Jahon | 12:06 / 23.12.2022
18227
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda Ukrainadagi urushni tugatishning uchta varianti muhokama qilinmoqda

Ikki modelga ko‘ra, Ukraina hududlarining bir qismi Rossiya nazorati ostida qolishi mumkin. Oq uyda barcha uch variant tarafdorlari Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlamoqda, deb yozadi The Washington Post.

Foto: e-flux.com

Amerikaning The Washington Post (WP) gazetasi 21 dekabr kuni Oq uy Rossiya-Ukraina urushini ehtimoliy tugatishning uchta variantini muhokama qilayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Gazetaning ta’kidlashicha, ushbu uch model har birining AQSh ma’muriyatida tarafdorlari bor. Ularning barchasi Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaydi, ammo Kiyev tinchlikka erishish uchun nazariy jihatdan qanday yon berishi mumkinligi haqida turli fikrlarga ega.

Urushni tugatishning birinchi modeli xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning barcha hududidan olib chiqib ketishni nazarda tutadi va prezident Volodimir Zelenskiy aynan shunday tinchlik rejasini taklif qilgan. Ikkinchisiga ko‘ra, joriy yilning 24 fevraliga qadar mavjud bo‘lgan vaziyat tiklanishi kerak, ya’ni Donbass va Qrimning bir qismi Rossiya nazorati ostida qoladi. Uchinchi model Ukraina tomonidan bosib olingan barcha hududlarni ozod qilishni nazarda tutadi, Qrimdan tashqari, bu masala muzokaralarda hal qilinishi kerak.

Rossiya bilan o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan muzokaralarda «diplomatik yechim qanday bo‘lishi, muzokaralar qachon boshlanishi va qanday qizil chiziqlar mavjudligi» haqidagi barcha qarorlar Ukraina rasmiylari tomonidan qabul qilinishi kerak, ammo AQSh o‘z fikrini Kiyevga yetkazishi mumkin. Bu Vashingtonning rasmiy pozitsiyasi, dedi gazetaga Jo Bayden ma’muriyatining ismini oshkor etmagan yuqori martabali amaldori.

The Washington Post gazetasining Oq uydagi manbasiga tayanib yozishicha, Jo Bayden 21 dekabr kuni Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda tinchlik muzokaralari uchun mumkin bo‘lgan shartlar mavzusini ko‘targan, ammo bu «muhokama mutlaqo nazariy bo‘lgan», chunki « Rossiya muzokaralardan manfaatdor ekanligidan dalolat beradigan hech narsa yo‘q». «Ruslar yangi kuchlarni to‘ldirish, qayta to‘plash va tayyorlash uchun o‘t ochishni to‘xtatishni xohlayapti», dedi gazetaga Nyu-York xalqaro aloqalar kengashining Yevropa bo‘yicha eksperti Liana Fiks. Uning fikricha, Rossiya shunchaki vaqtdan yutmoqchi.

Nashrning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga tanklar va uzoq masofali raketalar yetkazib berishga hali tayyor emas. Bayden Zelenskiy bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida NATO birligini hamda Shimoliy Atlantika alyansi va Rossiya o‘rtasida urush boshlanishini xavf ostiga qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Vashington Ukrainaga yaqin vaqtgacha imkonsiz deb hisoblangan Patriot havo mudofaa tizimlarini taqdim etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid