Jamiyat | 21:45 / 18.11.2022
41364
5 daqiqa o‘qiladi

Xizmatdagi askar o‘limi voqeasi: tafsilotlar

Termizda harbiy xizmat o‘tayotgan yigitning yuragida tromb hosil bo‘lishi ortidan, u Toshkentga olib kelib operatsiya qilindi, biroq jarrohlik amaliyotidan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Kun.uz rasmiylar izohi va marhumning qarindoshlari so‘zlari asosida voqea tafsilotlarini taqdim etadi.

Surxondaryoda harbiy xizmatni o‘tayotgan yigit vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, yurak kasalligi bo‘yicha shoshilinch operatsiya o‘tkazilganidan keyin, askarda biologik o‘lim qayd etilgan.

Holat nafaqat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, balki marhumning yaqinlarida ham savollarni yuzaga keltirdi.

Kun.uz muxbiri marhumning qarindoshlari bilan suhbatlashdi.

Marhum Kamoliddin Qodirovning otasi Asliddin Shukurov o‘g‘li bilan tez-tez telefonda gaplashib turganini aytadi. Bir hafta avval gaplashganida ham o‘g‘li sog‘lig‘i bilan bog‘liq hech qanday shikoyat qilmagan. Shu paytga qadar ham unda yuragi bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmagan.

Shukurov ma’lum sabablarga ko‘ra turmush o‘rtog‘i bilan yashamayotgan bo‘lsa-da, o‘g‘li bilan aloqalari yaxshi bo‘lganini aytmoqda. “Shunday ekan, men ham o‘g‘limning hayoti bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etishim kerak edi. Nega mening roziligimsiz bunday operatsiya qilindi?” – deydi u.

Yigitning amakisi Anvar Shukurov jiyanining ko‘ksi va qorin sohasidagi jarohatlardan shubhaga borayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, jiyani 12 noyabr kuni hospitaldan turib uyidagilarga aloqaga chiqqan va yaxshi suhbatlashgan. Operatsiya stoliga yotadigan holatda bo‘lmagan.

Kamoliddinning bobosi Qodir Shukurov ham operatsiya haqida ularga xabar berilmaganidan norozi bo‘lyapti.

“Mening armiyamizda hech qanday xusumatim yo‘q. Biroq yengilgina jarrohlik amaliyotida ham bemorning yaqinlaridan so‘raladi, yozma rozilik xati olinadi. Xo‘p, gospitalga olinganiga ikki-uch kun bo‘libdi, nega biz bu haqda bilmadik? Biz bilan uchrashib, tushuntirish bergan harbiylarning izohidan qoniqmadim. Hamma narsani ochiqlab berishlarini, savol qoldirmasliklarini so‘rayman”, – dedi Kamoliddinning bobosi.

Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, askar 11 noyabr kuni Termiz harbiy gospitalidan Toshkent shahridagi Markaziy harbiy klinik hospitaliga ko‘chirib o‘tkazilgan. Yigitning yuragida tromb borligi aniqlangach, u operatsiya qilingan. Operatsiyadan keyin ham ahvoli og‘irligicha qolib, vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, askarning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida dastlab uning onasi va tog‘asiga xabar berilgan. Yigitning ota tomondan qarindoshlari bu haqda u vafot etganidan so‘ng xabardor bo‘lgan. O‘z navbatida, yigitning onasi ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida harbiy qismdagilardan norozi emasligini bildirgan. Farzandini tinch qo‘yishlarini, turli gumonlarga bormasliklarini so‘ragan.

17 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahadov Surxondaryoda harbiy xizmatni o‘tayotgan askar o‘limiga doir savollarga javob qaytardi. “Askarning yuragidagi tromb to‘satdan o‘limni keltirib chiqarishi mumkin edi”, dedi u.

Abdulahadov marhumning tanasidagi jarohatlar operatsiya jarayoni bilan bog‘liq ekanini aytib, askar tig‘ urish natijasida o‘lgani haqidagi gumonlarni rad etdi.

Marhumning tanasidagi tig‘ izlari masalasiga to‘xtalsam, yurakdagi jarrohlik amaliyotidan keyin drenajlash bo‘ladi. Ko‘krak qafasini teshib, qovurg‘alar orasiga 4-5 ta drenaj qo‘yiladi. Marhumning tanasidagi kichik jarohatlar, ayrimlar aytayotgan tig‘ izlari o‘sha drenajlardan qolgan.

U nimaga qo‘yiladi: agar o‘sha joyda qon ketishi kuzatiladigan bo‘lsa, biz buni nazorat qilishimiz kerak. To‘satdan yuz beradigan o‘lim holatlari yoki qon ketishining boshqa asoratlari oldini olish uchun tezroq bunga qarshi chora ko‘rishimiz lozim bo‘ladi”, – dedi u.

Matbuot anjumanida operatsiya jarayoniga marhumning onasi va tog‘asi chaqirtirilgani, ularning roziligi bilan bu amaliyotga qo‘l urilgani aytildi.

Kun.uz muxbiri Kamoliddin Qodirovning operatsiyasi amalga oshirilgan muassasa – “American Hospital” klinikasi mas’ullari bilan ham bog‘landi. Klinika mas’ullari barcha jarayonlar videotasvirga olingani, agar zarurat tug‘ilsa, marhumning yaqinlariga tushuntirish berishlari yoki tasvirlarni ko‘rsatishlarini ma’lum qildi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid