O‘zbekiston | 08:17 / 26.11.2022
2786
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt ichimlik suvi ta’minotiga 218 mln yevrodan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi

Prezidentning “Toshkent shahri ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Foto: Getty Images

2020 yilda Uy-joy qurilish vazirligi, shahar hokimiyati, “Toshkent shahar suv ta’minoti” va Fransiyaning SUEZ International SAS kompaniyasi o‘rtasida “Toshkent shahri ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi bo‘yicha 7 yil davomida amal qiladigan birgalikda boshqarish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan.

Hujjatga muvofiq, loyiha qiymati 218 mln yevroni tashkil etadi, shundan 154,5 mln yevro Fransiya g‘aznachiligi va Yevropa banklari, 64,3 mln yevro – O‘zbekiston tomonidan moliyalashtiriladi.

Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan ko‘rsatkichlar tasdiqlandi:

jismoniy shaxs bo‘lgan iste’molchilar barcha toifalari uchun ichimlik suv iste’moli nazorati va hisobini yuritish bo‘yicha masofadan ma’lumot uzatuvchi 673 mingta “aqlli” suv hisoblagich o‘rnatish;

ichimlik suv ta’minoti tizimida suv yo‘qotishlarini 12 foizga kamaytirish;

ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv ta’minoti bosh rejalarini ishlab chiqish.
 
Loyihani amalga oshirish doirasida hosil bo‘ladigan QQS summasi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mablag‘lari hisobidan to‘lanadi, to‘langan QQS summasi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid