Germaniya bosh prokurori Yyens Rommel Ukraina fuqarosi Sergey K.ga nisbatan «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim–2» gaz quvurlaridagi portlashlar yuzasidan rasmiy ayblov qo‘ydi. Bu haqda ARD telekanali, shuningdek, Süddeutsche Zeitung va Die Zeit nashrlari xabar qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sergey K. fuqarolik energetika infratuzilmasiga hujum uyushtirishda ayblanmoqda. Germaniya prokuraturasi bu harakatni xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat deb baholagan. Shuningdek, unga portlovchi moddalardan foydalanib diversiya sodir etish va muhandislik inshootini vayron qilish ayblari ham qo‘yilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Sergey K. diversantlar guruhiga rahbarlik qilgan hamda 2022 yilda portlash sodir etilgan joyga portlovchi moddalarni yetkazishda foydalanilgan deb hisoblanayotgan Andromeda yelkanli yaxtasini boshqargan.

Germaniya Federal jinoyat politsiyasi va Federal politsiyasi xodimlari ushbu yaxtada o‘tkazilgan ekspertiza vaqtida harbiy maqsadlarda qo‘llanadigan geksogen va oktogen portlovchi moddalari aralashmasining izlarini aniqlagan.

Ish bo‘yicha dastlab jami yetti nafar gumonlanuvchi tekshirilgan. Ulardan biri tergov jarayoni davomida Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan.

Sergey K. 2025 yil yozida Italiyada ta’til paytida qo‘lga olingan. Hozirda u Germaniyaning Hamburg shahridagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

ARD, Süddeutsche Zeitung va Die Zeit ma’lumotlariga ko‘ra, tergovchilar to‘plagan dalillar ayblovni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarlicha kuchli hisoblanmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Sergey K. Italiyada hibsda bo‘lgan vaqtda qarindoshlariga qilgan telefon qo‘ng‘irog‘ida gaz quvurlari portlatilishiga aloqadorligi haqida gapirgan. Shuningdek, uning mobil telefonidan ham qator ayblov dalillari topilgan.

Germaniya Federal sud palatasi ma’lumotiga ko‘ra, Sergey K. Ukraina Qurolli kuchlarining elita bo‘linmalaridan birida ofitser lavozimida xizmat qilgan. Sudning 2025 yil dekabrdagi xulosasida diversiya ehtimol katta darajada xorijiy davlat buyurtmasi bilan maxsus xizmatlar operatsiyasi sifatida amalga oshirilgani qayd etilgan. Hujjatda operatsiya uchun mas’uliyat Kiyevdagi davlat idoralari zimmasiga yuklatilgan.

2022 yil sentabr oyi oxirida Boltiq dengizida Rossiyadan Germaniyaga tortib kelingan «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim–2» gaz quvurlarining to‘rt tarmog‘idan uchtasi portlatilgan edi. O‘sha vaqtda ular orqali gaz yetkazib berilmayotgan bo‘lgan. «Shimoliy oqim» Rossiya tomonidan portlashlardan oldin to‘xtatilgan, «Shimoliy oqim–2» esa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan umuman ishga tushirilmagan.