Iqtisodiyot | 19:28 / 23.11.2022
32159
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank iqtisodiyotni rivojlantirishning ikki ssenariysini taqdim etdi

MB asosiy ssenariysiga ko‘ra, O‘zbekistonda investitsion va iste’mol talabining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qoladi. Tartibga solinadigan narxlarning shakllantirilishi bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga moslashtiriladi. Shuningdek, iqtisodiyotda davlat rolining pasayishi va belgilangan tarkibiy islohotlar davom ettiriladi.

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank «Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari» sharhini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, tashqi iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklarning kuchayib borayotganligi, global retsessiya yuzaga kelishi ehtimollarining oshayotganligi va asosiy xomashyo tovarlari narxi pasayuvchi trendga o‘tgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha kutilmalarning turli yo‘nalishda shakllanayotganligi, shuningdek, ichki iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgaruvchanliklarni hisobga olib, o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlar ikki xil ssenariy asosida ishlab chiqilgan.

Ssenariylar shartlarini belgilashda jahon iqtisodiyotidagi tendensiyalarning turli xil o‘zgarishi, global inflyatsion jarayonlar bo‘yicha kutilmalar, geosiyosiy vaziyat va xomashyo bozorlaridagi prognozlardagi farqlar asosiy mezonlar etib belgilab olingan.

Asosiy ssenariy shartlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari, investitsion va iste’mol talabining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qoladi. Tartibga solinadigan narxlarning shakllantirilishi bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga moslashtirib boriladi, fiskal konsolidatsiya boshlanadi, iqtisodiyotda davlat rolining pasayishi va belgilangan tarkibiy islohotlar davom ettirilishi hisobiga raqobat muhiti yaxshilanib boradi va xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi yuqori sur’atlarda o‘sib boradi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi tashqi xatarlar va global retsessiyaning kuchayishi fonida mamlakatda tashqi talab darajasi pasayishi, turli kanallar orqali kirib keladigan valuta oqimlarining kamayishi, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida ishlab chiqarish va yalpi taklifning qisqarishi ehtimollari asosida tayyorlangan. Bunda, yalpi talabning kamayishi global inflyatsion jarayonlarni jilovlovchi va xomashyo tovarlari narxlarini pasaytiruvchi omil bo‘lsa, yalpi taklifning qisqarishi ichki bozorda narxlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur ssenariyda tarkibiy islohotlarning asosiy ssenariyga nisbatan sustroq kechishi, tartibga solinadigan narxlarning inflatsiya darajasida indeksatsiya qilib borilishi taxmin qilinmoqda. Iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida fiskal taqchillikning joriy yuqori sur’atlari saqlanib qolishi va fiskal konsolidatsiyaning boshlanishi 2024 yil va undan keyingi davrlarga kechikishi nazarda tutilgan.

«Pul-kredit siyosati asosiy ssenariy shartlarida nisbatan qat’iy fazada davom ettiriladi, monetar sharoitlarning joriy qat’iylik darajasi saqlanib qolinadi. Inflatsiyaning maqsadli prognoz ko‘rsatkichiga erishishga mustahkam ishonch hosil bo‘lgan taqdirda, pul-kredit sharoitlari biroz yumshatilib “neytral fazaga” o‘tkaziladi. Ayni paytda, muqobil ssenariy shartlari yuzaga kelganda esa pul-kredit sharoitlarida nisbatan qat’iy sharoitlarni uzoqroq muddat saqlab qolish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Bunda, narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni ta’minlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlovchi sharoitlar hosil qilib boriladi. Har ikki ssenariyda ham iqtisodiyotdagi yalpi talab hajmining yalpi taklif hajmiga mutanosibligini ta’minlash yo‘nalishida monetar omillarni jilovlash instrumentlaridan foydalanib boriladi va pul-kredit siyosatining transmission kanallari o‘tkazuvchanligi kuchaytirib boriladi», - deyiladi MB sharhida.

Shuningdek, iqtisodiyotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning budjet imkoniyatlari cheklangan va tashqi resurslarni jalb qilish qiymati oshgan sharoitda, kelgusi yillarda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish vazifasi ko‘p jihatdan, mamlakatda tarkibiy islohotlarning qay darajada amalga oshirilishi, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari salohiyati va unumdorligini oshirish hamda iste’mol bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarning natijadorligiga bog‘liq bo‘lishi ta’kidlab o‘tilgan.

Mavzuga oid