O‘zbekiston | 08:41 / 23.12.2022
7185
2 daqiqa o‘qiladi

BMT O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha tashabbusini olqishladi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh kotibining siyosiy va tinchlik o‘rnatish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Uchrashuvda BMT bosh kotibi o‘rinbosariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 13 oktabr kuni Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha VI sammitda ilgari surilgan BMT shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish bo‘yicha tashabbus mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Rozmari DiKarlo O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha keng kelishuvga erishish va global miqyosda amaliy choralar ko‘rishga qaratilgan tashabbusini olqishladi. U O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida mazkur muhim tashabbusni faol ilgari surish, yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirish konseptual va huquqiy asoslarini imkon qadar tezroq shakllantirish bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyorligi tasdiqlandi.

Rozmari DiKarlo O‘zbekiston tashabbusining amalga oshirilishi Afg‘onistonda inson huquqlarini himoya qilish, inklyuziv hukumatni shakllantirish va boshqa sohalarda xalqaro hamjamiyatning talablari ro‘yobga chiqishiga yordam berishiga umid bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid