Jahon | 10:56 / 19.11.2022
11804
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda biostartap asoschisi 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Ayblov tomoni Elizabet Xolmsga 15 yillik qamoq jazosini so‘ragan. Tadbirkor hukm ustidan shikoyat qilmoqchi ekanligini aytdi.

Foto: Reuters

Theranos biotexnologiya kompaniyasi asoschisi Elizabet Xolms AQShda 11 yil-u 3 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. San-Xose (Kaliforniya shtati) sudining qaroriga ko‘ra, homiladorligi munosabati bilan tadbirkor jazoni 2023 yil 27 apreldan kechiktirmay o‘tashni boshlashi kerak. Hukm 18 noyabr, juma kuni e’lon qilindi.

Yanvar oyida Xolms hakamlar hay’ati tomonidan ikkita firibgarlik va ikki holatda investorlarni aldash va chalg‘itish uchun fitna uyushtirishda aybdor deb topildi. Shu bilan birga, 38 yoshli ayol yana to‘rtta jinoiy ish bo‘yicha, xususan, Theranos qon tahlillari uchun pul to‘lagan bemorlarni aldash ehtimoli bo‘yicha oqlandi.

Ayblov tomoni Elizabet Xolms uchun 15 yil qamoq jazosini talab qilgan, himoya tomoni esa 18 oylik muddat yoki uy qamog‘i yoki jamoat ishlariga almashtirilishini ilgari surgan. Tadbirkor ayolga qo‘yilgan ayblov uchun maksimal jazo - 20 yil qamoqdir. Sudya Edvard Davila ta’kidlaganidek, qarorga, jumladan, Xolmsning o‘z aybini tan olmagani ta’sir qilgan. Ayol hukm ustidan shikoyat qilmoqchi ekanligini aytdi.

Xolms 2003 yilda Theranos biotexnologiya kompaniyasiga asos solgan. O‘sha paytda u Stenford universitetining 19 yoshli talabasi edi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, kompaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan Edison qurilmasi qon tahlillari yordamida gormonal anomallik, virusli infeksiyalar va saraton kasalliklarini aniqlash imkonini beradi. 2014 yilda eng yuqori cho‘qqisida Theranos 9 milliard dollarga (7,9 milliard yevro) baholangan. 2015 yilda Time jurnali Elizabet Xolmsni dunyoning 100 nafar eng nufuzli ayoli qatoriga kiritdi.

O‘sha yili Elizabet Xolmsni The Wall Street Journal jurnalisti Jon Karreyra fosh qildi, ilgari Theranos'ning sobiq xodimi unga murojaat qilgan. Bundan oldin, 12 yil davomida Xolms investorlar va menejyerlarni Edison analizatori shunchalik samarali va tejamkor ekanligiga ishontira olganki, u nafaqat og‘ir vena qon topshirishni, balki an’anaviy usulda ko‘p vaqt talab qiluvchi va qimmat standart tahlillarni ham yo‘q qilishi aytilgan. Theranos kuzatuv kengashi tarkibiga AQShning sobiq davlat kotiblari Genri Kissinjyer va Jorj Shuls, shuningdek, AQShning sobiq mudofaa vaziri Jyeyms Mettis va boshqalar kirgan.

Elizabet Xolms bilan bir qatorda tadbirkorning sobiq eri - Theranos sobiq bosh direktori Ramesh Balvaniga qarshi ayblovlar ilgari surildi. Uning ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid