Jahon | 10:47 / 16.12.2022
3256
2 daqiqa o‘qiladi

YeMB bazaviy stavkani 0,50 foiz punktga oshirdi

Yevropa regulyatori bazaviy stavkaning oshishini sekinlashtirdi. So‘nggi paytlarda Yevrozonada inflatsiya darajasi biroz pasaydi.

Foto: Getty Images

Yevropa Markaziy banki (YeMB) davom etayotgan inflatsiya fonida bazaviy stavkani yana oshirdi, lekin avvalgidek emas. 15 dekabr, payshanba kuni regulyator bazaviy stavkaning qimmatli qog‘ozlar mutaxassislari bashorat qilganidek, 0,50 foiz punktiga - 2,50 foizgacha oshishini e’lon qildi. Bu stavkaning ketma-ket to‘rtinchi ko‘tarilishi. Faqat sentabr va oktabr oylarida YeMB uni ikki marta, har safar 0,75 foiz punktiga oshirdi.

Regulyator har bir narsa aniq vaziyatga bog‘liq bo‘lishini ko‘rsatib, bazaviy stavkani yanada oshirishga tayyorligini bildirdi. So‘nggi paytlarda yevrohududda inflatsiya 2021 yil o‘rtalaridan beri birinchi marta biroz pasaygan. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich oktabr oyidagi 10,6 foizdan 10 foizgacha tushdi. Bu yevrozona inflatsiyasi allaqachon cho‘qqiga chiqqan bo‘lishi mumkin degan umidlarni kuchaytirdi.

YeMB prognozlariga ko‘ra, bu yil yevro hududida yashash narxining oshishi uch oy oldin kutilganidan yuqori bo‘ladi. Regulyator o‘rtacha yillik inflatsiya darajasini 8,2 foizga bashorat qilmoqda. Sentabr oyida bu ko‘rsatkich 8,1 foiz bo‘lishi kutilgan edi. Kelgusi yilda YeMB inflatsiyani 6,3 foiz (sentabr prognozi - 5,5 foiz) darajasida kutmoqda. 2025 yilda inflatsiya 2,3 foizni tashkil etadi.

15 dekabr kuni Britaniya Markaziy banki ham bazaviy stavkani 0,5 foiz punktga oshirib, 3,5 foizgacha yetkazdi, bu ham birja prognozlariga mos keldi. Britaniya regulyatori bazaviy stavkani 2021 yil oxiridan beri to‘qqizinchi marta oshiradi.

Mavzuga oid