AQSh Sulaymon Karimovning qarindoshlariga qarshi sanksiyalar joriy qildi
AQSh Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun texnologiyalarni xarid qilish transmilliy tarmog‘i hamda Kremlga yaqin bo‘lgan global vositachilar, yordamchilar va boshqalar tarmog‘iga aloqador yana 14 kishi va 28 ta sub’yektni qora ro‘yxatga kiritdi.
Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bo‘ylab Rossiya armiyasini Ukrainaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlashga aloqador deb hisoblangan shaxslar va kompaniyalarga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. 14 noyabr, dushanba kuni AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Davlat departamenti bilan birgalikda «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash uchun texnologiyalar transmilliy xaridlar tarmog‘i»ga nisbatan yangi jazo choralarini qo‘lladi.
Bundan tashqari, OFAC «hayotini G‘arb bilan bog‘lagan» Kremlga yaqin ikki elitaga aloqador moliyaviy vositachilar, yordamchilar va boshqalarning global tarmog‘ini aniqladi», deyiladi AQSh Moliya vazirligi bayonotida.
Natijada 14 kishi, 28 tashkilot va sakkizta samolyot AQSh Moliya vazirligi saytida e’lon qilingan yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Ular orasida rossiyalik oligarx va Rossiya Federatsiyalar kengashi a’zosi Sulaymon Karimovning qarindoshlari, rossiyalik tadbirkor va investor Murod Aliyev hamda unga aloqador kompaniyalar bor.
«Qo‘shma Shtatlar Kremlning harbiy ta’minot zanjirlarini fosh qilish va buzishda davom etadi, Rossiyani Ukrainaga qarshi noqonuniy urush olib borishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalardan mahrum qiladi», - dedi moliya vaziri Janet Yellen. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh sanksiyalarining so‘nggi kengayishi Vashingtonning butun dunyo bo‘ylab Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yordam berayotgan odamlarni, shuningdek, uning rejimini moliyalashtirgan korrupsiyalashgan elitalarni ta’qib qilishga sodiqligini ko‘rsatadi.