O‘zbekiston | 16:43 / 07.12.2022
11476
3 daqiqa o‘qiladi

Muftiy poytaxt aholisini gaz va elektr energiyasini isrof qilmaslikka chaqirdi

«Kerak bo‘lmasa ham barcha xonalar yoritib yoki zaruratsiz isitib qo‘yilayotgan bir paytda qaysidir bir chekka qishloqda qiynalayotgan yurtdoshlarimiz borligini unutmaylik. Oxiratda har bir ne’matning zavoli uchun javob berarkanmiz, barcha narsada isrofning oldini olishimiz kerak», deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.

«Yurtimizga sovuq kunlar kelib, energiya yetmagani uchun o‘chirish holatlari bor. Ko‘p joylarda elektr energiyasi yetmayapti. Ammo poytaxtimizda elektr yonib turibdi, gaz bor. Lekin kerak bo‘lmasa ham hamma xonadonni yoritib qo‘yib, zaruratsiz hollarda ham barcha xonalar isitib qo‘yilayotgan bir paytda qaysidir bir chekka qishloqda yurtdoshlarimiz borligini unutmaylik. Ehtimol, men isrof qilmasam ularga ham energiya yetib borar, degan taqvo bilan tursak, bu Allohning ne’matiga shukronalik bo‘lardi», — deydi Musulmonlar idorasi raisi o‘z murojaatida.

Muftiyning aytishicha, hukumat bu borada ahvolni yaxshilashga harakat qilmoqda, shu o‘rinda fuqarolar ham ne’matlarni isrof qilmasligi kerak.

«Bir paytlar plitadagi gaz o‘chirilmagan, gugurt chaqishni iqtisod qilish uchun. 24 soatlab yoqilgan holda turgan. Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan, deganimdek hozir qancha muammo. To‘g‘ri, hukumatimiz, davlatimiz rahbari inson qadri uchun harakat qilyapti. Lekin, biz o‘zimiz ham isrof qilmaslikka harakat qilishimiz kerak.

Biz o‘zimiz viloyatda yashab ko‘rganmiz, elektrdagi uzilishlar, gaz bo‘lmasligini va suvning qiyinchiliklarini. Bugun poytaxtdagi ayrim xonadonlarda energetika isrof qilinganini ko‘rganimizda beixtiyor o‘sha issiqlik manbaiga muhtoj bo‘lib turganlar ko‘z oldimizdan o‘tadi. Bu isrof.

O‘zida yo‘qlarga tejashni aytmoqchi emasmiz, o‘zida borlar tejasin, boshqalarga ham yetib borsin. Agar hammamiz energetikani faqat kerakli joyda ishlatganimizda, boshqalarga ham yetib borardi», — deydi muftiy o‘z murojaatida.

Shuningdek, Nuriddin Xoliqnazarov yurtdoshlarimizga qiyomatda har bir ne’matning zavoli uchun javob berilishini eslatib, isrofning oldini olishga chaqirdi.

«Umuman olganda, oxiratda har bir ne’matning zavoli uchun javob berarkanmiz, barcha narsada isrofning oldini olishimiz kerak. Ana o‘shanda Alloh bizga ziyoda qilib beradi. Chunki Alloh taolo Qur’oni Karimda «Ne’matlarimga shukr qilsangiz, ziyoda qilaman», deya marhamat qilgan».

Mavzuga oid