Jahon | 21:12 / 10.11.2022
14944
2 daqiqa o‘qiladi

Putinda Ukrainadagi urush uchun variantlar tugayapti - Bloomberg

Kreml rahbari mamlakatda ham, xorijda ham tobora kuchayib borayotgan qiyinchiliklarga duch kelmoqda, ammo hozircha Putin taslim bo‘lishga va sulh tuzishga tayyor ekanligidan dalolat yo‘q. 

Foto: Alexey Nikolsky/AFP/Getty Images

Bu haftada bo‘lib o‘tgan ikki voqea Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida duch kelayotgan qiyinchiliklarini ifodaladi. 

Rossiya qo‘shinlariga Xersondan chekinishga buyruq berish - bu jang maydonida katta muvaffaqiyatsizlik. Shuningdek, Putinning Indoneziyadagi G20 sammitiga bormaslik haqidagi qarori uning diplomatik ta’sirining pasayib borayotganidan dalolat beradi, deb yozdi Bloomberg. 

Nashr Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukrainadagi Rossiya armiyasi qo‘mondoni Sergey Surovikin chekinish haqida e’lon qilganida, Putin hozir bo‘lmaganiga e’tibor qaratdi. Kreml Putinni Xerson viloyati va Ukrainaning boshqa hududlarini abadiy annexia qilish istagiga zid bo‘lgan mag‘lubiyatlar bilan bog‘lamoqchi emas. 

Shuningdek, Putin G20 a’zolari yetakchilarining urushga qarshi keskin tanqidiga duchor bo‘lishi mumkin, bu esa sammitda qatnashishni ahamiyatsiz qiladi. 

Putin diplomatik yordam olish uchun Xitoy rahbari Si Jinping yoki Hindiston bosh vaziri Narendra Modiga murojaat qilishi mumkin. 

Ammo ikkala davlat ham o‘tgan hafta Putinga norozilik signallarini yubordi: Si yadro qurolidan har qanday foydalanish oqibatlaridan ogohlantirdi, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramaniyam Jayshankar esa urush oqibatida kelib chiqayotgan oziq-ovqat va energetika inqirozlaridan rivojlanayotgan mamlakatlar aziyat chekayotganini aytdi. 

Kreml rahbari mamlakatda va xorijda tobora kuchayib borayotgan qiyinchiliklarga duch kelayotganiga qaramay, taslim bo‘lishiga yoki sulh so‘rashiga hozircha hech qanday alomat yo‘q. Biroq, uning manyovr qilish maydoni torayib bormoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid