Jahon | 18:53 / 30.12.2022
20241
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti O‘zbekiston bilan umumiy chegara o‘rnatilganini e’lon qildi

Qirg‘iziston va O‘zbekiston umumiy chegara o‘rnatish va barcha chegaraviy kelishmovchiliklarni hal qilishga kelishib oldilar. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.

Foto: AP

«Kecha biz qo‘shni O‘zbekiston bilan chegara masalasiga nuqta qo‘ydik», - dedi u.

Japarovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston Toshkent bilan kelishilgan holda chegara hududlaridagi qirg‘iz qishloqlarini suv bilan ta’minlash majburiyatini oladi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston rahbari biror hujjat imzolangan yoki imzolanmaganiga aniqlik kiritmagan.

U mamlakatda Andijon suv omborining O‘zbekistonga berilishiga qarshi bo‘layotgan noroziliklarga shaxsiy maqsadlarini ko‘zlagan kuchlar turtki berganini ta’kidladi. «Ularning asosiy maqsadi amalga oshmadi, chunki odamlar muammo qanday hal qilinayotganini to‘liq tushunishdi», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston bosh vaziri Oqilbek Japarov uning mamlakati O‘zbekiston bilan chegaradagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qilgandi.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasining uzunligi 1300 km dan ortiq. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin uning chizig‘i bo‘ylab bir necha o‘nlab bahsli qismlar shakllandi. Qariyb 30 yil davomida Bishkek va Toshkent chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish borasida kelisha olmadi. Tomonlar 2017 yilning kuzida jarayonni faollashtirishga muvaffaq bo‘lishdi, 2022 yil boshida 50 ga yaqin bahsli uchastkalar mavjud bo‘lgan so‘nggi 230 km chegara hududi qolgan edi. Kuzda ikki davlat parlamentlari chegara masalalarini hal etish bo‘yicha kelishuvlarni ratifikatsiya qilgan edi.

Mavzuga oid