Jahon | 16:51 / 01.12.2022
9125
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya: Ukrainaga raketa zarbalari - Rossiyaning yangi harbiy doktrinasiga misol

Foto: AP

Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga oktabr oyidan beri amalga oshirayotgan raketa zarbalarini, ehtimol, Rossiya yangi harbiy doktrinasi asosiy qoidasi bo‘lgan muhim obektlarni yo‘q qilish bo‘yicha strategik operatsiya konsepsiyasini amalga oshirishning birinchi namunasi deb hisoblash mumkin. Bu haqda Britaniya Mudofaa vazirligining Twitter’da kundalik sharhida ma’lum qilindi

Britaniya harbiy razvedkasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu konsepsiya uzoq masofali raketalardan aholini ruhiy tushkunlikka tushirish va oxir-oqibat mamlakat rahbarlarini taslim bo‘lishga majburlash uchun uning qurolli kuchlariga emas, balki dushman davlatning muhim milliy infratuzilmasiga zarba berishni o‘z ichiga oladi. 

Rossiya zarbalari elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘lishda davom etmoqda, bu esa tinch aholiga ta’sir qilmoqda, deya qayd etadi Britaniya Mudofaa vazirligi. 

Biroq, razvedka ushbu strategiyaning samaradorligini shubha ostiga qo‘ydi, chunki unga ko‘ra, Rossiya bunday maqsadlar uchun mos keladigan raketalarining aksariyat qismini allaqachon ishlatib yuborgan. 

Bundan tashqari, zarbalarning moddiy va psixologik ta’siri urushning dastlabki davridagiga qaraganda kamroq bo‘lishi mumkin, chunki ukrainaliklar urushning to‘qqiz oyi davomida muvaffaqiyatli ravishda safarbar etildi, deyiladi sharhda. 

Avvalroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya eskirayotgan qanotli raketalardan yadroviy kallaklar olib tashlanib, paxtavon kallaklar ishlatilayotganiga e’tibor qaratgandi.

Rossiya Ukrainadagi nishonlarga yadroviy kallaklari bo‘lmagan X-55 rusumli qanotli raketalarini uchirmoqda. Buyuk Britaniya razvedkasiga ko‘ra, sovet ittifoqi davrida ishlab chiqarilgan bunday eski raketalardan Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini chalg‘itish va holdan toydirish maqsadida foydalanilayotgan bo‘lishi mumkin. 

Ochiq manbalarda 1980-yillarda ishlab chiqarilgan va yadroviy kallak tashish vositasi sifatida mo‘ljallangan, Ukrainada urib tushirilgan X-55 raketalari parchalari namoyish etilgan. Jangovar kallaklar, katta ehtimol bilan paxtavon kallakka almashtirilgan.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi qayd etishicha, bunday raketa garchi o‘z kinetik energiyasi va yonilg‘i qoldiqlari bilan zarar keltira olsa-da, nishonga jiddiy shikast yetkaza olmaydi. O‘z-o‘zidan, bundan maqsad ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimlarini chalg‘itish va holdan toydirish bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid