Jahon | 09:00
1495
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning ommaviy hujumi: Kiyevda 4, Xarkivda 5 kishi halok bo‘ldi

Rossiya qo‘shinlari 15 iyun kuni tungi soatlarda Ukraina poytaxti Kiyev va mamlakatning boshqa hududlariga keng ko‘lamli raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi. Hujumlar oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan. Shuningdek, YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Kiyev-Pechersk lavrasi hududida ham yong‘in yuzaga kelgan.

Foto: AP

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko ma’lum qilishicha, hujum natijasida lavra hududida kuchli yong‘in chiqqan. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in majmuaning asosiy ibodatgohi hisoblangan Uspenskiy sobori tom qismida yuzaga kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda tarixiy majmua hududini qoplagan alanga va tutunlarni ko‘rish mumkin. Hozircha mazkur hududda jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar vaqtida Kiyevning bir nechta tumanlarida turar joy binolariga zarba tekkan. Jumladan, Pechersk tumanida besh qavatli, Solomensk tumanida to‘qqiz qavatli uy zararlangan. Obolon tumanida esa turar joy binolaridan biri qisman qulab tushgan.

Shevchenko tumanida bozor, oziq-ovqat do‘koni va boshqa fuqarolik infratuzilmasi obektlariga ham zarar yetgani xabar qilinmoqda. Shuningdek, 25 qavatli turar joy binosiga ham zarba berilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevda kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 23 nafardan ortiq odam turli darajada jarohat olgan. Hujum natijasida elektr uzatish tarmoqlari ham shikastlangan. Buning oqibatida poytaxtning shimoliy qismida 140 mingdan ziyod abonent elektr ta’minotisiz qolgan.

Kiyev-Pechersk lavrasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon bir necha bor zarar ko‘rgan. 2026 yil yanvar oyida ham majmua hududi hujumga uchrab, uzoq g‘orlarga olib boruvchi galereya jiddiy shikastlangan edi.

YuNeSKO 2023 yildayoq Kiyevdagi Sofiya sobori va Kiyev-Pechersk lavrasini Rossiya hujumlari sabab xavf ostidagi Butunjahon merosi obektlari qatoriga kiritgan. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri mamlakat bo‘ylab 1600 ga yaqin madaniy meros obekti zararlangan yoki vayron qilingan.

Rossiyaning tungi hujumlari Xarkiv shahrini ham chetlab o‘tmadi. Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning bildirishicha, avvalgi zarba oqibatida chiqqan yong‘inni bartaraf etayotgan qutqaruvchilar joyiga takroriy hujum uyushtirilgan. Natijada besh nafar qutqaruvchi halok bo‘lgan, yana kamida besh kishi jarohat olgan.

Ukraina rasmiylari hujumlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etayotganini bildirmoqda. Qurbonlar soni ortishi mumkinligi istisno qilinmayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid