Jahon | 19:57 / 21.12.2022
11114
2 daqiqa o‘qiladi

Shoygu Rossiyada chaqiruv yoshini oshirishni taklif qildi

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu harbiy chaqiruv yoshini bosqichma-bosqich oshirishni taklif qildi – muddatli harbiy xizmatga hozirgidek 18 yoshdan 27 yoshgacha emas, balki 21 yoshdan 30 yoshgacha olishni.

Foto: RIA Novosti

Shoygu bu haqda Mudofaa vazirligi kollegiyasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib aytdi.

«Qurolli kuchlar safiga chaqirilayotganda fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga chaqirilish yoshini bosqichma-bosqich 18 yoshdan 21 yoshga, chegarani esa 30 yoshga yetkazish kerak», — dedi vazir. Bunda xizmat muddati o‘zgarmaydi - bir yil.

Bundan tashqari, u muddatli harbiy xizmatni o‘tashning birinchi kunidanoq askarlarga shartnoma tuzishga ruxsat berishni taklif qildi.

Shoygu Rossiya qurolli kuchlari sonini 1,5 million harbiy xizmatchiga yetkazishni, shartnoma asosida xizmat qiluvchilar sonini 695 ming bo‘lishini istayapti.

Avgust oyida Putin qurolli kuchlarning ruxsat etilgan sonini 2 039 758 nafar qilib belgilagan edi, ulardan 1 150 628 nafari harbiy xizmatchilardir.

Shoygu nutqidan so‘ng Putin uning tashabbusiga rozi ekanligini aytib, muhokamani yopiq eshiklar ortida davom ettirishni taklif qildi.

Shu yil kuzda rossiyalik deputatlar va senatorlar armiyadagi harbiy xizmat muddatini bir yildan ikki yilgacha oshirish g‘oyasini muhokama qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Biroq, tashabbus na prezident ma’muriyatida, na Mudofaa vazirligida qo‘llab-quvvatlanmadi.

Harbiy xizmatga chaqiruv yoshi chegaralarini oshirish Shoyguning Putinga qilgan yagona taklifi emas. Xususan, u «Rossiya chegaralari yaqinida NATO tomonidan harbiy salohiyatni oshirish istagi borligini inobatga olgan holda» Rossiyaning shimoli-g‘arbiy qismida qo‘shinlarning yangi guruhini yaratish zarurligini aytdi.

Shuningdek, Shoygu harbiy safarbarlik bilan bog‘liq muammolarni tan oldi va ularni safarbarlik II Jahon urushi davridan beri amalga oshirilmagani bilan asosladi. Sentyabr oyida Putin e’lon qilgan safarbarlik maqsadini «yangi hududlarni himoya qilish» va «keyingi hujumkor harakatlarni» amalga oshirish zarurati bilan izohladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid