Jahon | 16:51 / 13.12.2022
6085
2 daqiqa o‘qiladi

London Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi

Buyuk Britaniya Rossiya va Eronga qarshi yangi «16 ta sanksiyadan iborat to‘plam»ni e’lon qildi. 

Foto: Reuters

Cheklov choralari Rossiya Qurolli kuchlari qo‘mondonligining 12 nafar vakiliga, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish va/yoki ularni Moskvaga yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan eronlik tadbirkorlar va amaldorlarga qarshi qaratilgan

Buyuk Britaniya hukumati bayonotida aytilishicha, general-mayor Robert Baranovga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan. U, Bellingcat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlarining asosiy hisoblash markazini (AHM) boshqargan hamda xodimlari Ukrainadagi fuqarolik nishonlariga raketalarni yo‘naltirgan.

Bundan oldin Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlashi to‘g‘risida xabar berilgandi. 

12 dekabr, dushanba kuni Financial Times'ning manbalarga tayanib xabar berishicha, u YeIning AQShdagi sobiq vakili Devid O'Sallivan bo‘ladi. Uning vazifasi butun dunyo bo‘ylab Yevropa Ittifoqining Ukrainaga qarshi urush uchun qo‘llagan jazo choralariga qat’iy rioya qilishni ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Turkiya kabi davlatlar Rossiyaning Yevropa cheklovlarini chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi kutilmoqda. Nashrning yozishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi Anqaradan sanoat va mudofaa mahsulotlari eksporti ustidan qattiq nazoratni chetlab o‘tishga urinayotgan kompaniyalar tomonidan Rossiyaga taqiqlangan mahsulotlar yetkazib berilishiga qarshi chora ko‘rishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, FT manbasiga ko‘ra, bu borada Serbiya va Birlashgan Arab Amirliklari Bryusselning diqqat markazida bo‘lgan.

Yevropa Ittifoqining yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Yevrokomissiya 13 dekabrdayoq yangi lavozimni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Devid O'Sallivan 2023 yilning yanvarida lavozimni egallashi mumkin. Devid O'Sallivan hozirda Irlandiyadagi Xalqaro va Yevropa munosabatlari instituti tahlil markaziga rahbarlik qiladi.

Mavzuga oid