Jamiyat | 20:16 / 10.11.2022
67657
5 daqiqa o‘qiladi

Captiva-5 mojarosi: UzAuto Motors sudda yutqazdi

Puli to‘langan mashinasini ololmayotgan O‘.Qahhorov va UzAuto Motors o‘rtasidagi sud majlisi yakunlandi. Kompaniya hisobidan iste’molchi foydasiga katta miqdorda pul undiriladi. Captiva-5 yetkazib berish bilan bog‘liq shartnoma esa bekor qilindi.

UzAuto Motors 2021 yilda bir qancha iste’molchilar bilan yangilangan Chevrolet Saptiva avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgandi. Lekin ma’lum muddat o‘tganidan keyin bu jarayon to‘xtatildi. Sabab sifatida esa Captiva-5’ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi iddao qilindi.

UzAuto Motors'ning «cheksiz uzri»ni qabul qilishni istamay, qonuniy haq-huquqlarini talab qilgan O‘ktam Qahhorov esa sudga murojaat qiladi.

Joriy yil 8 noyabr kuni bir yildan beri mashinasini ololmayotgan iste’molchi va UzAuto Motors o‘rtasida navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda xaridor UzAuto Motors'ga 3 xil taklif jo‘natganini, ammo ushbu masala 3-4 marta muhokama qilinsa-da, kelishuvga erishilmaganini ta’kidladi.

UzAuto Motors tomoni esa barcha iste’molchilarga shartnoma berish to‘xtatilganidan keyin pullari qaytarilib, kompensatsiya ham to‘langanini, shu sababli iste’molchidan da’vo arizasini rad qilishni so‘radi.   

Sudning yangidan chiqargan hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vogarning da’vo talablari qisman qanoatlantirilib, unga Captiva-5 xarid qilish uchun amalga oshirgan to‘lov summasi – 240 mln so‘m, shuningdek, 5 foizlik kompensatsiya ko‘rinishida 12 mln so‘m, avtomobil xarid qilish maqsadida olingan kredit foizlari uchun 31 mln 927 ming so‘m, sug‘urta xarajatlari uchun 7 mln 721 ming so‘m hamda inflatsiya uchun 36 mln so‘m undirilishi belgilandi. 

Captiva-5 yetkazib berish bilan bog‘liq shartnoma bekor qilindi.

“Qonun tanlab munosabat bildirishi kerak emas”

Kamoliddin Bahavadinov, advokat, avtobloger:

“Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida Captiva-5 mojarosi bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi yakuniy sud majlisini o‘tkazdi va qaror qabul qilindi. Jamoatchilik nazorati sifatida ishtirok etdim va aytishim mumkinki, menda bu protsessda hayrat va taajjublanish ko‘proq bo‘ldi. Sud keltirilgan ko‘plab dalillar va vajlarni o‘rgangan bo‘lsa-da, mijoz va avtosalon o‘rtasida imzolangan shartnomani bekor qilishga qaror qildi. Qolaversa, UzAuto Motors hisobidan iste’molchiga ma’lum miqdordagi haqni undirib berish bilan kifoyalandi. Aslida da’vo predmeti shartnoma shartlarini asl holida bajarishni nazarda tutardi. Bu, shubhasiz, iste’molchining keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Kichik bir protsessual xatolikni ham kuzatdim. Odatda sud qilgan qarori yuzasidan “qaror qiladi” qismi bo‘yicha tushuntirish berishi kerak edi, ammo nima uchundir qarorni o‘qib bo‘lishi bilanoq videokonferensiya uzildi. Iste’molchi va sudda ishtirok etayotgan boshqa ishtirokchilarning savollari qolib ketdi. Nazarimda bunday qilish kerak emas edi, chunki har bitta qaror yuzasidan sudlov hay’ati qisqacha tushuntirish berishi kerak.

“Qaror qiladi” degan qismiga keladigan bo‘lsak, kimdir kimdandir avtoulov yoki ma’lum bir turdagi mahsulotni yetkazib beraman deb haq oladi. Ma’lum bir muddat ushbu mablag‘lardan foydalanib, so‘ngra mazkur mahsulotni yetkazib bera olmasligini keltirib o‘tadi. Ushbu holatda ma’lum bir miqdordagi kompensatsiya bilan qutulib ketiladigan bo‘linsa, bunday imkoniyatni boshqalarga ham berish kerak, faqat bitta korxonaga emas.

Masalan, “Teshavoy Motors” odamlardan yo‘q avtomashina uchun pul yig‘ib, keyin yetkazib bera olmasligini ma’lum qilsa va pullarni hamda kompensatsiyasini qaytarib berishni iddao qilsa, shu zahoti unga nisbatan amaldagi qonunchiligimiz bo‘yicha firibgarlik alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Lekin ushbu holat bundan mustasno bo‘lib qoldi. Qonunlarimiz barchaga birdek tatbiq etilishi kerak. Qonun bor, jazo esa muqarrar. Har bir qilmish, har bir jinoiy harakat uchun, har bir aldov va firibgarlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik tatbiq etilishi shart. Qonun tanlab munosabat bildirishi kerak emas, aks holda mavjud ishonch o‘z kuchini yo‘qotadi”.

Mavzuga oid