Jahon | 14:03 / 21.11.2022
11230
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Iroq shimolidagi kurd-eron guruhlarini o‘qqa tutdi

Eron inqilob muhofizlari korpusi Iroq Kurdistoniga ikkinchi marta zarba bermoqda. Tehron kurd-eron guruhlarini Erondagi keng ko‘lamli namoyishlarni qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi.

Foto: Getty Images

Eron 21 noyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Iroq shimolidagi eron-kurd muxolif guruhlari pozitsiyalariga yana hujum qildi. «Eron inqilob muhofizlari korpusi yana bir bor Eron-Kurd partiyalari pozitsiyalarini bombardimon qildi», dedi Iroqdagi Kurdiston muxtoriyatining terrorizmga qarshi kurash agentligi. U qurbonlar bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmadi.

Eron Kurdistoni Demokratik partiyasi (PDKI) va «Komala» millatchi eron-kurd tashkiloti Eron tomonidan nishonga olinganini bildirdi. «Bu palapartish zarbalar Eron terroristik rejimi Eron Kurdistonida davom etayotgan norozilik namoyishlarini to‘xtata olmayotgan bir paytda sodir bo‘ldi», — deb xabar berdi PDKI o‘zining Twitter mikroblogida.

21 noyabr kuni ertalab INA Iroq davlat axborot agentligi ham Iroq Kurdistonidagi uchta «Eron muxolifat partiyasi»ga Eron dronlari va raketa hujumlari amalga oshirilgani haqida xabar berdi. Xuddi shu nishonlarga qarshi shunday zarbalar bir hafta oldin ham qilingan edi. 

Tehron Iroq shimolidagi eron-kurd guruhlarini Eronda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlarni kuchaytirganlikda aybladi. Eronda yosh kurd qizi Mahsa Aminiy vafot etganidan beri kurd tashkilotlari Erondagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlab, namoyishchilarni bostirish jarayonini keskin tanqid qilib keladi. 

Mahsa Aminiy 13 sentabr kuni Tehronda politsiya tomonidan hibsga olingan edi. Hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay u kasalxonada vafot etdi. Faollar politsiyani Aminiyga yomon munosabatda bo‘lganlikda ayblamoqda. Uning o‘limi Eronda bugungi kungacha davom etib kelayotgan hukmron rejimga qarshi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. 

Mavzuga oid