Jahon | 23:08 / 20.12.2022
8934
2 daqiqa o‘qiladi

Angliyada qirol Charlz III portreti tushirilgan banknotlar chiqarildi 

Angliya banki Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tasvirlangan banknotlar dizaynini taqdim etdi. 

Foto: sky.news

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, monarx portreti £5, £10, £20 va £50 nominalidagi polimer banknotlarda paydo bo‘ladi. 

Monarxning profili banknotlarning old tomoniga, shuningdek, Big Ben tasviri yonidagi shaffof himoya oynachasiga tushiriladi. Orqa tomonda sobiq bosh vazir Uinston Cherchill, yozuvchi Jyeyn Ostin, rassom J.M.V.Tyorner va matematik Alan Tyuring tasvirlangan. 

Angliya banki dizaynni ishlab chiqishda qirollik oilasi vakillari ishtirok etganini qayd etdi. 

Qirol tasviri tushirilgan banknotalar 2024 yil o‘rtalarida muomalaga chiqariladi. Shu bilan birga, qirolicha Yelizaveta II portreti tushirilgan banknotalar eskirguncha yoki shikastlanmaguncha qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi. Shu asosda qirollik oilasi monarx o‘zgarishining ekologik va moliyaviy oqibatlarini minimallashtirishni istaydi. 

Dekabr oyi boshida Britaniyada Charlz III tasviri tushirilgan birinchi tangalar muomalaga kiritilgan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid