Jahon | 16:52 / 23.11.2022
3205
3 daqiqa o‘qiladi

Shols: Germaniyadagi energiya inqirozi nazorat ostida

Foto: Reuters

Kelgusi qish uchun mamlakatning energetik xavfsizligi ta’minlandi, dedi Germaniya kansleri. U hukumat tomonidan energiya narxlarining oshishini sekinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni esga olib, elektr va issiqlik energiyasini tejaganliklari uchun odamlarga minnatdorchilik bildirdi

Germaniya kansleri Olaf Sholsning fikricha, joriy qishda energiya tanqisligi tahdidi amalda bartaraf etilgan. «Germaniya hozir inqirozni boshidan kechirmoqda, bugun buni aytishimiz mumkin: mamlakatimiz uni nazorat ostida ushlab turibdi. Germaniyaning joriy qish uchun energiya xavfsizligi ta’minlangan. Germaniya inqirozga va qishga chidamli», - dedi u 23 noyabr, chorshanba kuni Bundestagda yangi federal budjet loyihasi bo‘yicha umumiy muhokamalar chog‘ida.

Shols to‘ldirilgan gaz omborlari, suyultirilgan tabiiy gaz (STG) qabul qilish terminallari, energiya tashuvchilarni yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnomalar, ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan elektr stansiyalarini ishga tushirish va atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini uzaytirishni esga oldi. U mamlakat aholisiga energiyani tejayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. «Bu, ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan yangi yil va qish fonida hamon juda muhim», - dedi u. 

Kansler hukumat energiya narxining oshishini subsidiyalar bilan to‘liq qoplay olmasligini tan oldi, lekin bu maqbul daraja bilan cheklanishini ta’kidladi. Shols gaz va markazlashtirilgan isitish uchun QQSning kamaytirilishini va dekabr oyida energiya narxining oshishi uchun bir martalik kompensatsiya to‘lanishini eslatdi. 

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, hukumat xususiy iste’molchilar va kompaniyalar uchun gaz, issiqlik va elektr energiyasi narxlarining oshishini sekinlashtirish sharoitlarini yaratdi. Ular 1 martdan kuchga kiradi. Bunday holda, kompensatsiya nafaqat mart uchun, balki yanvar va fevral oylari uchun ham to‘lanadi. 

Kansler hukumatning tuzilmaviy nosozliklar, energetika narxlari oshishi tufayli korxonalarning bankrot bo‘lishi va yuz minglab ish o‘rinlari yo‘qolishining oldini olish uchun 200 milliard yevro ajratish haqidagi qarorini to‘g‘ri deb atadi. «Mamlakatimiz ushbu inqirozni yengish va undan kuchliroq chiqish uchun kuchga ega», - deya xulosa qildi Olaf Shols. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid