Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Kongressi Donald Trampga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilishini tavsiya qiladi
Sobiq prezident isyon, davlat idoralariga to‘sqinlik qilish va AQSh hukumatini chalg‘itishga qaratilgan fitnada ayblanishi mumkin.
AQSh Kongressining 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirish bilan bog‘liq vaziyatni tergov qiluvchi maxsus qo‘mitasi sobiq prezident Donald Trampga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni tavsiya qilmoqchi.
Qo‘mita keyingi hafta yakuniy hisobotni e’lon qiladi va AQSh OAV manbalariga ko‘ra, Trampga qarshi uchta modda bo‘yicha ayblovlar qo‘yishni taklif qiladi - isyon, davlat idoralariga to‘sqinlik qilish va AQSh hukumatini chalg‘itishga qaratilgan fitna.
AQSh tarixida sobiq prezidentlarning hech biriga jinoyat bo‘yicha ayblov e’lon qilinmagan.
2021 yil 6 yanvar kuni Vashington markazida o‘sha paytdagi prezident Donald Tramp tarafdorlari tartibsizliklar uyushtirishdi. Kapitoliy binosi yaqinida norozilik namoyishi sifatida boshlangan voqea qurolli to‘qnashuv va binoning egallab olinishiga aylandi. Prezident saylovi natijalarini bekor qilishni va g‘alabani Trampga berishni talab qilgan namoyishchilar Kapitoliy qo‘riqlash xizmatini yorib o‘tib, binoga bostirib kirishdi. To‘polon paytida besh kishi halok bo‘ldi.
Trampning Kapitoliyga bostirib kirishdagi rolini allaqachon tekshirayotgan AQSh Adliya vazirligi Kongress qo‘mitasi tavsiyalariga amal qilishga majbur emas.
Tramp 6 yanvar voqealariga aloqadorligini rad etadi. Juma kuni uning matbuot kotibi Stiven Cheng komissiya harakatlarini qoralab, uning a’zolarini «mamlakat tarixidagi dog‘» deb atadi.
Maxsus qo‘mita dushanba kuni yakuniy yig‘ilish o‘tkazishi kerak, unda barcha tavsiyalar e’lon qilinadi. To‘liq hujjat chorshanba kuni e’lon qilinadi, dedi qo‘mita raisi Benni Tompson.
Qo‘mitaning fikriga ko‘ra, Tramp saylovda mag‘lub bo‘lgach, hokimiyatda qolishiga umid qilib, tarafdorlarini Kapitoliyga bostirib kirishga undagan.
Adliya vazirligi allaqachon 6 yanvar voqealari yuzasidan jinoiy ish tergovini olib bormoqda.
Tartibsizliklardan bir hafta o‘tib, Vakillar palatasi Trampga ikkinchi marta impichment e’lon qildi va uni fitnada aybdor deb topdi. Biroq Senat bu ayblovni qo‘llab-quvvatlamadi.