Jamiyat | 13:53 / 10.12.2022
36313
6 daqiqa o‘qiladi

“Odam saratondan emas, xo‘rliklardan o‘lishi mumkin” - zulmatdagi ayol hikoyasi

Foto: KUN.UZ

“Endi 30 yoshga kirgan bo‘lsam-da 50 yoshlilarday fikrlay boshladim. Bu nimadanligini bilmayman: ammo shu yoshimda bir farzandim, tanamdagi saraton xastaligi, buzilgan turmushdan qolgan jarohatlar bilan ota uyimdaman”. “Hayotiy hikoyalar”ning bugungi qahramoni saraton bilan kurashayotib, taqdirning kutilmagan zarbalariga duch kelgan ayol.

Kelin emas, qul bo‘ldim

O‘zim o‘qituvchiman, vodiydagi ziyoli oilada voyaga yetdim, tinch, sog‘lom muhitda o‘sdim. Institutni tugatib turmushga chiqdim. Erim sobiq DXX xodimi. Unga yordam bo‘lishi uchun ishga kirdim – 2 stavkada ishladim. Shunga yarasha maosh ham olardim. Oyligimni kreditga olingan uyga to‘lasam ham o‘zimning ehtiyojim uchun bir tiyin ishlatishga ruxsat berishmasdi. Kamiga turmush o‘rtog‘imning opa-singillari tinimsiz ro‘zg‘orimizga aralashib, janjal chiqarishardi. Oilada o‘zimni kelin emas, qulday sezardim. Ishlaysan – qo‘lingda ko‘ngling tusaganini olishga puling yo‘q, ro‘zg‘or yukini bir o‘zing ko‘tarasan – bir nafas dam olishga joying yo‘q. Oilada hamma meni o‘z dushmani deb bilardi, nazarimda. Bir og‘iz yaxshi gap, ozgina mehr uchun jonimni jabborga berib ishimni ham, ro‘zg‘or ishlarini ham joyida qilishga urinardim.

Homiladorlik davrida hamma ayol boshdan kechiradigan vaziyatlarni men aytishga ham qo‘rqardim. Chunki erimga men uchun pul sarflash taqiqlangan edi. Topganim ham tiyinigacha sanab olinardi. Turmushimiz juda notinch, kaltaklar, xo‘rlanishlar ichida, har kuni nimadir bo‘lishidan qo‘rqib yashardim. O‘zim osoyishta oilada katta bo‘lganim uchun bunday yashash menga g‘ayritabiiy tuyulardi. Qattiq stresslar bilan oradan bir yil o‘tib o‘g‘il farzand ko‘rdim. Ammo shundan keyin kutilmaganda menda og‘ir xastalik – saraton aniqlandi.  

Saratondan ham dahshatlisi oldinda ekan...

Ko‘krak bezi saratoniga chalinganimni eshitganimda hammasi tugadi deb o‘yladim. Lekin ota-onam, bolamning ko‘zlariga qaraganimda ularni xavotirga qo‘yishga haqqim yo‘qligini angladim va kurashdim. Davolanib, kasaldan forig‘ bo‘lishim uchun ota-onam va turmush o‘rtog‘im yordam berishdi. Ikki yil davomida kimyoterapiyalar, operatsiyalarni boshdan o‘tkazdim. Orada kasalxonadan chiqqanimda esa yana qaynonamning tinimsiz janjallari ostida qolardim. Vaziyat o‘zgarishidan umid qilib, kasal holimda kelinlik vazifasini o‘rniga qo‘yishga tirishdim. Ishimdan kamchilik ko‘rishmasa kasal ekanimni yuzimga solishmas, degan o‘yda o‘zimni ayamadim. Bularning hammasi umidlarim so‘nmaganidan edi. Lekin saratondan ham dahshatlisi, yengib o‘tolmasligim aniq bo‘lgani hali oldinda ekan. Menga endi farzand ko‘rish mumkin emas ekan. Bunga qanday chidaganimni o‘zim ham bilmayman. Tush ko‘rayotganday edim. Oilamizda esa ahvolim avvalgidan ham og‘irlashgan edi. Sababi endi men kasal, ustiga ustak tug‘mas xotin edim. Bor alamimni ishdan olib, o‘g‘limni yaxshi tarbiyalash uchun yashashni boshladim.

Kasaldan o‘lmasam ham, kaltakdan o‘lishim mumkinligini angladim

Uyimizda esa har kuni janjal, endi erim ham meni odam o‘rnida ko‘rmasdi. Bedavo kasalligim kamday, farzand ko‘rolmasligim yuzimga solinardi. Hayotim qorong‘ilikdan iborat bo‘lib ko‘rinar edi. Salomatligim yomonlashib, bir necha marta otamnikiga ketdim. Shunday janjallarning birida qaynonam va qaynsinglim ketolmasligim uchun uyning eshigini qulflab qo‘yishdi va meni ayovsiz kaltaklashdi. Ularga kuchim yetmasdi. Shundan keyin bu yerda yashasam kasaldan bo‘lmasa ham kaltakdan o‘lishim mumkinligini angladim.

Ota-onam bolam bilan birga olib ketishdi. Erim orqamizdan biror marta so‘rab kelmadi yoki moddiy yordam ko‘rsatmadi. Bunga ajablanardim. Men uchun bo‘lmasa, farzandi uchun kelishi kerak derdim.

Orqavoratdan odamlardan erimning boshqa oilasi borligi haqida eshitdim. Ishongim kelmadi, chunki har ne bo‘lgandayam uning xiyonati haqida o‘ylamagandim. Afsuski, hammasi haqiqat bo‘lib chiqdi. Menda kasallik aniqlangandayoq boshqa ayolga uylanib, farzandli bo‘lgan va bundan oilasidagilarning ham xabari bo‘lgan ekan. Hozir ajrashishga ariza berganman, ammo undan keyin qayerda yashayman, bunisini bilmayman. Shundog‘am dard changalidan qaytarib olgan ota-onamga yana yuk bo‘lishni istamayman.

Inson taqdiriga yozilganidan qochib qutulib bo‘lmaydi. 30 yoshda ko‘rganlarim saboqlar, xulosalar juda ko‘p bo‘ldi. Ammo buning sababini bilolmay hayronman.

Kasal bo‘lganimdayoq ajrashganida, yoki kechib ketganida hayron bo‘lmasdim. Kasal xotin yoqmasligidan deyish mumkin edi. Biroq kasal holimda ham shuncha xo‘rlashlar va shunga majburligimni aytib ustimdan kulish uchun vijdon qay darajada bo‘lishi kerak? Yoshligim, sog‘ligim, umrim bir eshikda xor bo‘ldi – ayol bo‘lganim uchun. Kasal holimda ishlash, ro‘zg‘or qilish, haydalish va ko‘chada qolish – ayol bo‘lganim uchun.

Aybim ayol bo‘lib tug‘ilganimmi? Men yashayotgan qishloqda bunday taqdirlar juda ko‘p.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid