Polsha hududiga raketa tushdi. Asosiy ma’lumotlar
Polshaning Ukraina bilan chegara hududiga raketa qulagan - bu rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘llagan kuni ro‘y berdi. Qurbonlar bor. RF mudofaa vazirligi «provokatsiya» haqida aytmoqda.
15 noyabr kuni kunning ikkinchi yarmida, RF armiyasi Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘llagan mahalda Polsha hududiga raketa quladi. Raketa Ukraina chegarasidan besh kilometr masofada, Lyublina voyevodstvosidagi Pshevoduv qishlog‘i hududiga tushgan. Bu haqda dastlab xabar bergan ZET radiosiga ko‘ra, raketalar donquritgich ustiga tushgan, natijada ikki kishi vafot etgan.
Lublin112 nashri ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 15:35 do (Toshkent vaqti bilan 19:35) raketa traktorga ulangan elevator yoniga tushgan, natijada portlash ro‘y bergan. Polshalik qutqaruvchilar rasman Pshevoduvda portlash bo‘lganini qayd etishgan, ammo uning sababini keltirmagan. Voqea joyiga Lyublina voyevodasi (hokimi) Lex Spravka yetib kelgan va qishloqda baxtsiz hodisa ro‘y berganini aytgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Pshevoduv qishlog‘idagi portlash joyida olingan video tarqaldi.
Amerika razvedkasining yuqori martabali mulozimi Associated Press nashriga Polsha hududiga rossiyaliklar raketalari qulaganini aytdi. Pentagon matbuot xizmati esa, AQSh tomoni Polsha hududiga aynan rossiyaliklar raketasi qulagani to‘g‘risida tasdiqlangan ma’lumot yo‘qligini aytdi. Oq uydagilar Polsha sharqida yuz bergan raketa portlashi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plash bo‘yicha Varshava birgalikda ish olib borilayotgani, keyingi qadamlar shunga ko‘ra aniqlashtirilishini ma’lum qilishgan.
Polshaga Ukraina qurolli kuchlari urib tushirgan raketalar qulagani to‘g‘risidagi versiya ham bor. Bu haqda dastlab ZET jurnalisti Mariush Gershevskiy o‘z manbalari ma’lumotiga asoslanib xabar tarqatdi. Boshqa manbalar hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan. Rossiyaning Kreml ta’siridagi Mash nashri Polsha hududiga S-300 raketalari — «Ukraina qurolli kuchlaridagi raketa hujumiga qarshi mudofaa vositalari» tushganini xabar qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda raketa qoldig‘i surati tarqalgan — bu chindan ham S-300 raketasi parchasi, ammo, bu tasvir qachon va qayerda olingani ma’lum emas. Polsha hududiga ukrainlarning S-300 tizimi raketalari tushgani haqida Rossiyadagi propagandachi agentlik RIA Novosti ham harbiy ekspertga tayanib xabar tarqatgan. Polshaning Rzeczpospolita gazetasi hukumatdagi manbasiga asoslangan holda hukumat mamlakat hududiga kimning raketasi tushganini o‘rganayotganini xabar qilgan.
RF mudofaa vazirligidagilar rossiyaliklar raketasi qulagani to‘g‘risidagi xabarni «vaziyatni keskinlashtirish maqsadida qasddan uyushtirilgan provokatsiya» deb atadi. «Ukraina-Polsha davlat chegarasidagi hech bir nishonlarga Rossiyaning nishonga olish vositalari tomonidan zarba berilgan emas. Polsha nashrlari tomonidan Pshevoduv aholi yashash manzilidagi voqea joyidan issiq izidan e’lon qilingan parchalar Rossiyaning nishonga olish vositalariga taalluqli emas», — deyiladi Rossiya harbiy idorasi bayonotida.
AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel RF mudofaa vazirligi bayonotiga munosabat bildirib, «AQSh vaziyatni keskinlashtirish yoki qandaydir tarzda provokatsiya qilishga urinmayotgani aniq»ligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh NATO bo‘yicha ittifoqchilar «yonida turish»ga tayyor, ammo hozircha nazariy ssenariylarni muhokama etmoqchi emas. «AQSh uchun Polshaga raketa tushishi tasodif yoki g‘arazli niyatda amalga oshirilganini aniqlab olish muhim» — deyilgan AQSh Davlat departamenti bayonotida.
Ukraina reaksiyasi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Polshadagi portlashga munosabat bildirib, «Rossiyaning terrori Ukraina davlt chegaralari bilan cheklanmasligi»ni aytdi.
«Rossiya raketalari Polsha bo‘ylab zarba berdi. Ukraina terrorchi-davlat bizning mamlakat bilan cheklanmasligi haqida necha bor aytgandi? Rossiya terrori davom etarkan, bu vaqt masalasi bo‘lib qoladi.
Rossiya jazosizlikni qanchalik uzoq his qilsa, uning raketalari uchib yetib borishi mumkin bo‘lgan barchaga tahdid solaveradi. NATO hududiga raketa zarbasii berish — bu Rossiyaning kollektiv xavfsizlik tomon berilgan raketa zarbasi. Bu mojaroning jiddiy kengayishi. Bunga qarshi harakatni boshlash kerak», — dedi Zelenskiy urushning 265-kuni yakunlariga ko‘ra qilgan videomurojaatida.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham rossiyaliklar «Ukrainada to‘xtash haqida o‘ylamasligi»ni ta’kidladi. Yermakning maslahatchisi Mixaylo Podolyak Polshaga raketa qulashi — «RFdan „xato“ niqobi ostidagi rejalashtirilgan „salom“ ekani»ni aytdi.
Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba «ukrainlar rossiyaliklarning har qanday raketasini tutib qolishi» uchun mamlakatga zamonaviy samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari taqdim etishga chaqirdi. «Bugungi kunda Ukraina osmoni himoyasi NATO himoyasini anglatadi», — degan vazir.
Polsha hukumati shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy «inqirozli vaziyat tufayli» hukumatning xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi. Polsha hukumati matbuot xizmati rahbari Pyotr Myuller OAVni «hozircha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik»ka chaqirdi. Bu vaqtda mahalliy nashrlar Polsha harbiy-havo kuchlari samolyotlari Tomashuv-Mazovetski aerodromidan harbiy qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘targani haqida xabarlar tarqaldi.
Polshaning ayrim harbiy qismlarida jangovar shaylik darajasi oshirilgan. Prezident Andjyey Duda va NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg muzokaralar o‘tkazgan. Polsha hukumati NATO nizomining 4-moddasini faollashtirish zaruratini tekshirishga qaror qilgan, unga ko‘ra «harbiy alyans a’zolaridan birining hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi yoki xavfsizligi tahdid ostida qolgan deb hisoblansa, tomonlar o‘zaro maslahatlashuv o‘tkazadi». NATO bosh kotibi Yyens Stoltonberg ittifoqchilar Polshadagi hodisa bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazayotgani, barcha faktlar anqlanishi lozimligini aytdi.
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy yig‘ilishdan keyin mamlakat havo hududi xavfsizligini ta’minlashga e’tibor kuchaytirilgani, RF elchisi Polsha TIVga chaqirilganini ma’lum qildi.
Polsha prezidenti Andjyey Duda hozircha raketani kim uchirgani ayon emasligi, Pshevoduvdagi portlash bir martalik bo‘lgani va bu yana takrorlanishi mumkinligi belgilari yo‘qligini ma’lum qildi.
Chorshanbaga o‘tar kechasi qilgan favqulodda chiqishida u raketa katta ehtimol bilan Rossiya tomonidan ishlab chiqarilganini aytdi.
«Hozircha bizda bu raketa aynan kim tomonidan uchib kelgani bo‘yicha to‘liq dalillar yo‘q. Tergov hali davom etmoqda», degan polshaliklar yetakchisi.
U chorshanba kuni NATOning favqulodda yig‘ilishida Polsha alyans nizomining 4-moddasini faollashtirishini aytdi.
Duda shuningdek NATO jangovar shay holatda ekani, o‘z navbatida Polsha ham o‘z qurolli kuchlari, birinchi navbatda havo hujumidan mudofaa tizimlarining shaylik darajasini kuchaytirganini qo‘shimcha qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, portlash bo‘yicha surishtiruv ishlariga AQShdan ekspertlar jalb etiladi.
Ma’lumot uchun, NATO nizomining 5-moddasi «NATO a’zolaridan biriga qilingan hujumga alyansning barcha a’zolari birgalikda javob qaytarishi»ni nazarda tutadi.
Xalqaro reaksiya
Bu hodisa yuzasidan Sharqiy Yevropa davlatlari tezkor reaksiya qilishdi. Dastlab Chexiya mudofaa vaziri Yan Chernoxova Polsha hududiga raketa qulagani to‘g‘risidagi ma’lumot tasdiqlanganini aytdi. Latviya mudofaa vaziri Artis Pabriks «Rossiyaning jinoiy rejimi» Ukraina aholisi tomon uchirgan raketalar «Polshada NATO hududiga tushgani»ni aytdi. Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh «NATOning har bir dyum hududi himoya qilinishi kerakligi»ni ta’kidladi va 16 noyabr tongida hukumat ushbu masalada favqulodda yig‘ilish o‘tkazishini ma’lum qildi. Estoniya TIV Polsha bilan birdamligini ma’lum qildi va «NATO hududining har bir santimetrini himoya qilish»ga tayyorligini bildirdi.
Polsha prezidenti Andjyey Duda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali bog‘langan. «Prezidentlar telefon orqali muloqot qilmoqda», deya xabar bergan Dudaning matbuot xizmati.
YeI kengashi raisi Sharl Mishel Balida o‘tayotgan «Katta yigirmatalik» sammitida ushbu hodisani muhokama qilish tashabbusini bildirgan.
Fransiya prezidenti ofisi ham Emmanuel Makron Polsha hukumati bilan aloqada bo‘lib turganini aytgan.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham bu haqda yozgan. «Prezident Duda bilan Polshadagi portlash haqida gaplashdik. Men insonlar o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdim. NATO vaziyatni kuzatmoqda, ittifoqchilar yaqindan maslahatlashishmoqda. Barcha faktlar aniqlanishi muhim», deya yozgan u.
«Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz va polshalik do‘stlarimiz hamda NATO bo‘yicha ittifoqchilarimiz bilan aloqada bo‘lamiz», deya yozdi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.
Mavzuga oid
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
08:30
Boltiqbo‘yi davlatlari NATOdagi ittifoqchilarini Kiyevga yordamni kuchaytirishga chaqirdi
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024