Jahon | 10:31 / 12.12.2022
3869
2 daqiqa o‘qiladi

London: 2023 yilda Rossiyada harbiy xarajatlar budjetning 30 foizidan oshadi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush olib borish uchun xarajatlari keskin oshib bormoqda. Kelgusi yilda Rossiya Federatsiyasi o‘z budjetining deyarli uchdan bir qismini harbiy ehtiyojlarga sarflashni rejalashtirgan, deya xabar beradi Britaniya Mudofaa vazirligi.

Foto: AP

Ukrainaga qarshi urush olib borish uchun Kremlning xarajatlari oshib bormoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 dekabrda imzolagan 2023 yil uchun federal budjet qonunida armiya, xavfsizlik xizmatlari va politsiyaga sarflanadigan xarajatlar 9 trillion rubldan (143 milliard dollar) oshadi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi 11 dekabr, yakshanba kuni o‘zining kundalik hisobotida bu miqdor o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli darajada yuqoriligi va Rossiya Federatsiyasi butun budjetining 30 foizdan ortig‘ini tashkil etishini bildirdi.

Shu bilan birga, Britaniya harbiy idorasi Rossiya Federatsiyasining kelgusi yil uchun bunday budjetini bashorat qilingan daromad va xarajatlarni hisobga olgan holda juda optimistik deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, deyiladi sharhda, urush xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash zarurati tufayli Rossiya budjetining harbiy bo‘lmagan qismlariga yuklama ortishi mumkin.

Rossiya budjetida harbiylarga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan xarajatlar turli moddalarga bo‘lingan va ularning bir qismi maxfiylashtirilgan. Noyabr oyi oxirida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2023 yilda davlat mudofaa buyurtmasini moliyalashtirish hajmi qariyb bir yarim barobarga oshishini ma’lum qilgan edi. Shoygu xarajatlarning ushbu bandiga budjetdan qancha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilganiga aniqlik kiritmadi.

Forbes'ning ukraincha versiyasi Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri to‘qqiz oy ichida Rossiya urushga 82 milliard dollar, ya’ni yillik budjet daromadlarining chorak qismini sarflagani haqida xulosa qilgan. Forbes ukrainalik harbiylar taqdim etgan ochiq ma’lumotlarga asoslanib hisob-kitob qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid