Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G7 Ukrainaga misli ko‘rilmagan yordamni davom ettirishga va’da berdi
«Rossiya bosqinchilik urushiga misli ko‘rilmagan muvofiqlashtirilgan sanksiyalar javobiga sodiq qolamiz. Rossiyaga hamda cheklovchi choralardan qochgan va ularga putur yetkazadiganlarga iqtisodiy bosimni saqlab qolamiz va kuchaytiramiz». Bu haqda G7 yetakchilari va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotida aytiladi.
«Biz Rossiyaning bosqinchilik urushi, energiya va oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishi oqibatlaridan jiddiy jabr ko‘rayotgan zaif mamlakatlarga yordam berishda davom etamiz», — deyiladi hujjatda.
«Biz Ukrainaning harbiy va mudofaa texnikasiga bo‘lgan favqulodda ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishda davom etamiz», Kiyevni «havo hujumidan mudofaa tizimlari va vositalari» bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratamiz, deya ta’kidladi G7. Bu haqda Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning idorasi bayonot berdi.
Avvalroq G‘arbning sanoati rivojlangan yetti yetakchi davlati ("Katta yettilik") ichki ishlar vazirlari Rossiyani Ukrainaga raketa hujumlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgandi va aybdorlarni javobgarlikka tortish talablarini qo‘llab-quvvatlagandi.
«Avvalgidek, Ukrainada tinch aholiga qarshi sodir etilgan eng dahshatli jinoyatlar va fuqarolik infratuzilmasi vayron qilingani haqidagi kadrlar har kuni bizga yetib keladi. Bunga chek qo‘yish kerak, Putin bu shafqatsiz urushga chek qo‘yishi kerak», dedi Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fazer Gessen federal hududi Eberbax monastirida G7 mamlakatlari ichki ishlar vazirlari konferensiyasi yakunida.
Fezerning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida vazirlar «harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar tergovini qanday tezlashtirishni muhokama qildilar, urush jinoyatchilari bir kun kelib sudlar oldida javob berishlari kerak». Konferensiya ishtirokchilari, shuningdek, Ukraina politsiyasi va adliya organlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga kelishib oldilar.