bayonotlarga ko‘ra 300 mingdan ortiq kishi safarbar etilgan — guruh sezilarli darajada yiriklashadi) vaziyat tubdan o‘zgarishini kafolatlamaydi:
- Birinchidan, safarbar qilinganlardan hali jangovar bo‘linmalar va tuzilmalar tashkil etish kerak.
- Ikkinchidan, qismlarni qurollantirish va boshqa kerakli jihozlar bilan ta’minlash talab etiladi. Bu esa allaqachon muammoli holat: barcha safarbar qilinganlarga ham individual himoya vositalari, tibbiy to‘plamlar va hatto zamonaviy o‘qotar qurollar yetishmayapti. Katta ehtimol bilan, agar Rossiya qo‘mondonligi safarbar qilinganlardan ko‘plab yangi qo‘shinlar tashkil etishga qaror qilsa, kollektiv uchun qurollar, jangovar mashinalar va tajribali ofitserlar yetishmovchiligi ham yuzaga chiqadi. Bunday tuzilmalar (brigada va diviziyalar) ko‘p vaqt davomida jiddiy janglar uchun yaroqsiz holatda qolishi haqiqatga yaqin.
- Uchinchidan, Ukraina ham safarbarlikni davom ettirmoqda — holbuki Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, yoz oxiriga kelib armiya va boshqa harbiylashgan tuzilmalar saflariga bir millionga yaqin kishi safarbar etilgandi. Qolaversa, mamlakatda zaxiralar hali tugamaydi.
Ukraina kechagi oddiy fuqarolardan yangi jangovar qismlar shakllantirish texnologiyasini allaqachon o‘zlashtirib bo‘lgan. O‘z safarbarligining ilk davrida hozir rossiyaliklarda kuzatilayotgani kabi muammolarga to‘qnash kelgan mamlakatda yuz minglab safarbar etilganlardan o‘nlab yangi brigadalar tashkil etmaslikka qaror qilindi. Urushgacha bo‘lgan davrda faqat shtablar va texnikalar omborlaridan iborat bo‘lgan yarim tayyor brigadalar jonli kuchlar bilan to‘ldirildi (Rossiyada esa shunchaki bunaqa tayyor brigadalar yo‘q). Safarbar qilingan zaxiradagi harbiylarning katta qismi mavjud brigadalarni kuchaytirish uchun jalb etildi. Brigadalarda batalonlar soni ko‘paytirildi (jumladan fuqarolik transportida harakatlanuvchi yengil piyodalar guruhlarini tuzish orqali).
Shuningdek, Kiyev hududiy mudofaa brigadalarini shakllantirdi, ular birinchi navbatda mustaqil jangovar bo‘linmalar emas, balki armiya brigadalari uchun donorlar vazifasini o‘tadi (nazariy jihatdan RF mudofaa vazirligi bu texnologiyani takrorlashga urinib ko‘rishi mumkin, ayniqsa urushga qadar ham yetarli darajada to‘ldirilmagan Rossiya bo‘linmalari urush vaqtida katta yo‘qotishlarga uchragan holatda; aftidan, bunday bo‘linmalarning ko‘pchiligi jangovar qobiliyatini butunlay yo‘qotgan va frontda ularning o‘rni bilinmaydi).
G‘arbdan Ukrainaga yordam sifatida kelayotgan qurol-yarog‘ oqimi qurib qolishi dargumon. AQSh va NATO rahbariyati bir necha bor Ukraina urushda mag‘lub bo‘lmasligi uchun barcha ishni bajarishlarini ma’lum qilishgan va shu vaqtgacha o‘z so‘zlarida turishibdi. Natijada, katta ehtimol bilan, qishda va bahorda ham Ukraina qurolli kuchlari avvalgidek son jihatdan ustunlikka (garchi sentabrdagi kabi ulkan ustunlik bo‘lmasa-da), shuningdek, ko‘proq jangovar shay tuzilmalarga ega bo‘ladi. Rossiya qo‘shini alohida uchastkalarda o‘q otish kuchi bo‘yicha ustunlikka ega bo‘ladi (aniq harakatlanuvchi qurollar soni va ehtimol, jang maydonidagi vaziyatdan xabardorlik bo‘yicha esa ortda qoladi). Kuzda ro‘y bergan voqealar shuni ko‘rsatdiki, artilleriya bo‘yicha ustunlikning o‘zi butun frontni qamrab olish uchun yetarli emas.
Bularning barini inobatga olgan holda, Rossiya qo‘mondonligiga (Ukrainadagi qo‘shinlarni rasman general Sergey Surovikin boshqarmoqda) Ukraina armiyasi ta’minotini kesib qo‘ymasdan Rossiya bu urushda g‘alaba qozona olmasligi ayon bo‘lishi kerak.
Rossiya armiyasi nega Ukraina qurolli kuchlari ta’minotini to‘xtata olmaydi?
Ukrainani G‘arbdan uzib qo‘yish uchun yurish qilishga (Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Belarus hududidan hujum qilish orqali shunday urinish bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi) Moskvada kuch yo‘qligi ko‘rinib turibdi. Raketa zarbalari bilan ta’minotni to‘liq to‘xtatib qo‘yish esa imkonsiz: katta masofaga harakatlanuvchi raketalarni faqat statsionar (harakatsiz) nishonlarga qarshi qo‘llash mumkin. Qolaversa, ular boshqa shu kabi nishonlarga qarshi ham samarasizdir: masalan, Ukraina sharqi va g‘arbini bog‘lovchi Dnepr orqali o‘tgan ko‘priklarni vayron qilish uchun rossiyaliklar raketalariga ham aniqlik, ham jangovar kallaklar kuchi yetarli emas.
Temiryo‘llar tarkiblari va harbiy kolonnalarga zarba berish orqali yuk tashishni to‘xtatib qo‘yish uchun aviatsiya va o‘zi nishonni mustaqil qidiruvchi hamda zudlik bilan zarba beruvchi dronlar kerak bo‘ladi. Ammo Rossiya qo‘mondonligi raqib nazoratidagi hudud ichkarisida aviatsiyadan foydalanishni istamaydi – bu holda yo‘qotishlar xavfi yuqori bo‘ladi.
Shu vaqtgacha (agar urushning Rossiya havo-kosmik kuchlari Ukraina mudofaasi ichkarisiga zarbalar berishga uringan va havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushishidan katta yo‘qotishlarga uchragan dastlabki 10 kuni hisobga olinmasa) Rossiya aviatsiyasi asosan piyodalarni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanilmoqda. Shu bilan birga, bunday harakatlar u qadar samarali bo‘lmayapti: zarbalar past balandlikdan turib berilmoqda va ko‘p hollarda uzoq masofadan turib boshqarilmaydigan raketalar uchirilmoqda (qo‘lda tashib yuriluvchi zenit raketalari hujumiga yo‘liqmaslik uchun). Bunday taktika (uni ukrain aviatsiyasi ham qo‘llaydi) yo‘qotishlar kamroq bo‘lishini ta’minlaydi, ammo raqibning front ortidagi nishonlarini mustaqil aniqlab, hujum qilish imkoniyati istisno etiladi.
Natijada Ukraina qurolli kuchlari to‘siqqa uchramay, G‘arbdan qurollarni qabul qilib olishda davom etadi. Bundan tashqari, Ukraina qo‘mondonligi havodan zarbalar bo‘lishidan qo‘rqmasdan frontga qo‘shimcha kuchlar yuborishi mumkin — aynan shunday kuchlar orqali bir necha bor RF qurolli kuchlari yurishlari to‘xtatib qolindi va qarshi yurishlar amalga oshirildi.
Agar Rossiya armiyasida barchasi shunchalik yomon bo‘lsa, nima uchun Ukraina armiyasi yurishi sekinlashdi?
Ukraina qo‘shinlari harakati sekinlashishi qisman yomon ob-havo bilan bog‘liq: Xarkiv, Donetsk va Luhansk oblastlarida so‘nggi haftalarda tinimsiz yomg‘ir yog‘moqda, loygarchilik yuzaga kelgan (to‘g‘ri, bir oy oldin ukrainlarning shiddatli hujumi to‘xtab qolgan Xerson oblastida ob-havo nisbatan yaxshiroq).
Yurish sur’ati pasayishi frontga rossiyaliklarning zaxira kuchlari, jumladan safarbar qilinganlardan tarkib topgan bo‘linmalar yetib kelishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ammo, ukrainlarning hujumlari barbod bo‘lgani aks etgan videolarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari uchun asosiy muammo Rossiya armiyasining artilleriya bobidagi ustunligi bo‘lib qolmoqda.
Agar avgust va sentabr oylarida Ukraina armiyasi HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bilan rossiyaliklarning front ortidagi o‘nlab o‘q-dori omborlariga zarba berish orqali RF qurolli kuchlari ta’minotini sezilarli darajada qisqartirishga erishgan bo‘lsa, so‘nggi haftalarda bunday hujumlar kamayib ketdi. Harholda snaryadlar detonatsiyasi ro‘y berib, yonayotgan binolar aks etgan videolar kelishi deyarli to‘xtab qoldi; Rossiya qo‘mondonligi yirik o‘q-dori omborlarini ichkariroqqa ko‘chirgani yoki kichik-kichik omborlarga bo‘lib yuborgani tufayli ularni yo‘q qilish qiyinlashgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, yurish qilayotgan ukrain qismlariga artilleriya zarbalari berilayotgani aks etgan o‘nlab videolar paydo bo‘lmoqda. Bu videolar asosan Xerson oblastida Dnepr daryosining o‘ng sohilidagi hududlardan kelmoqda — bu hudud hozirda ukrainlar yurishining asosiy maqsadiga aylangan.
Rossiya qo‘shinlari ta’minotini izdan chiqarishda Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ham xalal bermoqda, bu tizimlar (u qadar samarali bo‘lmasa ham), ukrainlarning razvedkachi dronlari va raketalarini urib tushirmoqda. Shu sabab tufayli ukrain samolyotlari va vertolyotlari, shuningdek Bayraktar dronlari (bu qurollar 2020 yilda Qorabog‘dagi urushda armanlar artilleriyasiga qarshi o‘ta muvaffaqiyatli qo‘llangandi) rossiyaliklar artilleriyasiga zarba bera olmayapti.
Rossiya qo‘mondonligi vaziyatni qanday qilib o‘zgartirmoqchi? Ukrainlar-chi?
Rossiya qo‘mondonligi 10 oktyabrdan, Qrim ko‘prigidagi portlashdan ikki kun o‘tib qanotli raketalar va Eron dronlari vositasida Ukrainadagi elektr nimstansiyalari va energiya ishlab chiqarish obektlarini bombardimon qilishga kirishdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu kampaniya oldindan rejalashtirilgandi va Kerchdagi voqealar bilan bog‘liq emasdi. Nishonlar shunday tanlanmoqdaki, Ukraina qo‘mondonligi bu hujumlarni e’tiborsiz qoldira olmayapti va zarbalarni qaytarish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda aviatsiyaning katta qismi jalb etilmoqda.
Bunga qadar ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiya aviatsiyasiga zarba berish uchun pistirma taktikasidan foydalangan va o‘zi ham yo‘qotishlardan qochib qolardi: havo hujumidan mudofaa tizimlari pozitsiyalarini oshkor etib qo‘yuvchi radarlar faqat rossiyaliklar samolyotlari uchib kelayotganida yoqilardi – bu samolyotlar parvozi haqida, katta ehtimol bilan NATOdagi ittifoqchilar va maxfiy razvedka tarmog‘i oldindan xabardor qilgan. Ukraina qurolli kuchlari aviatsiyasi ham yo‘qotishlardan qochishga harakat qilgan – samolyot va vertolyotlar yaqin vaqtlargacha asosan oldingi chiziqdagi qismlarni qo‘llab-quvvatlash uchun past balandlikda harakatlantirilgan.
Rossiyaliklarning energiya tizimlariga hujum kampaniyasi boshlangach, Ukraina qurolli kuchlari taktikani o‘zgartirishga majbur bo‘ldi: obektlarni himoyalash uchun radarlar yoqilib, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirildi, aviatsiya qanotli raketalar va dronlar yo‘lini to‘sish uchun havoga ko‘tarildi. Natijada havo hujumidan mudofaa tizimlari ham, aviatsiya ham Rossiya armiyasi uchun nishonga aylandi:
- Qanotli raketalar va dronlar uchirilishi ortidan Rossiya havo-kosmik kuchlari uzoq masofaga harakatlanuvchi «havo-havo» tipidagi raketalarga ega qiruvchi samolyotlarni ham havoga ko‘tara boshladi, bunday raketalar avval deyarli ishlatilmayotgandi;
- «Lanset» va «Kub» rusumli kamikadze dronlari yoppasiga ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘ylab ishlashga kirishdi (internetda ukrainlar radari va zenit-raketa majmuasiga dronlar borib tekkani aks etgan videolar paydo bo‘ldi).
Ukraina qurolli kuchlari kampaniyaning ilk kunlaridayoq Poltava oblastida uchta qiruvchi samolyotidan ayrilgan (Ukraina rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, samolyotlardan biri yaqinida Eron Rossiyaga bergan Shahed-136 droni portlashi oqibatida halokatga uchragan). Bundan tashqari, o‘nlab dronlar va qanotli raketalarni tutib qolish uchun Ukraina armiyasi sovetlar davriga mansub havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan va zaxirasi ko‘p bo‘lmagan o‘q-dorilarini sarflab bitirayozgan.
Yakunda Ukraina hukumati G‘arbdan zudlik bilan turlicha havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishini so‘rab murojaat qildi. NATO bu borada tizimli yordam va’da qildi (gap Ukrainaning eshelonli havo hujumidan mudofaa tizimlarini noldan barpo etish haqida ketmoqda). Ammo bunday yetkazmalar chindan amalga oshishida murakkabliklar kutilmoqda: alyans mamlakatlarida an’anaga ko‘ra havo hujumidan mudofaa tizimi aviatsiyaga asoslangan, Ukrainaga esa hozircha samolyotlar yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilmagan. G‘arbda raketa tizimlari ko‘p emas, ularning eng zamonaviylaridan biri — Amerika ishlab chiqargan Patriot zenit raketa majmuasidir — hozircha bunday tizim Kiyevga yetkazib berilmagan. Tizimlar dunyo bo‘ylab bittalab yig‘iladi: NATOning har bir a’zosi o‘z imkoniyatiga qarab yordam ko‘rsatadi. Tizimlarning bir qismini hali endi ishlab chiqarish kerak; omborlarda saqlanayotgan eskirgan tizimlarni olib chiqish ham mumkin (masalan, Patriot’ning o‘tmishdoshi hisoblangan — Hawk zenit raketa majmuasi). Shunday ekan, Rossiya qo‘mondonligi ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimiga qarshi kurashga urg‘u qaratishi ma’nosiz emas: G‘arb ishdan chiqarilgan tizimlar o‘rnini tezda to‘ldirishga qiynaladi.
O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi vaqtlarda rossiyaliklarning shunday taktikasini qo‘llay boshlagandi. Yoz oxirida ular AQShdan HARM rusumli yuqori tezlikdagi radarga qarshi raketalarini (samolyotdan uchiriladi va uzoq masofaga harakatlanadi) qabul qilib olgandi; ular Ukraina qurolli kuchlaridagi Su-27 va MiG-29 samolyotlaridan uchirishga moslashtirilgan. Bu raketalardan HIMARS tizimi raketalari bilan bir vaqtda foydalanilmoqda. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari HIMARS zarbalarini to‘sishga urinayotganida, ularning o‘zi HARM raketalari nishoniga aylanadi. O‘tgan vaqt ichida rossiyaliklarning bir qancha havo hujumidan mudofaa tizimlari va radarlari yakson etilganini tasdiqlovchi tasvirlar paydo bo‘lgan (jumladan Belgorod aeroportida). Katta ehtimol bilan muvaffaqiyatli zarbalarning aksari omma e’tiboridan chetda qolgan.
Ikki kampaniyaning ham maqsadi bir — hech bo‘lmaganda ayrim hududlarda havoda ustunlikka erishish uchun raqibning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilish, keyin esa aviatsiya (yoki zarbdor dronlar)dan raqib artilleriyasiga zarbalar berish va uning mudofaasi ichkarisiga yorib kirish. Ammo urushuvchi tomonlarning hech biri raqibining tizimlarini qisqa vaqt ichida va ommaviy tarzda yakson qilishga qodir emas. Shunday ekan, katta ehtimol bilan, havodagi ustunlik uchun kurash (avval frontda bo‘lgani kabi) holdan toydiruvchi urush xarakteriga ega bo‘ladi.
Barchasi nima bilan yakunlanishi mumkin?
Ko‘rinib turibdiki, urush yaqin kelajakda tomonlar murosaga kelishi bilan yakunlanmaydi: Kremlning murosa haqidagi tasavvurlari (Ukraina katta hududlaridan voz kechishi) Kiyevni ham, G‘arbdagi siyosatchilarning ko‘pchiligini ham mutlaqo qoniqtirmaydi. Bundan tashqari, Ukraina hukumati hozirda umuman yon berish kayfiyatida emas. Katta ehtimol bilan, ular Rossiya hukumatining tashkiliy qobiliyatini juda past baholashadi va Rossiyadagi safarbarlik raqibga muvaffaqiyat keltirmasligiga ishonadi.
Strategik bombardimonlar Kiyevning pozitsiyasini o‘zgartirishi dargumon: infratuzilmalarga zarbalar himoyalanuvchi tomonning qarshilik ko‘rsatishga bo‘lgan irodasini sindirishi kam uchraydigan holat; Ukrainaning harbiy-texnik salohiyati esa deyarli butunlay mamlakatdan tashqarida joylashgan. O‘z navbatida Kreml safarbarlik muvaffaqiyat keltirmasligiga amin bo‘lsa (ham harbiy, ham iqtisodiy tomondan) ham, Ukraina hududlari rasman annexia qilingani tufayli endi urushni tugatish uchun bosib olingan hududlarni ochiqchasiga «savdo qila olmaydi».
Shuning uchun Rossiya qo‘mondonligi agar g‘alaba bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda «kichik maqsadlar» — egallangan hududlarda qolishni uddalash uchun o‘zida qolgan ustunliklardan (masalan, ko‘p sonli aviatsiya, ko‘proq zarba berish vositalari va uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar ko‘pligi) foydalanishga harakat qiladi. Kremldagilarga (yoki Kiyev va G‘arbga, lekin buning ehtimoli pastroq) to‘liq harbiy mag‘lubiyat xavfi yaqqol ko‘rinmas ekan, urush davom etadi — faqat uning shakllari va strategiyalari o‘zgaradi.
Mavzuga oid
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024