Jahon | 22:15 / 14.12.2022
34033
16 daqiqa o‘qiladi

«Men g‘alabamizgacha prezident bo‘laman. Uyog‘ini hali o‘ylaganim yo‘q» - Zelenskiy

Foto: Netflix

2022 yil oktyabrida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik komik va teleboshlovchi Devid Lettermanning Netflix tarmog‘idagi «Navbatdagi mehmonim» (My Next Guest) shousiga intervyu berdi. Suhbat metroda — Littermanning ta’rifi bo‘yicha Kiyevdagi eng xavfsiz joyda bo‘lib o‘tgan hamda dam «Maydan Nezalejnosti» bekatidan o‘tayotgan poyezdlar, dam havo hujumidan ogohlantiruvchi sirena ovozlari bilan bo‘linib turgan.

Suhbatning ikkinchi qismi bir necha hafta o‘tgach masofadan turib davom ettirilgan. Zelenskiy Kiyevda qolgan, Letterman esa Nyu-Yorkka borgan. «Meduza» Ukraina prezidenti Lettermanga nimalar deganini ixcham holga keltirdi.

Urushga odatlanish haqida

[Ukraina bayrog‘i] — bu ikki rang, osmon va yerni bildiradi. Bu bizning yerimiz, bizning nonimiz va osmonimiz. Men uchun moviy rang — hayot rangi, kenglik va erkinlik timsoli. Shu sababli bu bayroqda samolyotlar ham, raketalar ham, yonar o‘qlar tasviri ham yo‘q. Men uchun bu ikki rang — o‘zim tug‘ilgan, uning uchun jang qilayotgan mamlakat rangidir. Sirenani eshityapsizmi? (Shu payt havo hujumidan ogohlantiruvchi sirena ovozi tobora qattiq yangray boshladi).

Taassufki, urush biz uchun odatga aylandi. «Taassufki» deyayotganimga sabab, urush kundalik turmush tarziga aylanmasligi kerak. Biroq biz sirenalarga shunchalik ko‘nikib qoldikki, ba’zan unga e’tibor ham bermaymiz, yerto‘la, bombapana izlab yo metroga — xavfsizroq joyga yugurmaymiz. Meni uchun sirena — urush hali tugamaganini bildiruvchi belgi.

Avvaliga Kiyev va oblast ozod qilinganda ko‘tarinki kayfiyat ham bo‘ldi, go‘yoki urush tugagandek. Lekin urushning tugamaganiga sabab qo‘shning, yaqin insoning yoki qarindoshingni o‘ldirishmayotgani emas, qayerdadir bizning askarlarimiz jon taslim qilayotganida. Bu qayerdadir kimdir sening joning uchun o‘z jonidan voz kechayotganini bildirib turuvchi eslatma.

Ukraina go‘yoki mavjud emas, deydigan Kreml propagandasi haqida

Bu bosqinchilikni oqlash uchun ishlatiladigan toza narrativ. Bu Rossiyaning amaldagi prezidenti, uning yon-atrofidagilarning shunchaki siyosati. Ular ushbu narrativni ataylab shishirishadi va o‘z jamiyatiga yedirishadi.

Rostini tan olaman, afsuski, bular uni uddalashdi: o‘z jamiyatini mahv etib, odamlarning miyasini yuvishdi. Ular odamlarni ishontirishga, ularni axborot pufagi ichiga qamashga muvaffaq bo‘lishdi. [Ular uchun] ukrainaliklar mavjud emas, Ukraina go‘yoki qandaydir kichik bir bo‘lak va chetda joylashgan: «Ukrainaliklarning na tili, na madaniy merosi, na tarixi bor — hech vaqosi yo‘q. O‘zlarida bor bo‘lgan barcha narsani ular sovet ittifoqi parchalangach bizdan yulib olishgan. Lekin ular bizdan faqat vaqtinchalik ajralib chiqishgan».

Juda jo‘n-a? Lekin hammasi o‘zgarib biz g‘alaba qozonganimizda, ularning o‘zlari ham buni tezda tushunib yetishiga guvoh bo‘lasiz.

Urush ukrainaliklarni o‘zgartirayotgani haqida

Men bizni urush o‘zgartirmoqda, deb o‘ylamayman. Biroq buni faqat urush tugaganidan so‘ng anglab yetishimiz mumkin. Shunchaki u bizni kun kechirishning boshqacha sharoiti bilan ro‘para qilmoqda. Bu sharoitlarda odam yo insonligicha qoladi, yo maxluq, terrorchi, bosqinchi, zolimga aylanadi. Men bularning barchasini ko‘rdim. Biz barchamiz Rossiya okkupatsiyasi oqibatlarini ko‘rdik.

Urush — bu tanlov. Murakkab tanlov. Senda kuniga sening [o‘tmishdagi] hayotingni parchalagan dushmanga nisbatan nafrat quyilib keladi. Lekin bu nafratni tiyib turishga to‘g‘ri keladi, chunki qarshingdagi dushman bo‘lishiga qaramasdan, ma’lum qoidalar bo‘yicha urushish lozim. Inson bo‘lib qolish shart. Urush boshlanganidan buyon oddiy narsalarni seva boshladim: bolalar, hayot, tongni. Sirenalar ham yo‘q. Sokinlik. Sokinlik — bu juda muhim so‘z.

Zelenskiy har kuni nima bilan mashg‘ulligi haqida

Odatda tonggi soat 5-6 larda turaman. Agar qandaydir kritik vaziyat paydo bo‘lsa, telefon qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onaman. Shundan so‘ng harbiy kengashni o‘tkazaman. Bolalarim va rafiqam bilan telefon orqali so‘zlashishga ulgursam — bu yaxshi. Faqat shu onlarda nafas rostlashga ulguraman. Har kuni erta tongdan yarim tungacha urush menejmenti va davlat rahbarligi bilan shug‘ullanaman. Yana ovqatlanishni yaxshi ko‘raman.

Rafiqasi haqida

U Kongressda chiqish qildi, uning muhim missiyasi bor edi. Rostini tan olaman, o‘rtada qo‘llov darajasi kamaygani, axborot vakuumi paydo bo‘lishidan tashvishlangan onlarimiz ham bo‘ldi. Shunda biz havo hujumidan mudofaa tizimi vositalarimizda yetishmovchilik borligini angladik. Biz osmonimizni yopishimiz kerak edi va men turli yondashuvlarni o‘rganib chiqdim. U esa ona sifatida boshqa onalar nimani istayotgan bo‘lsa shuni xohlardi. Biz hamkorlarimizdan bizni tushunib turishgani haqida javob oldik. Ya’ni havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni muhokama qilishni — aynan shu sababli uning tashrifi juda muhim edi.

Bolalari haqida

Bolalarimizga g‘alaba haqida gapirish shart emas. Ishoning, ular urush haqida bizdan ham ko‘proq narsa bilishadi. O‘g‘lim 9 yoshda, u har qanday qurolning nomlanishini biladi. Uni men o‘rgatganim yo‘q. Ular ham shu urush qurshovida. Shu sababli, bir tomondan, boshqa ayrim otalarga nisbatan menga osonroq, chunki bolalarimni juda kam ko‘raman, ular bilan ko‘rishish imkoniyati paydo bo‘lganida nimaiki demay, ularning mendan ko‘ngli to‘q.

Ba’zan shunday tuyuladiki, ularga ma’no-mantiq muhim emas, muhimi men yonida bo‘lsam, ularni qucholsam bas. Putin farzandlarimizning bolaligini o‘g‘irladi. Biroq, boshqa tomondan, har birimiz o‘z mamlakati himoyasi uchun nimadandir voz kechishi kerakligini bilamiz. Farzandlarimiz o‘z bolaligidan voz kechishdi.

Yumor haqida

Yumor — bu organizmning bir qismi, yumor hissi juda muhim narsa. Esdan og‘ib qolmaslik uchun ham muhim. Bilasiz, drama bor, tragediya bor, shuningdek, tragikomediya ham bor. Hamma insonlar — okopda yotganlar ham, hozirgina metro vagonida o‘tib ketganlar ham — barchasi ishga borishmoqda, barchamiz yashash uchun ishlayapmiz. Yumorga esa kayfiyatni ko‘tarish uchun murojaat qilamiz. Sovet ittifoqida barcha juda qiyin sharoitda yashagan, yumor esa odamlarni yashashda davom etish, farzand o‘stirish uchun ilhomlantirgan. Hozirgi murakkab sharoitlarda ham odamlar hazillashishda davom etishmoqda. Sizga ham latifa aytib berishim mumkin. Odessalik ikki yahudiy uchrashib qolibdi. Biri ikkinchisiga dermish:

— Xo‘sh, vaziyat qanday ekan, nima deyishyapti?

— Urush deyishyapti.

— Qanaqa urush?

— Rossiya NATO bilan urushayotganmish.

— Xo‘sh, natija qanaqa?

— Qanday bo‘lardi, ruslar 70 ming askaridan ajralgan, barcha raketalarini otib tugatishibdi, ko‘plab texnikalari portlab ketib, ishdan chiqqan.

— NATO-chi?

— NATO hali kelgani ham yo‘q.

Rossiyaliklarning Putinga ishonchi haqida

Ha. Afsus bilan tan olish kerak, unga odamlarning katta qismi ishonadi. Ular eshik-derazalarini yopib olib, urushdan go‘yoki yashirinishgan. Bu qo‘rqoqlik. Qayerda yashayotganingni, reallik nima ekanini bilmaysan. Shunchaki qo‘rqayotgan insonlar ham bor. Ular reallikni juda yaxshi tushunib turishibdi, lekin qo‘rqishadi, chunki... chunki qo‘rqishadi.

[Agar Putin o‘lib qolsa] urush tugaydi. Avtoritar rejim xavfli, chunki u katta tahdidlar bilan chambarchas bog‘liq. Hamma narsa birgina insonga bog‘liq bo‘lishi mumkinmas. Agar bunday qudratga ega inson ketsa institutlar to‘xtaydi. Bunaqasi sovet ittifoqi davrida ham bo‘lgan. Agar u bo‘lmasa, ularga juda qiyin bo‘ladi. Ular tashqi emas, ichki siyosat bilan shug‘ullanishga mubtalo bo‘lishadi.

Ular demokratiya uchun kurashishadi. Lekin butun sivilizatsiyalashgan dunyodan keng miqyosda ihotalanib qolgan ushbu onlarda undan chiqishning yagona yo‘li — xalqaro huquqni hurmat qilish. Bu esa demokratiya degani. Suverenitet va hududiy yaxlitlikni tan olish — bu yerda gap Ukrainada emas, barcha mamlakatlarga taalluqli. Gurjiston, Moldova. Ular [rossiyaliklar] hamma joyda iz qoldirishgan.

Bugun Rossiya vakillariga butun dunyoda hech kim qo‘l uzatmaydi, barcha ma’noda. Men jismonan [qo‘l siqishish] emas, jiddiy narsalar haqida aytyapman. Rossiya xalqaro musobaqalarda, madaniyat sohasi tadbirlarida, «Oskar» topshirish marosimlarida, hech joyda ishtirok eta olmaydi. Mana shu haqiqiy izolyatsiya deb ataladi. Menimcha, bu xalqaro hamjamiyatning yagona to‘g‘ri bo‘lgan reaksiyasi. Rossiya qandaydir yoqimsiz narsa, bo‘shliq ramziga aylandi.

Zelenskiy ukrainaliklarni bizning eng qadrli narsamiz, deb atagan nutqi haqida

Men xalqimizni qo‘llab-quvvatlashni doimo istaganman. Hozir aniq va sof idrok bilan tushunib turibmanki, qo‘lida qurol bilan dushmanga qarshi kurashayotgan har bir inson oldinga qarab intilar ekan «men qo‘rqmayman, men uddalayman», deb o‘ylaydi, lekin u qo‘rqishi mumkin. Chunki u tirik odam, qo‘rqadigan kimlari yoki nimalaridir bo‘lishi mumkin.

Men ana shunday har bir askarga qarata ular bilan faxrlanishimiz, ulardan umid qilishimiz va ularni sevishimizni aytmoqchiman. Hech bir armiya hamma narsani uddalay olmaydi — toki biz fuqarolik kiyimidagi kishilar xuddi ulardek o‘z hayotimiz bilan tavakkal qilmasak.

Mana millatga murojaatimda nimani nazarda tutgan edim. Ular meni eshitishdi va birlashishdi. O‘sha paytda qishloqlarda odamlar — oddiy odamlar, turli kasbdagi, ishsizlar va hattoki pensioner kishilar qo‘llari bilan tanklarni to‘xtatish uchun ko‘chalarga chiqishdi. Bu insonlar ham askarlar edi — chunki ular o‘zlarida bo‘lganidan kattaroq narsani himoya qilishdi va buning uchun jonini berishdi.

G‘alaba nimaligi haqida

Bu qancha davom etishini hech kim bilmaydi. Men mas’ul odamman, shu sababli insonlarga urush tugayotganini eshitish naqadar muhimligini yaxshi anglayman. Chunki bu hozir eng asosiy masala, men esa bunday narsalar bilan o‘ynashmayman. Biz uchun urushning tugashi — barcha yerlarimiz ozod qilinishidir. Bu mojaroni muzlatib qo‘yish emas, ertagayoq dronlar uchishi to‘xtab, qayerdadir frontda odamlar o‘layotgani, bu bizdan uzoqda ekani, bizgacha yetib kelmasligi emas. Yo‘q, bu noto‘g‘ri va insofsizlik. Bizning fuqarolarimiz urushmoqda, shuning uchun urush barcha joyda, u har bir xonadonga kirib kelgan. Shu sababli urush qachonki bizni okkupatsiya qilishni bas qilishganda tugaydi.

AQShdagi voqealar haqida

AQShda nimalar bo‘layotganini tushunib turibmiz. Biz buni kuzatyapmiz, bu rost. Chunki Qo‘shma Shtatlar — jahonda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yetakchi. Ularning qo‘llovisiz bizga juda qiyin va yomon bo‘lardi. Urush qachon tugashi to‘g‘risidagi savolning javobi jumladan, mana shu qo‘llashga ham bog‘liq. [Urush] qisqa bo‘lishi uchun ko‘proq yordam kerak. Biz [AQShdagi voqealarni] kuzatmoqdamiz, chunki bu bizni tashvishga soladi va turli tomonlardan turlicha xabarlar ham eshitmoqdamiz.

Agar Kongressdagi, siyosatdagi muhit o‘zgarsa, bu Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga ham katta ta’sir o‘tkazishi mumkin. Lekin biz butun dunyo uchun, jahondagi demokratiya va ozodlik uchun kurashmoqdamiz. Biz nima uchun kurashayotganimizni bilamiz. Eng muhimi — Amerika jamiyati ham buni anglashi, AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kursidan og‘ishmasligi, biz ular uchun ham jang qilayotganimizni bilishi kerak.

Ukrainaliklar urushdan charchagani haqida

Garchi qiyin bo‘lsa ham, biz sekin-asta tiklanmoqdamiz. Bizda «Yengilmaslik markazlari» ish boshladi, u yerga xonadonida 12 soatdan ortiq elektr bo‘lmagan insonlar murojaat qilishi mumkin. Shunday yashay turib, o‘tgan asrning 40-yillariga naqadar o‘xshashligidan hayratlanmoqdamiz. Rossiya Federatsiya prezidenti buning hisobini olmagan ko‘rinadi: bizga qanchalik ko‘p zarba berishsa — ular rostgo‘ylik va insoniy qadr-qimmatga adolatsiz zarba berishmoqda — shunchalik ko‘p inson buni munosib ravishda qarshi olib, vaziyatdan g‘olib sifatida chiqib ketishni istamoqda.

Biz so‘rovnoma o‘tkazdik, xalqimizning 98 foizi chiroqsiz, suvsiz o‘tirsak ham Rossiyasiz yashasak bas, deyishmoqda. Rossiya ochlik, yorug‘lik va suv ustidan hukmronlik qilmoqchi. Agar Xudo emasliging aniq bo‘lsa-yu, bu ishlarni qilayotgan bo‘lsang unda kimsan? Varvarsan. Kremldagi bu odamlar o‘zining kimligini hal qilib olishlari kerak: ular varvarlarmi yoki esidan ayrilgan odamlarmi? Unisiyam, bunisiyam Ukrainaga to‘g‘ri kelmaydi.

Yadroviy mojaro tahdidi haqida

Bu ikki turli savol bo‘lib, alaloqibat bir xil natijaga olib keladi, deb o‘ylayman. Ular tomonidan bizning atom stansiyamizning okkupatsiya qilinishi — bu juda katta tahdid. Boshqa masala bor — Putin tomonidan yadroviy zarba berilishi tahdidi ham mavjudmi, degan. Men u bilan uchrashganman va unda hali yashash istagi borligini ko‘rganman. U o‘sha uzun stolning narigi tarafida o‘tirishidan murodi ham kovid yo boshqa yuqumli kasallikni yuqtirib olishdan qo‘rqishi. Demak, u o‘limdan baribir qo‘rqadi. Shuning uchun u yadroviy quroldan foydalanadi, deb aniq ayta olmayman. Chunki u tugmani bossa javob har qanday davlatdan uning o‘ziga qarata kelishi mumkin.

Kelajak haqida

G‘alabamizgacha men aniq prezident bo‘lib turaman. Keyin nima bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Juda dengizga borgim kelyapti.

Mavzuga oid