Jahon | 14:31 / 17.12.2022
13772
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Putin bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini tan oldi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish uchun Kreml bilan gaplashish kerak, deb hisoblaydi Germaniya kansleri. Olaf Shols Rossiyaning jang maydonidagi muvaffaqiyatsizliklari nuqtayi nazaridan keskinlashuv xavfi yuqori ekanligini ta’kidladi. 

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha keyingi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini bildirdi. Germaniya hukumati rahbari 17 dekabr, shanba kuni Süddeutsche Zeitung (SZ) gazetasiga bergan intervyusida: «Bizning maqsadimiz – Rossiya o‘zining bosqinchilik urushini to‘xtatishi, Ukraina esa o‘z yaxlitligini himoya qilishidir», deb ma’lum qildi. 

Buning uchun «gaplashib olish kerak», deb tushuntirdi kansler. «Bu telefon, video-aloqa yoki uzun stolda sodir bo‘ladimi, buni hali o‘ylab ko‘rish kerak», deya qo‘shimcha qildi Shols. 

Moskva «bunday davom eta olmasligini tushunishi kerak», dedi Germaniya hukumati rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin «urushni to‘xtatishi, qo‘shinlarni olib chiqib ketishi va shu tariqa o‘zaro tushunish uchun imkoniyat yaratishi» kerak. Shols Rossiyaning jang maydonidagi muvaffaqiyatsizliklari nuqtayi nazaridan keskinlashuvning «yuqori» ehtimoliga ishora qildi. 

Bir necha kun avval Germaniya kansleri Rossiya prezidenti Yevropa davlatlari tuzilmasi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lgani, Yevropa va G‘arb birligini yetarlicha baholamaganini aytgandi. Germaniya hukumati rahbari Ukrainaga keng ko‘lamli yordam, jumladan, harbiy yordam ko‘rsatilishiga ishora qildi. 

Dekabr oyi boshida Shols va Putin sentabr oyining o‘rtalaridan beri birinchi marta telefon orqali muloqot qilishdi. Kansler vaziyatga imkon qadar tezroq diplomatik yechim topish zarurligini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, Shols Germaniyada bu yoki keyingi qishda gaz inqirozi yuzaga kelishini kutmayapti. Berlin hukumat tomonidan allaqachon boshlangan qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida ajratilgan mablag‘lar «bu yil va kelgusi qishda yuqori narxlar ta’sirini yumshata oladi» deb umid qilyapti. 

Mavzuga oid