Jamiyat | 22:10 / 24.12.2022
29052
2 daqiqa o‘qiladi

14 yoshli o‘smir vahshiylarcha kaltaklandi

Qashqadaryoda 14 yoshli bola ayovsiz kaltaklangani aytilmoqda. Yaqinlarining ma’lum qilishicha, bir guruh erkaklar A.A.ning bosh qismiga ketmondasta bilan ayovsiz urishgan. Natijada u yuzi, ko‘zi va bosh qismiga shikast yetib hushsiz holatga kelgan.

Foto: Videodan kadr

Voqea 17 dekabr kuni Koson tumani Guliston mahallasidagi dala maydonida sodir etilgan. Bir necha kun o‘tib bolaning jarohatlangani tasvirlangan lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi.

Voqeaning guvohi bo‘lgan ayolning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni uch nafar shaxs bolani urayotgan bo‘lgan. Ulardan birining qo‘lida belkurak, birining qo‘lida katta kaltak bo‘lgan. Ular bolani o‘ldi deb o‘ylab jarga uloqtirishadi va voqea joyidan qochishadi.

Ayol hodisa haqida odamlarga xabar beradi. A.A. og‘ir ahvolda shifoxonaga keltirildi. Uni jonlantirish bo‘limiga yotqizishadi. Shifokorning tashxisiga ko‘ra bemor olib kelinganda qo‘shma shikastlanish: yopiq kalla miya shikastlanishi, bosh miya lat yeyishi, burun suyagining ochiq maydalanib sinib siljishi, burun, yuqori lab, lunj, pastki lab va o‘ng quloq suprasi sohasida ezilish, pastki lab ichki sohasida ezilgan jarohat, travmatik og‘ir holatda bo‘lgan.

Gumon qilingan shaxslar tergovga jalb qilingan. Holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati IIB rasmiy ma’lumot berib, Koson tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish), hozirda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Ammo bolaning ahvoli unga yengil emas, og‘ir tan jarohat yetkazilganini ko‘rsatib turibdi.

Mavzuga oid