Jahon | 00:45 / 01.12.2022
11739
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning Ispaniyadagi elchixonasida portlash yuz berdi

Ukraina TIV ma’lumotlariga ko‘ra, bomba solingan paketning portlashi oqibatida komendant yengil tan jarohati olgan, elchixonaning qolgan xodimlari jabrlanmagan.

Foto: Europa Press

30 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 13:00 atrofida Ukrainaning Ispaniyadagi diplomatik muassasasi hududida portlash sodir bo‘ldi.

Ukraina elchisi Sergey Pogorelsev so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar unga portlovchi moddalar solingan paketni pochta orqali jo‘natgan. Biroq diplomatik muassasa xodimlari shubhali jo‘natmani ochmasdan, elchixonadan tashqariga olib chiqqan. Shunda paket portlab ketgan, uni olib chiqqan komendant qo‘lidan jarohatlangan.

Ispaniya huquq-tartibot idoralari xodimlari Ukraina elchixonasi hududidagi portlashni terrorchilik harakati sifatida baholamoqda.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba barcha elchixonalarda zudlik bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirishga ko‘rsatma berdi va Ispaniyani hujumni tergov qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ukraina diplomatlariga xavfli paketni kim yuborgani hozircha noma’lum.

Ispaniya Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi qurol bilan faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Sentyabr oyida Kiyev artilleriya tizimlari uchun o‘q-dorilar bilan jihozlangan beshta transport samolyoti, shuningdek, harbiylar uchun qishki kiyim-kechak ortilgan 20 ta yuk mashinasini olgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid