Dunyo aholisi soni 8 milliard kishiga yetdi
Dunyo aholisining jadal o‘sishi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining oshishi va ayrim hududlarda tug‘ilishning yuqoriligi bilan bog‘liq, deya qayd etadi BMT. Ammo u kelajakda sekinlashishi taxmin qilinmoqda.
15 noyabr, seshanba kuni Yer aholisi soni 8 milliard kishiga yetdi. Bu prognoz Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) saytida e’lon qilingan. Ayni paytda, Worldometer ma’lumot sayti hisob-kitoblariga ko‘ra, ertalabki vaqtlarda ushbu ko‘rsatkich 8 milliardlik belgidan o‘tgan.
«Ushbu misli ko‘rilmagan o‘sish sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va tibbiyotning yaxshilanishi hisobiga o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining bosqichma-bosqich ortishi bilan bog‘liq. Bu shuningdek, ayrim mamlakatlarda tug‘ilishning yuqori va barqaror ko‘rsatkichlari natijasidir», - deya qayd etadi BMT. Tashkilot 15 yildan keyin - 2037 yilga kelib sayyorada 9 milliard odam yashaydi, deb taxmin qilmoqda. Shunday qilib, raqamlarning o‘sish sur’ati biroz sekinlashadi: aholi atigi 12 yil ichida 7 milliarddan 8 milliardga o‘sdi.
«Bu bizning xilma-xilligimizni nishonlash, umuminsoniy qadriyatlarni e’tirof etish uchun imkoniyatdir. Shu bilan birga, bu bizning sayyoramizga g‘amxo‘rlik qilish uchun umumiy mas’uliyatimizni eslatadi», dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Birlashgan millatlar tashkilotining tushuntirishicha, eng yuqori tug‘ilish darajasi, qoida tariqasida, aholi jon boshiga eng past daromadga ega bo‘lgan davlatlarda kuzatiladi. Yer yuzidagi odamlar soni asosan Afrika mamlakatlari hisobiga o‘sib bormoqda, bu ularning sayyoraning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga eng yuqori daromad va iste’mol hajmiga ega bo‘lgan mamlakatlar aholisi kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar nafaqat iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar, balki Yer aholisining o‘sish sur’atining pasayishi, agar u «ko‘p o‘n yillar davomida» davom etsa, global isish tezligini cheklashga yordam beradi, degan xulosaga kelyapti.
Mavzuga oid
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
16:16 / 16.11.2024
Ekspertlar: BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalari «maqsadlarga mos kelmaydi»
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
17:39 / 07.11.2024