Jahon | 22:05 / 14.12.2022
7578
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressiga TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun kiritildi 

Uning mualliflari ilova amerikaliklarga nisbatan josuslik qilishi va ma’lumotlarni yig‘ishi mumkin, deb hisoblamoqda. 

Foto: AP

Amerikalik qonunchilar Kongressning ikkala palatasiga TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlovchi, shuningdek, Rossiya, Xitoy va boshqa bir qator davlatlar nazoratidagi media-kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi. 

Qonun loyihasi respublikachi senator Marko Rubio tomonidan taqdim etilgan. Bunga TikTok ilovasidan amerikaliklarga nisbatan josuslik qilinishi, ularning shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ish va dezinformatsiyalarni tarqatishda foydalanish mumkinligidan xavfsirash sabab bo‘lgan. 

Yangi qonun loyihasi Xitoy va Rossiya tomonidan boshqariladigan yoki ta’siri ostidagi har qanday ijtimoiy media ilovalarini taqiqlashga qaratilmoqda. Vakillar palatasida xuddi shunday qonun loyihasini respublikachi kongressmen Mayk Gallaher va demokrat Raja Krishnamurti taqdim etgan. 

Rubioning fikricha, «gap ijodiy videoroliklar haqida emas, balki har kuni o‘n millionlab amerikalik bolalar va kattalar haqidagi ma’lumotlarni to‘playdigan dastur haqida ketmoqda». 

«Biz bilamizki, TikTok ilovasidan yangiliklarni manipulyatsiya qilish va saylovlarga ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanilmoqda. Bu taqiq Xitoyga qarata javobdir. Xitoy Kommunistik partiyasining qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan (ByteDance) kompaniyasi bilan behuda muzokaralarda endi vaqt sarflamaslik kerak. Endi uni taqiqlash vaqti keldi. Pekin nazorati ostidagi TikTok butunlay taqiqlanishi kerak», deyiladi senator Rubio bayonotida. 

AQSh ayrim shtatlarida davlat xizmatchilariga o‘z kompyuteri va telefonida TikTok ilovasidan foydalanish taqiqlangan. 

2020 yilda prezident Donald Tramp ma’muriyati ham TikTok ilovasini taqiqlashga urinib ko‘rgan edi.

Mavzuga oid