Iqtisodiyot | 13:08 / 03.01.2023
35248
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oxirgi uch yillikdagi eng baland inflatsiya qayd etildi

O‘zbekistonda 2022 yil davomida bazaviy inflatsiya 12,3 foiz deya qayd etildi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari 15,6 foizga, nooziq-ovqatlar 10,7 foizga, xizmatlar narxi 8,4 foizga qimmatlagan. Hukumat narxlarning o‘sishi keyingi yili ham 12 foiz atrofida bo‘ladi deb hisoblamoqda.

Foto: AP

O‘zbekistonda 2022 yil davomida iste’mol sektoridagi narxlarning o‘sish sur’ati 12,3 foizga yetdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Taqqoslash uchun, qo‘mita 2021 yilgi rasmiy inflatsiyani 9,98 foizga, 2020 yilda esa 11,1 foizga baholagandi.

Statqo‘m 2022 yil dekabr oyidagi inflatsiya 1,2 foiz bo‘lganini qayd etgan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, dekabrdagi rasmiy oylik inflatsiya – 2016 yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichga tushgan.

Dekabrda oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘rtacha 1,7 foizga oshgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga, xizmatlar 1,1 foizga qimmatlashgan.

Oy davomida piyoz 9,9 foiz, tuxum 5,2 foiz, sabzi 3,7 foiz, kartoshka 2,4 foiz, sut 2,4 foizga qimmatlagan. Ijara narxdarining o‘sishi 0,5 foiz bo‘lgani qayd etilgan.

Yil davomida esa oziq-ovqatlar narxi 15,6 foizga, nooziq-ovqatlar narxi 10,7 foizga, xizmatlar narxi 8,4 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil uchun davlat budjeti qonunida ham inflatsiya 12 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Hukumat 2024 yilgi inflatsiyani 9,5 foiz deb taxmin qilmoqda.

Mavzuga oid