10:16 / 16.12.2022
9221

BMT Bosh assambleyasi Qrim bo‘yicha yangilangan rezolyutsiyani qabul qildi

Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi ishtirokchilari annexia qilingan yarimoroldan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuz qilishi maqsadida foydalanishini qoraladi.

Foto: Picture Alliance

Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi 15 dekabr, payshanba kuni Rossiya tomonidan annexia qilingan Ukrainaning Qrim yarimorolida inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha yangilangan rezolyutsiyani qabul qildi, rezolyutsiyada Rossiyaning keng ko‘lamli istilosi boshlanganidan beri shakllangan shart-sharoitlar hisobga olingan. Xalqaro tashkilotga a’zo 82 davlat «Vaqtincha bosib olingan Qrim avtonom respublikasi va Ukrainaning Sevastopol shahrida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat» hujjatini qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berdi, deb xabar qilyapti «Ukrinform» agentligi. Rossiya, Belarus, Zimbabve, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya va Suriya kabi 14 davlat qarshi chiqdi. Yana 80 ta davlat betaraf qoldi.

Qabul qilingan hujjatda yarimoroldagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha o‘tgan yillardagi shunga o‘xshash rezolyutsiyalarda mavjud bo‘lgan qoidalarga qo‘shimcha ravishda, Rossiyaning Qrimdan Ukrainaga tajovuz qilish maqsadida foydalanishi va Xerson va Zaporijjya viloyatlarini noqonuniy annexia qilishga urinishlarni qo‘llab-quvvatlash qoralanadi. Rezolyutsiyada Rossiya «Ukraina va ukrainaliklarga nisbatan nafrat uyg‘otganlikda, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini oqlovchi dezinformatsiya tarqatishda» ayblanadi.

Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi «Qrimdagi o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olishlarning misli ko‘rilmagan yangi to‘lqini, Qrimga va Qrimdan majburan ko‘chirish», izsiz g‘oyib bo‘lish holatlari, shuningdek, «ko‘chirilgan shaxslarni filtrlash tartibini» qabul qilib bo‘lmas deb hisoblaydi. Rezolyutsiyada «Rossiyadan Ukrainaga qarshi agressiyani zudlik bilan to‘xtatish va Ukraina hududidan xalqaro tan olingan chegaralari doirasida barcha qurolli kuchlarini so‘zsiz olib chiqib ketish talab etiladi». 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top