Favoritlar saralanmoqda. Chorakfinalning yana bir juftligi ma’lum
Haqiqiy jahon chempionati endi boshlanmoqda. Qatardagi jahon chempionatining o‘n beshinchi kunidagi asosiy voqealar.
Polsha haqli ravishda turnirni tark etdi: Mbappe va Jiru raqibga imkon qoldirmadi
JCh-2022. 1/8 final.
Fransiya – Polsha 3:1
Gollar: 1:0 – 44 Jiru, 2:0 – 74 Mbappe, 3:0 – 90 Mbappe, 3:1 – 90+9, penalti Levandovski.
Fransiya – Loris, Kunde, Varan, Upamekano, Ernandes, Rabo, Tchuameni (Fofana, 66), Jiru (Tyuram, 76), Grizmann, Dembele (Koman, 76), Mbappe.
Polsha – Shchensni, Kesh, Glik, Kiver, Bereshinski, Kaminski (Zalevski, 71), Frankovski, Krixovyak (Belik, 71), Zelinski, Shimanski (Milik, 64), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Tchuameni (31), Bereshinski (47).
Shchensnining xizmatlari
Cheslav Mixnevich jamoasi kuchli guruhdan pley-offga chiqdi, bu guruhda so‘nggi soniyalarga qadar hech narsa aniq emasdi. Vaziyat shungacha yetib bordiki, argentinaliklarga qarshi o‘yinning so‘nggi 20 daqiqaligida polyaklar ochiqchasiga yakkakurashlardan qochishdi va 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatni saqlab qolish uchun o‘ynashdi, chunki bu natija Meksikani qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga ortda qoldirishiga imkon berardi — sariq kartochkalar kamligi evaziga.
Yakunda Polshaning omadi keldi: Meksika parallel uchrashuv oxirida gol o‘tkazib yubordi, shunday ekan Yevropa jamoasi gollar nisbati yaxshiroqligi tufayli ham ikkinchi o‘rinni egallashdi. Ammo Mixnevich jamoasi guruh bosqichida maqtovga arzigulik o‘yinlar ko‘rsatishmadi: jamoa faqat bir bo‘limda (Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limi) sifatli o‘yin ko‘rsatishdi va uch raqibga qarshi o‘yinda ham zarbalar soni bo‘yicha ancha katta farq bilan ortda qolishdi. Agar ikki o‘yinda penalti qaytargan Shchensni bo‘lmaganida Polsha 1/8 finalga chiqa olmasdi.
Moving on to the quarter-finals ⏭🇫🇷#FIFAWorldCup | #Qatar2022
— FIFA World Cup (@FIFAWorldCup) December 4, 2022
Chuqur himoya
Polyaklardan amaldagi jahon chempionlariga qarshi o‘yinda ham hech kim jiddiy qarshilik ko‘rsatishini kutmadi. Fransuzlar asosiy tarkibi futbolchilarining katta qismi Tunis bilan o‘yin vaqtida dam olishgan, lekin shu o‘yinda afrikaliklardan uchralgan mag‘lubiyat ularning jahlini chiqargandi.
Fransiya o‘yinni juda ajoyib boshladi. Vaqt o‘tgan sayin o‘yin tempi yuqorilab bordi, standart vaziyatlar xavfli ko‘rinish oldi va ilk daqiqalardanoq raqib jarima maydoniga qamalib qoldi. Barchasi kutilgandek ko‘rinish oldi: ilk daqiqalardagi o‘yin Fransiya hisobni ochishi vaqt masalasi ekanini ko‘rsatib turgandi.
Ammo Polsha hujumlarga bardosh berdi. Shu bilan birga jamoa futbolchilari raqib tomoniga o‘tishmadi: ular dastlabki zarbani faqat 21-daqiqaga kelib yo‘llashdi, shunda ham uzoq masofadan — Levandovski o‘zi uchun xos bo‘lmagan uslubda gol urishga harakat qildi, chunki raqib darvozasiga yaqin borishning imkoni bo‘lmadi.
Jiru — Fransiyaning eng yaxshi to‘purari
Bu uchrashuv ikki tomonda ham yuqori pressing yo‘qligi bilan ajralib turardi. Buning ajablanarli tomoni yo‘q: Polsha ham, Fransiya ham raqibni maydonning ikkinchi tomonida kutib olishni xush ko‘rmaydi, lekin bu uchrashuvda ularga himoyachilarga bosim uyushtirish yordam bergan bo‘lardi. Ammo polyaklar pozitsion mudofaadan chekinmadi va vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan vaziyatlardan foydalanishga umid qildi. Bunday vaziyat yuzaga keldi ham: 38-daqiqada Loris, Ernandes va Varan birgalikda Fransiyani goldan qutqarib qolishdi, ketma-ket zarbalar qaytarildi.
O‘shanda hisob 0:0 edi, agar Polsha gol urganida, muxlislar Jiruni tanqidlarga ko‘mib tashlagan bo‘lardi. Bundan bir necha daqiqa oldin Olive juda qulay vaziyatni yo‘qqa chiqargandi. Lekin tanaffus arafasida Jiru xatosini tuzatdi: polshalik himoyachilar xatoga yo‘l qo‘yishdi, Fransiya termasi forvardi bundan foydalandi. Bu Jiru uchun milliy jamoadagi 52-gol bo‘ldi va u endi Terri Anrini ortda qoldirgan holda, «Uchranglilar» tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.
Mbappe — jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari
Tanaffusda Desham hech narsani o‘zgartirmaslikka qaror qildi, bunga hojat yo‘q edi. Polsha esa to‘pga egalik qilishga urindi va bu mantiqiy edi: ulardan gol urish talab etilardi. Fransiya uchun bu ideal ssenariy edi: Polsha Saudiyaga qarshi o‘yinda to‘pga egalik qilgan bo‘lsa ham pozitsion hujumlarni juda yomon o‘tkazgan va ikki golni faqat qarshi hujumdan urgandi.
Shuning uchun Loris darvozasi atrofidan xavf arigani bejiz emas. Birinchi bo‘limda polyaklar vaqti-vaqti bilan zarba berib turgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda yarim soat davomida zarba yo‘llay olishmadi. Fransiya esa hech qanday asabiyliksiz himoyalandi va vaziyat tug‘ilganda qarshi hujumlarga chiqdi, bu esa ikkinchi gol urilishi vaqt masalasi ekanini anglatardi. Bu lahza 74-daqiqada keldi: polyaklar juda oldinga chiqib ketishgandi va bundan fransuzlar foydalanishdi. O‘z jarima maydoni ichida turgan Grizmann to‘pni uzoqlashtirdi — Jiru mahorat bilan qabul qildi — Dembele o‘ng qanotda ochildi — Mbappe hujumni yakunladi.
Mbappe made this amazing strike look so easy! 🚀😮💨#LetitFly with @qatarairways pic.twitter.com/2lfkQ9QugI
— FIFA World Cup (@FIFAWorldCup) December 4, 2022
Ikkinchi goldan keyin o‘yin masalasi amalda hal bo‘ldi. Polsha inersiya bilan qarshilik ko‘rsatishda davom etdi, ammo Fransiya himoyasidan o‘tib bo‘lmasdi. Bu vaziyatda polshaliklar javob golini urishidan ko‘ra fransuzlar uchinchisini urishi haqiqatga yaqin edi va shunday ham bo‘ldi: Mbappe shedevr ijro etdi. U Qatardagi gollari sonini beshtaga yetkazdi va jahon chempionatlarida urilgan gollar soni bo‘yicha Ronalduni ortda qoldirib, Messi bilan tenglashdi va endi «Oltin butsa» uchun asosiy da’vogarga aylandi.
Shu bilan birga fransuzlar o‘yinni xotirjam yakunlashga muvaffaq bo‘lishmadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar so‘nggida Upamekano jarima maydonida qo‘l bilan o‘ynagani uchun fransuzlar darvozasiga penalti qo‘yildi. Loris Levandovskining zarbasini ushlab oldi, ammo arbitr Robertdan zarbani qaytadan ijro etishni so‘radi (fransuz futbolchilari jarima maydoniga ertaroq kirib ketishgandi) — va ikkinchi urinishda hujumchi aniq zarba berdi.
Yakun — mutlaqo haqqoniy natija. Polsha birinchi bo‘limning ma’lum daqiqalaridagina gol urishga haqli o‘yin ko‘rsatdi, qolgan vaqtda — Fransiyaning total ustunligi kuzatildi. Ular kuchliroq edi va keyingi bosqichga aynan ular yo‘l olishdi. Polyaklar uyga jo‘nashdi.
Inglizlar jahon chempionatida uchinchi bor yirik hisobda g‘alaba qozonishdi
JCh-2022. 1/8 final.
Angliya – Senegal 3:0
Gollar: 1:0 – 38 Henderson, 2:0 – 45 Keyn, 3:0 – 57 Saka.
Angliya – Pikford, Uoker, Maguayr, Stounz (Dayyer, 77), Shou, Henderson (Fillips, 82), Rays, Bellingem (Maunt, 76), Foden (Grilish, 65), Saka (Reshford, 65), Keyn.
Senegal – Mendi, Sabali, Kulibali, Diallo, Yakobs (Ballo-Ture, 84), Mendi, Siss (Guyye, 46), Ndiay (Deng, 46), Sarr, Diatta (Sarr, 46), Dia (Dediu, 72).
Ogohlantirishlar: Kulibali (76).
Reshford qayerda?
Markus Reshford guruhning so‘nggi o‘yinida Uels darvozasiga ikki gol urib, bir golga uzatma bergan va jamoa birinchi o‘rin bilan pley-offga chiqishida asosiy ishni bajargan hujumchi. Ushbu forvard turnirda ajoyib statistika qayd etmoqda: u zarbalar soni bo‘yicha, jumladan darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni bo‘yicha, shuningdek raqib futbolchilarini aldab o‘tishlar va o‘z o‘zidan gollar soni bo‘yicha jamoada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Qolaversa, uning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi guruh o‘yinlarida yaxshi taassurot qoldira olmadi, o‘yin kuni esa oilaviy sababga ko‘ra Angliyaga qaytishiga to‘g‘ri keldi.
Lekin Garet Sautgeyt uni boshlang‘ich tarkibga qo‘shmadi. Holbuki Reshford asosiy tarkibga kirish uchun barcha ishni qildi, pozitsiya bo‘yicha uning raqobatchisi Sterling esa zayavkadan joy olmadi (xabarlarga ko‘ra, uning Londondagi uyiga o‘g‘ri tushgan). Qolaversa, Angliyaning bu o‘yin uchun tarkibi avvalgi o‘yindagi bilan faqat bir futbolchiga farq qilardi — o‘sha o‘yindagi ikki gol muallifi esa zaxirada qoldirildi. Nega bunday?
Bahsli tarkib
Muxlislar doim noodatiy qarorlari uchun Sautgeytni so‘roqqa tutishadi va ular javobsiz qoladi. Bu safar ham hech qanday yangilik yo‘q: Angliya termasi murabbiyi Reshford ilk daqiqalardan o‘ynamasligi kerak deb topdi, hujum qanotlariga esa chap oyoqda o‘ynaydigan ikki futbolchi — Saka va Foden tushirildi. Savollarga javob maydonda beriladi.
Umuman olganda, Sautgeytni ayblash o‘rinsiz. Jamoa boshqaruvidagi olti yil mobaynida u yirik turnirlarda saviya borasida kuchsizroq bo‘lgan raqiblarga umuman mag‘lub bo‘lmagan. Uning natijalari barchasini aytadi: JCh-2018 yarimfinali va Yevro-2020 finali. Ammo Senegal bilan o‘yinda dastlabki yarim soat xavotirlarga sabab bo‘ldi.
Britanlar o‘yin startida sust harakat qilishdi. Umuman olganda, ularning o‘yinni boshlashi anchadan buyon hayron qilmay qo‘ygan — inglizlar doimiy ravishda o‘yinning ilk daqiqalarida to‘pni maydon bo‘ylab olib yurishadi va ular oldiga og‘ir vazifa qo‘yilmaguncha sur’atni oshirishmaydi. Senegal esa shunday vazifa qo‘ydi: dastlabki yarim soatda afrikaliklar bir necha golli vaziyat yaratishdi, ammo Sarr ham, Dia ham imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. Lekin o‘yinning bu qismida senegalliklar kamida bitta gol urishga munosib o‘ynashdi.
England score THREE to move on to the Quarter Finals!#FIFAWorldCup | #Qatar2022
— FIFA World Cup (@FIFAWorldCup) December 4, 2022
Angliya esa tashqaridan qaraganda xotirjam ko‘rinardi, ammo bu ishonchli bo‘lishi uchun gol urishi talab etilardi. Buning uchun shunchaki Keynning assistentlik sifatini namoyish etishini kutish kerakligi ma’lum bo‘ldi. Orqaroqqa qaytib o‘ynagan sardor jamoa hujumini boshlab berdi: Bellingemga kesib o‘tuvchi ajoyib uzatma berdi, u esa Hendersonga golli uzatma amalga oshirdi — 1:0.
Keynning uzoq kutilgan goli
Angliya bu jahon chempionatida hisobni ochib olsa darhol ikkinchisini urmoqda. Bunga muxlislar Eron va Uelsga qarshi o‘yinlarda guvoh bo‘lishgandi va bu o‘yinda ham shunday bo‘ldi: hisob ochilishidan o‘n daqiqa o‘tmasdan Keyn Qatardagi ilk golini nishonladi.
Harry Kane goal from the stands pic.twitter.com/ry6NRZaAFo
— Koma (@koma_AFC) December 4, 2022
Top-jamoalar boshqalaridan nimasi bilan farq qilishi shu o‘yinda sezildi. Birinchidan, Senegal vaziyatlardan foydalanishda sustkashlik qildi — Manesiz tarkibda gol uradigan futbolchi topilmadi. Angliya esa ko‘p vaziyatlar yaratmasa-da, o‘z gollarini urdi. Ikkinchidan, britaniyaliklar raqibdagi umidni tezlik bilan o‘ldirishga harakat qilib, hisobdagi ustunlikni oshirishdi. Bu turnirdagi ko‘plab jamoalarga aynan shu jihat yetishmayapti — masalan, Germaniya va Ispaniya Yaponiya bilan o‘yinlarda yoki Argentina Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda ikkinchi golni ura olmagani natijasida mag‘lubiyatga uchradi.
Xotirjam g‘alaba
Tanaffusda afrikaliklar birdaniga uchta o‘zgarish qilishdi, ammo barchasi — pozitsiyalar bo‘yicha. Aliu Sisse shunchaki toliqqan futbolchilarni tetiklariga almashtirdi, ammo o‘yin kartinasi avvalgicha qoldi. Hatto to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik ham o‘zgarmay qoldi. Angliya tanaffusgacha qilgan ishini davom ettirdi — Foden, Bellingem va Shouning hisobiga chap qanotda kuchli bosim uyushtirildi, shuningdek o‘ng qanotda Saka uchun bo‘shliq yuzaga keltirildi. Birinchi bo‘limda bunday taktika ish bermagandi, lekin 57-daqiqada barchasi o‘xshadi: Foden sheriklari bilan chap qanotda mohirona hujum uyushtirdi, o‘ng qanotda yolg‘iz qoldirilgan Saka esa hujumni gol bilan yakunladi.
3:0 — bunday uchrashuv uchun ko‘p gol. Senegal yirik hisobda yutqazishga loyiq emasdi (o‘yin davomidagi zarbalar bo‘yicha afrikaliklar 10:8 hisobida ustun kelgan), ammo inglizlar rahm qilishmadi. Ular uchinchi goldan keyin ham namunali harakat qilishda davom etishdi: xotirjamlik bilan himoyalanishdi va afrikaliklarga o‘yinni qutqarish haqida o‘ylashga ham imkon qoldirishmadi. Ishonchli g‘alaba — xuddi Fransiyaning Polsha ustidan qozongan g‘alabasi singari.
10 dekabr kuni o‘tkaziladigan chorakfinal uchrashuvida angliyaliklar aynan fransuzlar bilan to‘qnashadi. Bu murosasiz raqiblarning klassik to‘qnashuvi bo‘ladi, ikki jamoaning haqiqiy kuchi shu o‘yinda bilinadi. Fransiya uchun ham, Angliya uchun ham bu saviya borasida teng raqibga qarshi ilk o‘yin bo‘ladi.