O‘zbekiston | 23:29 / 28.11.2022
49975
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi Murari Lal Jalanning so‘zlariga munosabat bildirdi

Hokimlik investorning so‘zlarini davlat xizmatchisini obro‘sizlantirish deb hisoblashi va Bosh prokuraturaga murojaat qilinishini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligi “Minerva City” investori Murari Lal Jalanning Kun.uz'ga bergan intervyusida shahar hokimiga nisbatan aytgan gaplarini huquqiy baho berilmagunga qadar “davlat xizmatchisini obro‘sizlantirishga qaratilgan” deb hisoblashini ma’lum qildi.

“Murari Lal Jalanning gaplari asosli yoki asossizligini tekshirish uchun va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilinadi.

Barcha ommaviy axborot vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ushbu holat qonuniy asosda o‘rganib chiqilgunga qadar, asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz”, – deyiladi hokimlik e’lon qilgan bayonotda.

Murari Lal Jalan intervyuda yirik investitsion loyihani amalga oshirish uning kompaniyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida boshlanganini aytib, “Minerva City” uchun ajratilgan yerning olib qo‘yilishini shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning talabini bajarishdan bosh tortgani bilan bog‘lab tushuntirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Minerva City” uchun yer ajratish haqidagi Toshkent viloyati va Zangiota tumani hokimlarining qarorlari amaldagi tartibga zidligi sabab sud tartibida bekor qilingan. Investorning yuristi esa hokimlar yerni noto‘g‘ri ajratgan bo‘lsa, bu yerda investorning aybi yo‘qligini bildirgan.

Mavzuga oid