Jahon | 07:52 / 08.11.2022
7287
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina beshta strategik ahamiyatga ega kompaniyani milliylashtirdi

Ukraina hukumati tomonidan milliylashtirilgan korxonalar orasida kollaboratsionizmda ayblanayotgan Igor Kolomoyskiy va Vyacheslav Boguslayevning firmalari bor.

Foto: ukrnafta

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatning beshta strategik muhim korxonasini milliylashtirishni topshirdi - ularning ba’zilari Ukrainada turli tergov harakatlari olib borilayotgan tadbirkorlar bilan bog‘liq. «Motor Sich», «Zaporijtransformator», «AvtoKrAZ», «Ukrnafta» va «Ukrtatnafta» aktivlari begonalashtirilgani haqidagi ma’lumotni 7 noyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Oleksiy Danilov tasdiqladi.

Danilovning so‘zlariga ko‘ra, qaror 5 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy raisligida bo‘lib o‘tgan Oliy bosh qo‘mondonlikning Ukraina mudofaasi to‘g‘risidagi qonunlari va harbiy amaliyotning huquqiy rejimiga oid qonunlariga muvofiq yig‘ilishida qabul qilingan. «Musodara qilingan aktivlar harbiy mulk maqomiga ega bo‘ldi, ularni boshqarish Ukraina Mudofaa vazirligiga o‘tkazildi», deb ta’kidladi MXMK vakili. Harbiy holat tugagach, ular egalariga qaytarilishi mumkin.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalning ta’kidlashicha, begonalashtirilgan barcha beshta korxona «davlatning mudofaa ehtiyojlarini 24/7 rejimida qondirish uchun ishlaydi».

Milliylashtirilgan kompaniyalar orasida «Motor Sich» ham bor, uning prezidenti - sobiq siyosatchi, Oliy rada deputati Vyacheslav Boguslayev. Oktyabr oyi oxirida Ukraina maxsus xizmatlari uni kollaboratsionizmda gumon qilib, uyida tintuv o‘tkazgan, keyinroq sud tadbirkorni ikki oyga hibsga olgan.

Kuzda tadbirkor Ihor Kolomoyskiyning uyida ham «Ukrnafta» mol-mulki va mablag‘larini o‘zlashtirish ishi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, OAV kompaniya aksiyalarining 42 foiziga egalik qilgan tadbirkor ayblanuvchi emasligini ta’kidladi. Biroq 2021 yilda Kolomoyskiy «keng miqyosdagi korrupsion jinoyatlarga aloqadorligi sababli» AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Noyabr oyi boshida Igor Kolomoyskiy Rossiyada sirtdan hibsga olingan - Qozon sudi uni va «Ukrtatnafta»ning 60 foiz ulushiga ega bo‘lgan ukrainalik tadbirkor Gennadiy Bogolyubovni qiymati 40 million dollardan ortiq bo‘lgan 800 ming tonna neftni o‘g‘irlaganlikda aybladi.

Oliy rada aprel oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini ochiqdan-ochiq inkor etuvchi va Rossiya kuchlarining Ukrainadagi harakatlarini ma’qullaydigan Rossiya bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan boshqa mamlakatlar fuqarolari kabi ruslarning mulkini milliylashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Unda Rossiya mulkini hech qanday kompensatsiyasiz majburan tortib olish nazarda tutilgan.

Kreml ta’siri ostidagi kompaniyalar mulkini milliylashtirish nafaqat Ukrainada, balki urush boshlanganidan beri boshqa davlatlarda ham davom etmoqda. Germaniyada sentabr oyida Rossiya gazining eng yirik nemis importchisi Uniper to‘liq davlat nazoratiga o‘tdi. Bungacha Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi nemis shu’basi Gazprom Germania Germaniya Federal tarmoq agentligi nazoratiga o‘tkazildi - aprel oyida esa Rossiya konsernining o‘zi nemis kompaniyasidagi ishtirokini to‘xtatdi.

Mavzuga oid