O‘zbekiston | 12:51 / 23.11.2022
14804
2 daqiqa o‘qiladi

IT-parkdagi yong‘in tafsilotlari ma’lum qilindi

FVV axborot xizmatiga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Foto: Videodan kadr

23 noyabr kuni soat 11:12 da Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Olimlar mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli binolardan birida yong‘in bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 11:15 da voqea joyiga yetib borgan va soat 11:25 da yong‘in o‘chirilgan.

Qayd etilishicha, 24 qavatli qurilishi tugallanmagan IT-park binosining 21-qavatida taxminan 5 kv/metr maydonda penoplast qoldiqlari yonib zararlangan. Yong‘in oqibatida qo‘shni binolarga zarar yetmagan.

“Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi FVV axborot xizmati bayonotida.

Hodisa yuzasidan AKT vazirligi ham munosabat bildirgan. Unda yong‘in odamlar ishlayotgan asosiy obektlarda sodir bo‘lmagani, xavotirga o‘rin yo‘qligi ta’kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kuni Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yirik yong‘in kelib chiqqan, uni bartaraf etish uchun 12 ta ekipaj va 3 ta avtonarvon jalb etilgandi. Yong‘in oqibatida ko‘p qavatli uylarning 400 metr kvadrat tom qismi zararlangan.

Kun.uz surishtiruvi davomida favqulodda hodisaga elektr tokiga noqonuniy ulanish sabab ekanligi ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid