Jahon | 13:25 / 20.11.2022
50004
9 daqiqa o‘qiladi

Kimlarning yangi avlodi. KXDR rahbari ilk bor qizini dunyoga ko‘rsatdi

Kim Chen In navbatdagi qit’alararo ballistik raketa sinovida yolg‘iz emasdi, u rafiqasi Ri Sol Ju va qizi bilan birga edi. Shimoliy Koreya nashrlari ilk bor dunyoga an’anaga ko‘ra shaxsiy hayoti sir bo‘lib kelgan KXDR yetakchisining oila a’zolarini namoyish etdi.

Foto: Reuters

Ekspertlar bu qizning dunyoga namoyish etilishi KXDR yetakchisining sulolaviylik ambitsiyalarini ko‘rsatishi, u hokimiyatni Kimlar avlodining to‘rtinchi vakiliga o‘tkazishni niyat qilayotganini aytishmoqda.

Janubiy Koreya razvedkasi avvalroq Kimning uch farzandi - ikki qizi va o‘g‘li borligi taxmin qilinishini xabar qilgandi. Shu vaqtgacha ulardan birortasi jamoatchilikka ko‘rsatilmagandi.

Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi e’lon qilgan fotosuratlarda qiz oq kurtka, qora shim va qizil tuflida, Kim Chen In bilan qo‘l ushlashib ketayotgani tasvirlangan. Xabarda uning ismi keltirilmagan, faqat Kim Chen In «suyukli qizi va rafiqasi bilan tadbirda ishtirok etgani» aytilgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, uning ismi Kim Ju-E bo‘lishi mumkin.

Qiz taxminan 12 yoshda, fotosuratlarda u raketalarni ko‘zdan kechirayotgan otasi yonida yurgani va jilmayib qo‘ygani ko‘ringan.

Janubiy Koreyadagi Sejong instituti qoshidagi Shimoliy Koreyani tadqiq etish markazi vakili bo‘lgan Cheong Son Channing fikricha, Shimoliy Koreya «malikasi» sifatida ommaga tanishtirilgan qiz endi davlat ishlarida ishtirok eta boshlashi mumkin.

Ekspert Kim Chen Inning otasi katta akalari borligiga qaramay, aynan uni o‘ziga ko‘proq o‘xshagani tufayli voris etib tanlaganini eslatgan.

«Ehtimol, Kim Chen In ham o‘zining ikkinchi qizi bilan shunday qilishni istamoqda. Balki u shu qizida o‘ziga munosib fazilatlar bor deb topgan», deya qo‘shimcha qiladi Cheong Son Chan.

Uning hisoblashicha, agar shu qizi bundan keyin ham otasiga muhim tadbirlarda hamrohlik qilsa - bu u bildirgan taxminlar to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.

Foto: Reuters

Cheongga boshqa bir ekspert Su Kim ham qo‘shiladi. Uning fikricha, ota va qiz jamoatchilikka juda yaqin qilib ko‘rsatilgani, KXDRning bo‘lajak rahbari masalasi hal etilganini anglatishi mumkin.

Qizning raketa sinovlari kunida paydo bo‘lishi ham dunyoga ramziy signal vazifasini o‘tashi mumkin.

«Bu qaysidir ma’noda Kimning saltanat hassasini (skipetr) keyingi avlodga o‘tkazishining ramziy kartinasidir. Xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreya terrori va jangariligining to‘rtinchi navbatini qabul qilishi va tayyorgarlik ko‘rishi uchun xabarnoma», deydi Su Kim.

Kutilmagan oilaviy ko‘rinish bo‘yicha boshqacha versiyalar ham bor. Shimoliy Koreya bo‘yicha tadqiqotchi An Chan Ir bu Kimni «normal» yetakchi va sevimli ota qiyofasida ko‘rsatish uchun puxta uyushtirilgan urinish bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

Kimning ommaviy chiqishida rafiqasi va qizi hamrohlik qilishi uning imijini kamida ichki auditoriya uchun yumshatadi.

«U urush qo‘zg‘atuvchi va o‘ziga bino qo‘ygan «raketali odamcha» emas. U - mehribon ota, u oilasini ham, butun millatni ham himoya qiluvchi», - deya tavsiflaydi yangi obrazni An.

Va qo‘shimcha qiladi: «Aftidan, Pxenyan o‘zini «normal» millat sifatida ko‘rsatmoqchi. Bu shuningdek, tashqi dunyoga rejim barqarorligi, hozirda to‘rtinchi avlodga o‘tish tomon harakatlanayotgani va bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini namoyish etish harakatidir».

Biroq ayrim boshqa ekspertlar qit’alararo ballistik raketa uchirish jarayoni - qizni dunyoga tanishtirish uchun juda g‘alati palla ekanini qayd etishgan.

«Bu qizni ishga olib kelish uchun eng nomunosib kun», deya yozadi xavfsizlik sohasidagi amerikalik ekspert Ankit Panda.

Foto: Reuters

Rafiqasi va bolalari

KXDR yetakchisining shaxsiy hayoti haqida jamoatchilikka ko‘p narsa ma’lum emas, Shimoliy Koreya nashrlari vaqti-vaqti bilan faqat ayrim detallarni xabar qilishgan. An’anaga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbari hayoti haqidagi ma’lumotlar uchun asosiy manba Janubiy Koreya razvedkasi hisoblanadi.

Shimoliy Koreya televideniyesida Kim Chen Inning rafiqasi ilk bor 2012 yilda «o‘rtoq Li Sol Ju» deb tanishtirilgandi, bunga u mamlakat rahbari yonida tadbirlarda tez-tez ko‘rinish berayotgan ayol kimligi bo‘yicha turli mish-mishlar tarqala boshlagani sabab bo‘lgandi.

Janubiya Koreya maxsus xizmatlari aniqlashicha, nikoh uch yil oldin, 2009 yilda bo‘lgan.

Shimoliy Koreya rasmiy nashrlari Kim Chen Inning farzandlari borligi haqida umuman xabar bermagandi.

Foto: Reuters

Janubiy Koreyadagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil fevralida Li Sol Ju uchinchi farzandini dunyoga keltirgan. Kim Chen Inning avvalgi bolalari esa taxminan 2010-2013 yillar orasida tug‘ilgan.

Faqat ikkinchi qizning ismi Ju-E ekani ma’lum. Bu haqda 2013 yildayoq Kimning kutilmagan do‘stiga aylangan amerikalik basketbolchi Dennis Rodman Britaniyaning Guardian nashriga bergan intervyusida aytgandi.

U ushbu mamlakatga tashrifi chog‘ida Kimning oilasi bilan «vaqtni qanday yaxshi o‘tkazgani»ni aytgan. U Kimni «yaxshi ota» deb atagan, oilasini esa - «ajoyib» deb ta’riflagandi.

KXDRning yangi raketalari

Pxenyan juma kuni sinovdan o‘tkazgan qit’alararo ballistik raketa yapon suvlari yaqiniga qulagan - bu KXDR qurolli kuchlarining joriy oydagi ikkinchi yirik sinovi bo‘ldi. Ayrim baholarga ko‘ra, shimolliklarning yangi raketalari AQShning materikadagi qismiga yadroviy zarba berish imkoniyatiga ega.

Yaponiya mudofaa vaziri Yasukadzu Hamadaning aytishicha, bu ballistik raketa va boshqa qurollar parvozi trayektoriyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, muayyan og‘irlikdagi jangovar kallak bilan u 15 ming kilometr radiusdagi masofaga yetib bora oladi. Vazir bu holda AQSh hududi nishonga aylanishi mumkinligini qayd etadi.

Shimoliy Koreya so‘nggi ikki oyda jami 50 dan ortiq raketa uchirgan, ularning aksari yaqin masofaga harakatlanuvchi raketalar bo‘lgan, ammo oktyabr oyida so‘nggi besh yilda ilk bor Yaponiya hududiy suvlari tomon ballistik raketa uchirildi.

Ekspertlar taxmin qilishicha, juma kuni uchirilgan raketa hali ishlanma bosqichida bo‘lgan va hozirga qadar KXDR yadroviy kallaklar bilan harakatlanuvchi raketalarga ega bo‘lgani tasdiqlanmagan.

Shimoliy Koreya o‘z ballistik raketalarini muntazam ravishda takomillashtirib keladi. Foto: EPA

Yangi sinovlar katta ehtimol bilan yakshanba kuni Kambojada AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya yetakchilari o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida erishilgan kelishuvga javob bo‘ldi. Pxenyan amerikaliklar Koreya yarimoroli atrofida ta’sir doirasiga ega bo‘lishidan juda norozi va Janubiy Koreya mudofaa qobiliyati kuchaytirilishiga qat’iyan qarshi turishini ma’lum qiladi.

Sinovlar Xitoy va Rossiyaning AQShning Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini cheklash uchun BMT sanksiyalarini kuchaytirish harakatlariga qarshi qaratilgan harakatlari fonida o‘tkazildi.

Juma kungi sinovlardan keyin AQSh vitse-prezidenti, Bangkokda Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanada yetakchilari bilan uchrashuvda bo‘lgan Kamala Harris AQSh o‘z siyosatiga sodiq qolishini tasdiqladi.

«Biz bu harakatlarni keskin qoralaymiz va yana bir bor Shimoliy Koreyani kelgusida noqonuniy va vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlarini to‘xtatishga chaqiramiz. Qo‘shma Shtatlar nomidan men Osiyo-Tinch okeani ittifoqiga bo‘lgan qat’iy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlamoqchiman», degan Harris jurnalistlarga.

Uchrashuv ishtirokchilari KXDR uchun muloqot yo‘li ochiq qolishi bo‘yicha kelishib olishgan va Pxenyanni keraksiz provokatsiyalardan voz kechib, jiddiy mazmundagi diplomatiyaga qaytishga chaqirgan.

Mavzuga oid