Ukraina bo‘ylab yangi raketa zarbalari. Asosiy ma’lumotlar
Rossiyaning navbatdagi raketa zarbalari tufayli Ukrainaning uch oblasti to‘lig‘icha elektr energiyasidan uzilgan. Barcha AESlar o‘chirilgan. Moldovada ham tok yo‘q.
23 noyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko rossiyalik harbiylar «Ukraina energiya ta’minot obektlarini yo‘q qilishga urinayotgani»ni aytdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, yangi raketa zarbalari oqibatida uch region to‘lig‘icha elektr ta’minotisiz qolgan: Kiyev, Odessa va Chernihiv oblastlari. «Ukrenergo» xabariga ko‘ra, otishmalar tufayli Ukrainaning barcha hududlarida elektr energiyasi avariyaviy o‘chirilishi mumkin. Butun mamlakat bo‘ylab internet faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda. «Energetik terror davom etmoqda», — dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak. Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina bo‘ylab jami 67 raketa uchirilganini xabar qilgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlar oqibatida jami olti kishi halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangan.
Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalari energiya tizimidan uzilgan. «Energoatom» vakili Leonid Oleynik Janubiy-Ukraina AESning barcha energiya bloklari tarmoqlar uzilishli tufayli favqulodda o‘chirilganini ma’lum qildi. «Stansiyalar bilan barchasi yaxshi. Elektr energiyasi uzatadigan joyning o‘zi yo‘q», — degan u «RBK-Ukraina» nashriga. Xmelnitskiy AESning energiya bloklari ham energiya tizimidan uzilgan, bu haqda Xmelnitskiy oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gamaliy (Xmelnitskiy shahri butkul elektrsiz qolgan) ma’lum qildi. Ukraina nashrlariga ko‘ra, Rivne AES ham elektr energiyasiga talab keskin qulashi tufayli favqulodda holat rejimiga o‘tkazilgan. Ko‘p o‘tmay Ukraina energetika vazirligi bugungi raketa zarbalari tufayli barcha AESlar to‘liq, IES va GESlarning aksari vaqtincha o‘chirilganini ma’lum qildi.
Lviv to‘lig‘icha elektr energiyasi, issiqlik va ichimlik suvisiz qolgan. Mahalliy ma’muriyatga ko‘ra, Lviv oblastida ikki raketa elektr nimstansiyasiga kelib tushgan, natijada uch rayon elektr energiyasidan uzilgan. Lviv shahri meri Andrey Sadoviy shahar to‘lig‘icha elektrdan uzilganini ma’lum qildi. Elektr energiyasi uzilishi tufayli, issiqlik ta’minoti va ichimlik suvi uzatilishi ham vaqtincha to‘xtagan. Lvivda tramvay va trolleybuslar harakatlanmayapti, svetoforlarning 70 foizi ishlamayapti, havo hujumidan ogohlantirish tizimi faoliyatida ham uzilishlar bo‘lishi mumkin. Kiyev vaqti bilan soat 18:20 da Sadoviy iste’molchilarning 50 foizida elektr ta’minoti, 70 foizida suv ta’minoti tiklanganini xabar qildi.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko poytaxt raketa zarbasi tufayli to‘liq ichimlik suvi ta’minotisiz qolganini aytdi. Ichimlik uzatish to‘xtagach, do‘konlarda, shuningdek, suv tarqatish punktlarida navbatlar yuzaga kelgan. Kiyevda, merning so‘zlariga ko‘ra, infratuzilma obektlaridan biri shikastlangan. Guvohlarning videolariga ko‘ra, zarbalar oqibatida bir necha avtomobil yonib ketganini ko‘rish mumkin. Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, shaharda uch kishi halok bo‘lgan, ulardan biri 17 yoshli qiz edi. Yana 11 kishi jabrlangan.
Kiyev oblastida raketalar ikkita turar joy binosiga kelib tushgan. Hududiy ma’muriyat rahbari Aleksey Kulebaning aytishicha, «Vishgoroddagi ko‘p qavatli uyga va Chabanidagi xususiy sektorga zarbalar kelgan». Bu yerda bir kishi halok bo‘lib, 20 kishi jabrlangan. Kuleba oblastda muhim infratuzilma obektlari ham zarbaga yo‘liqqanini qo‘shimcha qilgan.
Polіtsіya opublіkuvala motoroshne vіdeo naslіdkіv "prilotu" po bagatopoverxіvsі na Kiyivshchinі https://t.co/wWiJjQGGtf #novini #TSN pic.twitter.com/aJHyVAAgaX
— TSN.ua (kanal 1+1) (@tsnua) November 23, 2022
Kishinyov va Moldovaning boshqa aholi yashash manzillari elektr energiyasisiz qolgan. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Andrey Spinu xabar qildi. U elektr o‘chishini Ukraina RF harbiylari tomonidan o‘qqa tutilishi bilan bog‘lagan. «Butun mamlakat bo‘ylab yoppasiga elektr energiyasi uzilishlari kuzatilmoqda», — deya xabar qilgan u. Tan olinmagan Dnestrbo‘yida ham elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Moldova prezidenti Mayya Sandu «Rossiya Moldovani zulmatda qoldirgani»ni aytdi. Rossiya elchisi Moldova TIVga chaqirtirilgan.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024