Jahon | 22:55 / 02.12.2022
25516
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shini Zaporijjya AESni tark etishi mumkin

Moskva Ukraina hududi bo‘ylab neft va gazning uzluksiz tranziti kafolatlanishi evaziga shunday qadam tashlashi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: Carl Court / Getty Images

1 dekabr kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya oblastining annexia qilingan qismidan alohida qismlarni olib chiqib ketayotgani, shuningdek, Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat xodimlarni evakuatsiya qilishga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar berdi.

Meduza nashrining Kremlga yaqin manbasi, shuningdek, Rossiya hukumatiga yaqin suhbatdoshi Rossiya Zaporijjya oblastini butunlay tark etishni «rejalashtirmayotgani»ni aytdi. Biroq, bu manbalarga ko‘ra, Moskva o‘z qo‘shinlarini Zaporijjya atom elektr stansiyasidan olib chiqishga tayyor. Kreml rejasiga ko‘ra, AES yoki Kiyevga yoki Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE)ga berilishi mumkin.

Ilgari Rossiya hukumati Zaporijjya atom elektr stansiyasidan qo‘shinlarni olib chiqish imkoniyatini ochiqchasiga rad etgan edi. Bundan tashqari, 2022 yil 5 oktyabrda Vladimir Putin stansiyani Rossiya mulkiga o‘tkazish va «Zaporojskaya AES» federal unitar korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Shu bilan birga, Xalqaro atom energetikasi agentligi atom elektr stansiyasi atrofida xavfsizlik zonasini yaratish tarafdori va bu borada ikki davlat bilan muzokaralar olib bormoqda. 2 dekabr kuni tashkilot rahbari Rafael Grossi stansiya xavfsizligini ta’minlaydigan yechim «yil oxirigacha topilishi mumkinligi»ni aytdi.

Ukraina rasmiylari, o‘z navbatida, atom elektr stansiyasini o‘z nazorati ostiga qaytarish niyatida ekanini ta’kidlamoqda. 28 noyabr kuni «Ukrenergo» rahbari Volodimir Kudritskiy Rossiya qo‘shinlarining oktyabr oyi boshidan beri Ukrainadagi energetika obektlariga bergan yirik raketa zarbalari oqibatida barcha yirik issiqlik va gidro elektr stansiyalariga zarar yetganini aytdi. Bir necha kun oldin, Kudritskiy agar Zaporijjya AES Ukraina nazoratiga qaytsa va «to‘liq ishlasa» mamlakatda energiya tanqisligi bilan bog‘liq muammolar «juda katta ehtimol» bilan hal bo‘lishini ta’kidlagandi. Urush boshlanishidan oldin atom elektr stansiyalari Ukrainadagi barcha elektr energiyasining qariyb 25 foizini ishlab chiqargan.

Meduza nashrining Kreml va Rossiya hukumatiga yaqin manbalariga ko‘ra, qo‘shinlarni AES hududidan olib chiqish evaziga Rossiya hukumati go‘yoki Ukraina orqali neft va gazning uzluksiz tranziti bo‘yicha kafolatlar olishini kutmoqda. Kreml va hukumat «kelishuvga tayyor». «Neft va gazni qazib olish va sotish Rossiya budjeti uchun juda muhim».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Meduza bilan yozishmalarida Zaporijjya AES bo‘yicha bunday «kelishuv» ehtimolini rad etdi.

Ukraina orqali «Drujba» quvurining janubiy tarmog‘i o‘tadi. Rossiya ushbu quvurdan Vengriya, Slovakiya, Chexiya va Polshaga neft yetkazib beradi. Umuman olganda, Rossiya tomonidan Yevropaga yetkazib beriladigan neftning uchdan bir qismi shu quvurdan oqadi.

«Drujba» quvurining Ukrainadagi qismi «Ukrtransnafta»ga tegishli bo‘lib, u Rossiyadan neft tranziti uchun haq oladi va uni to‘xtatish uchun texnik imkoniyatlarga ham ega.

Raketa zarbalari tufayli noyabr oyi o‘rtalaridan beri quvur orqali neft yetkazib berilishi barqaror emas.

Shu bilan birga, 5 dekabrdan boshlab «Drujba» quvuri Rossiya neftining Yevropaga yetkazilishining asosiy usuliga aylanadi. Chunki Rossiya neftiga nisbatan Yevropa embargosi kuchga kiradi (bu neftni faqat suv orqali tashish uchun amal qiladi).

Shu bilan birga, urush Rossiya gazining Yevropaga, jumladan, Ukraina orqali yetkazib berilishini ham to‘xtata olmadi. May oyida «Naftogaz» bosib olingan Luhansk oblasti orqali Ukraina gaz uzatish tizimiga (Gs) yetkazib berilayotgan Rossiya gazini Yevropaga o‘tkazishdan bosh tortdi va gazni boshqa liniyaga yo‘naltirishni taklif qildi. Ammo «Gazprom» taklifni rad etdi va gaz yetkazib berish hajmini 33 foizga qisqartirishga qaror qildi.

Sentyabr oyida «Naftogaz» xalqaro arbitrajga murojaat qilib, «Gazprom» tranzit uchun to‘liq va o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmayotganini ta’kidladi. «Gazprom» esa ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul to‘lamoqchi emasligini bildirdi va «Naftogaz» Rossiya sanksiyalari ostida qolishi mumkinligi, keyin «Gazprom» barcha majburiyatlardan voz kechishi mumkinligi bilan tahdid qildi. 

Ukraina o‘z da’volaridan voz kechmadi, shunda «Gazprom» Ukraina orqali gaz yetkazishni yanada qisqartirishga tayyorligi, chunki Kiyev go‘yoki Moldova uchun mo‘ljallangan Rossiya gazining bir qismini o‘zlashtirib olayotganini ma’lum qildi. Ukraina tomoni buni rad etdi. Biroq, oxir-oqibat, «Gazprom» gaz yetkazib berish hajmini kamaytirmadi, chunki Rossiya kompaniyasining bayonotiga ko‘ra, Moldova Ukrainada «qolgan» gaz uchun pul to‘lagan.

Shu bilan birga, 2022 yilning yozidan boshlab Moskvaning o‘zi ham Yevropa Ittifoqiga gaz eksportini faol ravishda kamaytirdi. Umuman olganda, Rossiyaning Yevropa gaz importidagi ulushi 40 foizdan 9 foizga tushdi.

27 noyabr kuni Ukraina «Energoatom» rahbari Petro Kotin rossiyalik harbiylar Zaporijjya atom elektr stansiyasi hududini tark etishga hozirlik ko‘rayotgani alomatlarini ko‘rganini aytdi: «Bilasizmi, ular o‘z narsalarini yig‘ishtirayotganga o‘xshayapti, chunki ular qo‘lga ilingan narsani o‘g‘irlamoqda».

Shunga qaramay, so‘nggi kunlargacha stansiyada sodir bo‘layotgan voqealar rossiyalik harbiylar va fuqarolik mutaxassislarining yaqin kelajakda stansiyani tark etishiga ishora qilmayotgandi. Masalan, 30 noyabr kuni bosqinchi hokimiyat AES direktorini o‘zgartirdi, chunki avvalgisi (urushdan oldin ham bu lavozimda ishlagan) Kiyev bilan hamkorlikda ayblangan edi.

Shu bilan birga, rossiyalik muhandislar Qrimga elektr uzatish liniyalarini qurmoqdalar (stansiyani Ukraina elektr tarmog‘idan uzish uchun), shuningdek, o‘qqa tutilishi natijasida ishdan chiqqan yaqin atrofdagi issiqlik elektr stansiyasidan AES elektr ta’minotini tiklashga harakat qilmoqdalar.

Mavzuga oid