09:12 / 07.12.2022
4715

Argentina vitse-prezidenti Kirshner 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Kristina Fernandes de Kirshner firibgarlikda aybdor deb topildi. Apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqilmaguncha hukm qonuniy kuchga kirmaydi. Argentina vitse-prezidenti va sobiq davlat rahbari ta’qib qilinishdan immunitetga ega.

Foto: Getty Images

Argentina vitse-prezidenti va sobiq prezidenti Kristina Fernandes de Kirshner olti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va unga umrbod davlat lavozimlarida ishlash taqiqlandi. U uch sudyadan iborat hay’at tomonidan davlat rahbari bo‘lgan davrida rasmiylar davlat loyihalaridan 1 milliard dollar (956 million yevro) o‘zlashtirgan firibgarlik sxemasida aybdor deb topildi. Sud jinoiy tashkilotga rahbarlik qilish ayblovini rad etdi, ushbu moddaga ko‘ra jazo 12 yil qamoq jazosi bo‘lishi mumkin edi.

AP ta’kidlashicha, bu Argentina vitse-prezidenti lavozimida ishlayotgan vaqtida sudlanishi bilan bog‘liq birinchi holat. Apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqilmaguncha hukm kuchga kirmaydi, bu jarayon yillar davom etishi mumkin, deydi AP. Ayni damda Argentina vitse-prezidenti jinoiy javobgarlikka tortilmaslik huquqiga ega.

Kristina Fernandes de Kirshner hukmni tanqid qilib, o‘zini «sud mafiyasi» qurboni deb atadi. Keyinroq u 2007-2015 yillarda egallagan prezident lavozimi uchun navbatdagi, kelasi yili bo‘lib o‘tadigan saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qildi.

Sobiq prezident tarafdorlari umummilliy ish tashlash ehtimolini e’lon qilishdi. Ular Buenos-Ayres markazida yig‘ilib, Kirshnerni aybdor deb topgan federal sud binosi tomon yurishdi. Yurish ishtirokchilari barabanlar chalib, baqirgan, politsiya to‘siqlarini yengib o‘tishgan.

1 sentabr kuni 69 yoshli Kristina Kirshnerga suiqasd uyushtirildi. Suiqasd Argentina vitse-prezidentining Buenos-Ayresdagi uyi oldida sodir etilgan. Amaldagi davlat rahbari Alberto Fernandes televideniye orqali qilgan chiqishida aytganidek, olomon orasidan bir kishi Kirshnerga qurol ko‘rsatib, tepkini bosgan, biroq o‘q uzilmagan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi.

2018 yilda Argentinaning sobiq iqtisodiyot vaziri va sobiq vitse-prezidenti Amado Budu korrupsiyada ayblanib, besh yil-u o‘n oyga qamalgan edi.

Mavzuga oid
Top