23:45 / 26.12.2022
16303

«Shimoliy oqim» gaz quvurini ta’mirlash xarajatlari ma’lum bo‘ldi 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, portlatib yuborilgan gaz quvurini ta’mirlash xarajatlari 500 million dollardan boshlanadi. 

Foto: Reuters

Shikastlangan «Shimoliy oqim» gaz quvurini ta’mirlashning taxminiy qiymati 500 million dollardan boshlanadi, deb yozdi The New York Times.  

Quvurga xizmat ko‘rsatuvchi Nord Stream AG kompaniyasi sentabr oyida portlatilgan quvurni ta’mirlash xarajatlarini hisoblab chiqmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ta’mirlash kamida 500 million dollarga tushadi. 

Bu ish bilan shug‘ullanuvchi maslahatchilar portlashdan zarar ko‘rgan quvurlar sho‘r dengiz suvi ta’siriga qancha vaqt bardosh bera olishini ham o‘rganmoqda. 

Avvalroq Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak «Shimoliy oqim» tizimini tiklash imkoniyatlari topilishini aytgan edi. «Bunday baxtsiz hodisalar hech qachon bo‘lmagan. Albatta, infratuzilmani tiklash uchun texnik imkoniyatlar mavjud, buning uchun vaqt va tegishli mablag‘ kerak», — dedi Novak oktyabr oyida. 

«Gazprom» ham yechimlarni izlay boshlaganini e’lon qildi. «Hozirda muddatlarni taxmin qilishning iloji yo‘q. Ishonch bilan ayta olamizki, bu juda qiyin texnik vazifa», degan edi kompaniya vakili. 

«Shimoliy oqim 1» va «Shimoliy oqim 2» quvurlari Boltiq dengizi tubi bo‘ylab Rossiyadan Germaniyagacha yotqizilgan. Ularning har biri ikki liniyadan iborat bo‘lib, yiliga 55 milliard kub metr gazni yetkazish uchun mo‘ljallangan. Birinchisi bo‘yicha gaz yetkazib berish 2011 yilda boshlangan, ikkinchisi esa hech qachon ishga tushirilmagan.  

Sentyabr oyi oxirida to‘rtta «Shimoliy oqim» liniyasidan uchtasi portlash oqibatida shikastlandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin diversiyada «anglo-saksonlar»ni aybladi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bu ayblovlarni «absurd» deb atadi. 

NATO quvurlar «qasddan sodir qilingan qo‘poruvchilik harakati» oqibatida shikastlanganini ma’lum qildi. Shvetsiya xavfsizlik xizmati dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, quvurlarga zarar yetkazishning ehtimoliy sababi portlash deb atadi. Ammo avariya bo‘yicha dastlabki tergov natijalarini Rossiya bilan baham ko‘rishdan bosh tortdi. 21 dekabr kuni diplomatik va razvedka xizmatlari vakillaridan intervyu olgan The Washington Post nashri G‘arb rasmiylari qo‘poruvchilik ortida Rossiya turganiga oid dalil topa olmagani haqida yozgan edi. 

Mavzuga oid
Top