O‘zbekiston | 11:42 / 21.12.2022
4904
2 daqiqa o‘qiladi

Oila qurganiga 5 yil to‘lmaganlar o‘rtasidagi ajrimlar soni ma’lum qilindi

Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan eshituv o‘tkazildi.

Foto: parliament.gov.uz

Unda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R. Turdiboyevaning “Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajrashishi oldini olish to‘g‘risida”gi axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatda oilalar soni 9 503 244 ta bo‘lib, undan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalar soni 2 886 296 tani, birgina joriy yil oktabr oyi yakuniga ko‘ra esa yangi rasmiylashtirilgan nikohlar soni 214 923 tani tashkil etmoqda.

2022 yilning yanvar-oktabr oylarida 40 200 ta oilaviy ajrimlar qayd etilgan. Oila qurganiga 5 yil to‘lmagan oilalar o‘rtasidagi ajrimlar esa 17 628 tani tashkil etadi.

R.Turdiboyeva aytishicha, nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajrimlarning oldini olish maqsadida 60 580 nafar nikohlanuvchi shaxslar Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida o‘qitilgan. 12 710 nafar noqonuniy nikoh asosida yashab kelayotgan oilalar nikohi qonuniy rasmiylashtirilgan.

Nizoli oilalar bilan individual ishlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha mahallalardagi xotin-qizlar faollari uchun “Nizoli oilalar bilan ishlash individual daftari” amaliyotga tatbiq etilib, ushbu mexanizm orqali ajrim yoqasiga kelib qolgan 23 804 nafar nizoli oilalar barqarorlashtirilgan.

Mavzuga oid