O‘zbekiston | 12:45 / 14.11.2022
16033
9 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar harbiy hamkorlik qilishi mumkinmi? – Tahlilchilar bilan suhbat

Turkiy davlatlar tashkiloti 2021 yilda yangi nom bilan faoliyat boshlarkan, shu yil 11 noyabr kuni o‘zining ilk sammitini Samarqandda o‘tkazdi.

 Ko‘pchilik tahlilchilar tashkilotning Samarqand sammitida ko‘riladigan, kelishiladigan masalalar tashkilotning va umuman “Turkiy dunyo” g‘oyasining keyinini belgilab berishi haqida gapirishgan edi.

Sammit o‘tdi.  Xo‘sh, ishonch qanchalik oqlandi? Tadbir davomida imzolangan hujjatlar unga a’zo davlatlar siyosati, iqtisodiyotida nimalarni belgilab beradi yoki nimalarni o‘zgartiradi? Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollar atrofida suhbat o‘tkazdi. Suhbat mehmonlari iqtisodchi Abdulla Abduqodirov va siyosatshunoslar Hamid Sodiq hamda Akram Umarov bo‘ldi.

— Abdulla aka, Samarqand sammiti davomida 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Bu hujjatlardan O‘zbekiston iqtisodiyotiga nima naf?

Abdulla Abduqodirov:

— Prezident o‘z nutqida turkiy davlatlar bilan savdo aloqalari umumiy yalpi ichki mahsulot aylanmasining 4 foizini tashkil qilishini aytib o‘tdi. Shundan bilish mumkinki, potensialimiz hali to‘laqonli ishga tushmagan va buning bir qancha sababi bor. Birinchidan, bu logistika masalasiga borib taqaladi. Aynan shuning uchun ham bu masalaga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Hozirda Turkiya hamda Ozarboyjon bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo turk dunyosi bilan quruqlik koridori ochiladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan savdo aloqalarida ham o‘zgarishlar kuzatiladi. Sammitda imzolangan masalalardan biri aynan Turkiya hamda O‘zbekiston o‘rtasida qatnovchi yuk mashinalarining bir hududdan ikkinchi hududga kirib-chiqishidagi tekshiruvlarni nisbatan soddalashtirish rejimi bo‘ldi. Albatta, buning ba’zi texnik kamchiliklari bor. Shunga qaramasdan ularga rasmiy asos yaratib berildi. O‘ylaymanki, bu masalaga boshqa turk davlatlari ham qo‘shiladi. Biz kuzatuvchi maqomida bo‘lgan Turkmaniston, qolaversa, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham shunday tashabbuslarni kutib qolamiz. Agar bu davlatlar ham qo‘llab-quvvatlasa, Markaziy Osiyoda yuk mashinalari harakatlanishi anchayin yengillashadi.

Prezident nutqini kuzatadigan bo‘lsak, avvalgi sammitlarda umumiy tarix, milliy qadriyatlarga to‘xtalib o‘tilgan bo‘lsa, bu safar iqtisodiyotga ko‘p e’tibor berildi. Bu muhokamalarda turkiy davlatlar o‘rtasidagi mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishga ahamiyat berish lozimligi ta’kidlab o‘tildi va janubiy transport koridori degan terminlar ishlatildi. Bu koridor Xitoydan Qirg‘izistonga kirib keladigan temiryo‘l O‘zbekistonga ham keladi va O‘zbekistonning shimoliga borib, ikki yo‘nalishda ketadi. Bir yo‘nalishi Qozog‘iston hamda bir yo‘nalishi Turkmaniston orqali Kasbiy dengiziga boradi. Xitoyning to‘g‘ridan to‘g‘ri Markaziy Osiyoga chiqib ketishi bu biz uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki biz sharqiy Osiyoning gigant davlati bo‘lgan Xitoyni G‘arbiy Osiyo bilan bog‘lash debochasida turibmiz.

Bu yerda gap Markaziy Osiyoni Rossiya ta’siridan chiqarish va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish haqida bormoqda. Biz buni ShHT hamda Turkiy davlatlar tashkiloti platformalari orqali amalga oshiryapmiz va bu katta-katta imkoniyatlarni yaratib beryapti. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyoning har bir davlati bu platformalarning o‘ziga kerakli qismidan foydalanadi hamda har tomonlama rivojlanishga zamin yaratadi.

ShHT va bu sammitni o‘zaro solishtiradigan bo‘lsak, birinchi yig‘ilishda asosiy ruh Samarqandning qanday o‘zgargani, mehmonlarning dabdabali kutib olinganiga qaratilgan bo‘lsa, bu safar bu jihatlarga ortiqcha to‘xtalib o‘tilmadi.

— Xo‘sh, sammit davomida ko‘rilgan, kelishilgan masalalar O‘zbekiston siyosatida qanday o‘zgarishlar yasaydi?

Hamid Sodiq:

— Avvalo Turkiy davlat rahbarlarining Samarqandda yig‘ilishining o‘zi ijobiy holat. Xalqaro munosabatlarda asosiy sub’yekt bu davlatlar. Davlat bu siyosiy tashkilot hisoblanadi. Davlatlarning bu tarzda birlashuvi uning siyosiy ahamiyatini ham ko‘rsatadi. 1992 yildan buyon shakllanib, turkiy davlatlar tashkiloti tarziga yetib kelish orqali xalqaro hamjamiyatga ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Turkiy davlatlar birlashayotgani e’tirof etildi. Har qanday birlashuv uchun tashqi bosim bo‘lishi kerak. Yevropa ham mana shunday birlashish uchun yuz yillab urushlarni boshidan kechirdi. Oxirida birlashmasak bo‘lmaydi degan tushunchaga keldi. Turkiy davlatlar ham atrofda kuzatilayotgan xavflar ortidan mana shunday to‘xtamga kela boshladi. Agar birlashmasak, bu xavflarga yem bo‘lishimiz mumkin degan tafakkur bu davlatlarning birlashishiga sabab bo‘lyapti. Ammo buni ham muammolari yo‘q sifatli birlashuv deb bo‘lmaydi.

Shaxsan men bu sammitda hukumatlar ustida turgan qandaydir siyosiy institutlar shakllantiriladi deb o‘ylardim. Birinchi navbatda Turk davlatlarining parlament assambleyasi degan tashkilot bor. Bu tashkilot Nursulton Nazarboyevning taklifi bilan 2008 yilda tashkil qilingan. Shu tashkilotga to‘rt davlat a’zo ekan. Ular Turkiya, Ozorboyjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston. Boshqa davlatlar a’zo emas. Lekin menda davlatlarning o‘zaro birlashuvi natijasida hukumatlar tepasida turadigan emas, balki davlatlarning o‘zaro parlamentar birliklarini rivojlantirishga xizmat qiladigan institutlar shakllantiriladi degan taxminlar bor edi.

Turkiy davlatlarning birlashuvini Rossiya va Xitoy diqqat bilan kuzatyapti. Yevropa tashkilotiga ham ma’lum bir bosimlar bo‘lishi tabiiy. Ular ham Turkiya ishtirokidagi katta va sifatli birlashuvdan manfaatdor emas. Shuning uchun bu tashkilot parlament assambleyasi emas, balki turkiy davlatlar parlamenti bo‘yicha ham qarorlar qabul qilishini kutgandim. Bundan tashqari, o‘rta turk tili masalasi ham madaniy emas, balki siyosiy masaladir. Ammo bu bo‘yicha ham biror o‘zgarishlar kutilmadi.

 Akram Umarov:

— Bu yerda e’tibor berish kerak bo‘lgan bir nechta jihat bor. Birinchisi, bunday yirik birliklar bilan bo‘ladigan sammitlarning birin-ketin Samarqandda bo‘lishi e’tiborga loyiq. Dastlab, ShHT, so‘ngra turkiy davlatlar tashkiloti va yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan Samarqandda katta yig‘in bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbekiston qaysidir ma’noda xalqaro diplomatiya markaziga aylanyapti. Tahlikali davrda bu juda katta ahamiyatga ega. Turli davlatlar o‘rtasida diplomatiya yaratib beruvchi mediator bo‘lish O‘zbekiston imiji uchun juda ijobiy holat.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning tashqi siyosati ko‘p vektorli va ko‘p qavatli. O‘zbekiston tashqi siyosatidagi o‘ziga xoslik shundaki, bir davlatni boshqa biriga qarshi qo‘ymaydi va biror davlat bilan aloqa qilayotganda boshqalar nima derkin degan ma’noda uzoq o‘ylab o‘tirmaydi. Buning asosida milliy manfaatlar turadi va har qanday tashkilotlardagi yig‘inlarda aynan milliy manfaatlarga tayanish kerak. Bundan tashqari, geografik joylashuvni o‘zgartira olmaymiz. Ya’ni qo‘shnilar tanlanmaydi. Shu nuqtai nazardan qo‘shnilar bilan qandaydir hamkorlik o‘rnatish lozim. O‘ylaymanki, kelajakda ham mana shu prinsipdan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Turkiy davlatlar tashkilotining ijobiy tomoni shundaki, bu format doirasida bizda salbiy tarix shakllanmagan. Ma’lum bir kelishmovchiliklar kuzatilgan bo‘lishi mumkin, ammo ular o‘z yechimini topdi.

Hozirgi kunda Ukraina urushi fonida transport koridorlarida cheklovlar bor. Hozir cheklanib qolgan yo‘l masalasining eng muhimi bu Kasbiy orqali Yevropaga chiqishdir. Shu jihatdan sammit unumli bo‘ldi. Natijalar sekin-asta o‘z so‘zini aytadi. O‘ylaymanki, imzolangan hujjatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, MDH doirasida mingdan ziyod hujjat imzolangan, ammo uning juda ham kam foizi amalda o‘z isbotini topgan.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid